add

O‘zbekiston mutaxassislari AQSHdagi aerokosmik loyihalarda ishtirok etadi

O‘zbekiston va AQSHdagi Vast kompaniyasi bilan kosmik texnologiyalar sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston mutaxassislari AQSHdagi aerokosmik loyihalarda ishtirok etadi

Prezidentning AQSHga tashrifi doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQSHning yetakchi aerokosmik kompaniyalaridan biri, Vast korporatsiyasi vitse-prezidenti Rich Leshner bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekistonda kosmik fan va texnologiyalarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish hamda mamlakatning kosmik sohadagi inson salohiyatini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Vazir Sherzod Shermatov fan va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh tadqiqotchilar uchun imkoniyatlar yaratish hamda O‘zbekistonning xalqaro kosmik dasturlarda faol ishtirokini ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

Tomonlar Vast kompaniyasi bilan uzoq muddatli ilmiy va texnologik hamkorlik istiqbollarini belgilab oldilar. Unga ko‘ra, qo‘shma tadqiqotlar, mutaxassislar almashinuvi dasturlari hamda o‘zbekistonlik muhandislarni Haven-1 orbital stansiyasi sinovidan keyingi missiyalarda ishtirok ettirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Haven-2 loyihasi doirasida sun’iy gravitatsiya, hayotni qo‘llab-quvvatlash tizimlari va orbital me’morchilik bo‘yicha tadqiqotlarda o‘zbekistonlik olim va muhandislarning ishtirokini kengaytirish masalasi ko‘rib chiqildi.

Ta’lim, kadrlar tayyorlash va qo‘shma laboratoriyalar yaratish sohalarida qo‘shimcha tashabbuslar ilgari surildi. Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston mutaxassislarining xalqaro kosmik dasturlar va orbital texnologiyalar loyihalaridagi ishtirokiga oid anglashuv memorandumini imzoladilar.

Ma’lumot uchun, Vast — AQSHning xususiy aerokosmik kompaniyasi bo‘lib, dunyodagi ilk tijoriy kosmik stansiyani qurish loyihasi bilan shug‘ullanmoqda. Uning Haven-1 stansiyasi kelgusida ko‘p modulli Haven-2 tizimining asosini tashkil qiladi.

Avvalroq Vaqt.uz so‘nggi 5 yillikdagi kelishuvlar, savdo tarkibi va iqtisodiy aloqalariga oid ma’lumotlarni jamlagan edi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston mutaxassislari AQSHdagi aerokosmik loyihalarda ishtirok etadi | Vaqt.uz