add

Omonatlar pastlamoqda, kreditlar esa o‘zgarishsiz: mustahkamlangan so‘mning bozorga ta’siri

Bugun 11:552835 daqiqa

So‘m mustahkamlangach, omonatlar foizi tushib bormoqda, ammo kreditlar arzonlashmayapti. Bank bozorida foizlar nega bir-biriga zid tarzda harakatlanayotgani ayrim savollarni uyg‘otmoqda.

Omonatlar pastlamoqda, kreditlar esa o‘zgarishsiz: mustahkamlangan so‘mning bozorga ta’siri

Markaziy bank ikki oylik tanaffusdan so‘ng e’lon qilgan ko‘rsatkichlar omonatlar va kreditlar bo‘yicha stavkalarning bir-biriga teskari yo‘nalishda o‘zgarayotganini ko‘rsatdi. Qizig‘i shundaki, so‘mdagi omonatlar foizi tez sur’atda tushayotgan bir paytda so‘mdagi kreditlar qariyb o‘zgarishsiz qolmoqda, valyutadagi kreditlar esa aksincha ko‘tarilmoqda.

Kredit stavkalari nega pasaymayapti? — bank marjasi balandligicha qolmoqda

So‘mdagi kreditlarning o‘rtacha stavkasi 23,3 foizni tashkil etdi va bir oyda bor-yo‘g‘i 0,1 foiz bandga tushdi. Jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlarda biroz pasayish (−0,6 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, korporativ segmentda aksincha, o‘sish (+0,3 foiz) qayd etildi.

Bu quyidagi omillar bilan bog‘liq:

  • banklar foiz marjasini yuqori darajada saqlab turishga intilamoqda;

  • korporativ kreditlar bo‘yicha xavf omillari oshgan;

  • bozor raqobati yetarli darajada shakllanmagan.

Iqtisodchi ekspertlardan birining Vaqt.uzʼga izohlashicha, banklar ushbu ehtimoliy o‘zgarishga oldindan moslasha boshlagan bo‘lishi mumkin. Odatda, bu avval kredit stavkalarida, keyin esa omonat stavkalarida namoyon bo‘ladi.


So‘mdagi omonatlar sezilarli tushdi: banklar likvidligi yetarlimi?

omonat 11

Manba: Markaziy bank

Oktyabr oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, so‘mdagi depozitlarning o‘rtacha stavkasi 19 foizga (−0,3 foiz) tushgan. Bunda aholi omonatlari bo‘yicha stavka 20,9 foizni tashkil etgan — bu 2023 yil mayidan buyon kuzatilgan eng past ko‘rsatkichdir. Korporativ depozitlar stavkasi esa 17,1 foiz darajasida o‘zgarishsiz qolgan.

«Bunday pasayishning asosiy sababi — bank tizimidagi likvidlikning ortishi. Ortiqcha likvidlikning paydo bo‘lishi bankning depozit jalb qilish qaroriga salbiy ta’sir qiladi hamda bu stavkalarni pasaytirgan bo‘lishi mumkin. Masalan, yuqori likvid aktivlar darajasi sentabr oxirida 18 foizga yetgan», — deb izoh berdi iqtisodchi.

Bundan tashqari, Markaziy bank avgust oyidan boshlab qisqa muddatli foiz stavkasida obligatsiyalardan faol foydalanishni boshladi. Bu ham monetar siyosat transmissiyasini oshirishi orqali stavkalarga ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lishi mumkin.

omonat 12

Manba: Markaziy bank

So‘mdagi depozitlar stavkasiga e’tibor bersak, asosiy pasayish bir yildan uzoq muddatli depozitlarda yuz bermoqda. Bu esa monetar inflyatsiyaning sekinlashishi fonida agentlar, ya’ni bank va mijozlar kutilmalari yaxshilanyotgani bilan izohlanishi mumkin.

Iqtisodchiga ko‘ra, bank inflyatsion kutilmalarni pasaytirar ekan, uzoq muddatli omonatlar bo‘yicha stavkalarni ham pasaytirishni boshlaydi.


So‘m mustaxkamlanishi valyutadagi kreditlar stavkasini oshirgan

omonat 13

Manba: Markaziy bank

Global bozorlarda foizlar tushayotganiga qaramay, so‘nggi oylarda so‘mning sezilarli mustahkamlanishi tufayli valyutada kreditlar afzalligi paydo bo‘ldi va natijada kredit stavkalari ko‘tarilmoqda. Natijada xorijiy valyutadagi kreditlarning o‘rtacha stavkasi 10,4 foizga ko‘tarildi. Bir yildan ortiq muddatli kreditlarda o‘sish 0,5 foiz bandni tashkil etmoqda.

Shu bilan birga, banklar uchun ham valyutada kredit ajratish afzallik kasb etmoqda. Bu kredit bozorining valuta dinamikasiga sezgirligidan dalolat beradi.

omonat 14

Manba: Markaziy bank


Valyutadagi depozitlar stavkalari so‘mdagiga nisbatan pastlamayapti

Valyutadagi depozitlar stavkasi so‘mdagi omonatlardan farqli ravishda pasaymagan. Oktyabr yakuniga ko‘ra, o‘rtacha stavka 5,1 foiz darajasida qolgan. Bunda valyutadagi omonatlar stavkasi 5,2 foizgacha (+0,1 foiz) ko‘tarilgan bo‘lsa, korporativ depozitlar stavkasi 4,9 foizni (−0,2 foiz) tashkil etgan.

valuta depozitlari o‘smasligi banklarning majburiyat boshqaruviga bosim kuchaytirishi mumkin.

Iqtisodchi ekspertning qayd etishicha, jismoniy shaxslar tomonidan xorijiy valyutadagi depozitlar hajmi oxirgi oylarda qisqargan yoki deyarli o‘smayotgan. Aholi orasida milliy valyutaga bo‘lgan ishonchning o‘sishi tufayli omonatlarning asosiy qismi aynan so‘mda saqlanayotgani kuzatiladi.

Bunga qo‘shimcha ravishda, banklarning o‘z balanslarida hanuz yuqori darajadagi xorijiy valyutadagi majburiyatlar mavjud. Shu bois banklar ushbu majburiyatlarni muvozanatli ushlab turish va valuta likvidligida muammo kelib chiqmasligi uchun valuta depozitlari bo‘yicha stavkalarni oshirishga majbur bo‘lishi mumkin. Bu ehtimoliy holat, banklar tomonidan ko‘rilayotgan ehtiyot chorasi sifatida baholanadi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, bu ma’lumotlar bir oy oldingi byulletendan olingan bo‘lsa-da, umumiy bozor tendensiyasi bilan to‘liq mos keladi va xulosalarga ta’sir qilmaydi.

Bank bozoridagi foiz stavkalari hozirda mutlaqo bir xil yo‘nalishda emas, balki turli omillar ta’sirida zid yo‘nalishlarda shakllanmoqda. So‘mdagi depozitlar likvidlikning ortishi va inflyatsion kutilmalarning pasayishi sabab tez tushmoqda, so‘mdagi kreditlar esa xavf darajasi va past raqobat tufayli qimmatligicha qolmoqda. valuta segmentida esa so‘m mustahkamlanishi ortidan kreditlar o‘smoqda, depozitlar esa banklarning valuta majburiyatlarini boshqarishi tufayli o‘zgarmasdan qolmoqda. Umuman olganda, bu jarayonlar banklar uchun qulay muhit yaratsa-da, aholi va biznes uchun kredit resurslarining arzonlashishiga xizmat qilmayapti. Agar raqobat kuchaytirilmasa va pul-kredit siyosatidagi signallar qat’iylashmasa, stavkalardagi bu nomutanosiblik yaqin muddatda ham saqlanib qolishi mumkin.

So‘mning mustahkamlanishi qanday kechmoqda?

omonat 15

Infografika: @mirkonomika

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning tahlil qilinishicha, may oyidan beri so‘m tanlab olingan ko‘plab valuta jamoalari orasida eng tez mustahkamlanayotgan valyutalardan biriga aylangan. Yanvar–may oylarida kurs deyarli o‘zgarmagan, katta tebranish kuzatilmagan. So‘mning tez mustahkamlanishi aynan may oyidan so‘ng boshlangan. Shu bilan birga, maydan beri so‘mning kunlik tebranishlari ham kuchaygan. Maydan buyon so‘m dollar kursining nisbatiga ko‘ra 8,7 foiz mustahkamlangan.

Taqqoslash uchun: shu davrda rubl dollarga nisbatan 3,7 foiz mustahkamlangan bo‘lsa, Qozog‘iston tengesi 1,2 foiz qadrsizlangan. Shveysariya franki (2,2 foiz) va yevro (2 foiz) dollarga nisbatan mustahkamlangan, funt (1,3 foiz) va yapon iyenasi (8,6 foiz) esa qadrsizlangan.

So‘mning yil davomida tarixiy mustahkamlanishi noaniqliklar fonida dollar indeksining pasayishi, oltin narxining yuqori o‘sishi (yil boshiga nisbatan 58 foiz), eksport tushumlarining oshgani (10 oyda oltin eksporti 10 mlrd dollarga yetgan), investitsiyalar oqimining sezilarli ko‘payishi (yarim yillikda 6,5 mlrd dollar, 53 foiz o‘sish), pul o‘tkazmalarining kutilganidan yuqori bo‘lishi kabi omillar bilan izohlanadi. Xususan, pul o‘tkazmalari 10 oyda 15,8 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga o‘sgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, so‘m dollarga nisbatan oktabrda 6,4 foizga mustahkamlangani xabar qilingan edi. Sentyabrda esa bu ko‘rsatkich 3–4 foizni tashkil etgan.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 15

Barchasi

Mavzuga oid