add

O‘zbekistonda to‘laqonli islomiy bank faoliyat ko‘rsatish mumkin. Deputatlar tegishli qonun loyihasini ma’qulladi

17.09.2025 | 08:2043337

Qonun qabul qilinsa islomiy banklar orqali foizsiz uy-joy kreditlari, sheriklikka asoslangan investitsiyalar, islomiy sug‘urta (takaful) kabi xizmatlar taklif etiladi.

O‘zbekistonda to‘laqonli islomiy bank faoliyat ko‘rsatish mumkin. Deputatlar tegishli qonun loyihasini ma’qulladi

O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya joriy etiladi. Bu haqda kecha, 16 sentyabr kungi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ko‘rib chiqilgan O‘zbekistonda islom bankini joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasida keltirilgan.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyevning ma’lum qilishicha, islom moliyasi o‘ziga xos tamoyillar asosida quriladi: qo‘shimcha mukofot evaziga ma’lum muddatga qarzga pul berish, Islom dinida ruxsat etilmagan faoliyatni moliyalashtirish, shuningdek, shartnomalarda haddan tashqari noaniqlikka yo‘l qo‘yish taqiqlanadi. Ushbu taqiqlarga rioya qilish doimiy nazorat ostida bo‘lishi kerak. Shu munosabat bilan o‘z faoliyatida islomiy moliya standartlariga muvofiqligini ta’minlash maqsadida islomiy banklarda zarur bilim va tajribaga ega mutaxassislardan tashkil topgan islomiy moliya kengashi, islomiy moliya bo‘limi va islomiy moliya auditi faoliyatini yo‘lga qo‘yish kerak.

Unga ko‘ra, islomiy moliyada savdo va hamkorlikni moliyalashtirish asosiy usullar hisoblanadi. Biroq, «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasiga muvofiq, banklarga to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo faoliyati bilan shug‘ullanish, yuridik shaxslar tashkil etish yoki ularning ustav kapitalida ishtirok etish taqiqlanadi, bu esa cheklovlarni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, Soliq kodeksiga muvofiq, tovarlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma QQS solish ob’ekti sifatida e’tirof etiladi. Bu esa, savdo orqali amalga oshiriladigan islomiy moliyaviy xizmatlarning an’anaviy moliyaviy xizmatlarga nisbatan qimmatroq bo‘lishiga olib keladi.

«Islomiy bankni to‘liq joriy etish nafaqat qonunchilikdagi cheklovlarni olib tashlashga, balki institutsional asoslarni yaratishga qaratilgan kompleks yondashuvni talab qiladi. Shu jihatdan Soliq va Fuqarolik kodekslariga, shuningdek, 8 ta qonunga xalqaro tajribadan kelib chiqib o‘zgartirishlar kiritish talab etilyapti.

Qonun loyihasida keltirilishicha, asosiy islomiy moliyaviy operatsiyalar: murobaha, mudoraba, mushoraka, vakala, salam aniqlanadi. Islomiy faoliyatni amalga oshiruvchi banklarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo faoliyati bilan shug‘ullanishga, yuridik shaxslar tashkil etishga va kompaniyalarning ustav kapitalidagi ulushlarni cheklovlarsiz sotib olishga ruxsat berish taklif etilmoqda.

«Markaziy bankda va banklarda islomiy moliya kengashi tashkil etilishi, ularning vazifa va funksiyalari belgilanmoqda. Markaziy bankka kredit tashkilotlari uchun islomiy moliya standartlarini tasdiqlash, banklarning islomiy moliya kengashiga va uning a’zolarini baholashga doir talablarni belgilash vakolati berilmoqda», — dedi Turdaliyev.

Shuningdek, qonun loyihasi bilan O‘zbekistonda islomiy moliya operatsiyalari uchun maxsus soliq rejimi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Uning fikricha, ushbu hujjatning qabul qilinishi O‘zbekistonda islom bank ishini xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshirish uchun zarur huquqiy asos yaratadi.

«Bu, o‘z navbatida, aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga islomiy moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi islomiy banklar, islomiy „darchalar“ va islomiy mikromoliyaviy tashkilotlarni tashkil etish imkonini beradi. Natijada muqobil moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengayadi, shuningdek, biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi vositalari joriy etiladi», dedi Turdaliyev.

Deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda bir ovozdan ma’qulladilar. Endi uni ikkinchi va uchinchi o‘qishga kiritish va Senatga ko‘rib chiqish uchun yuborish kerak.

BMT Taraqqiyot dasturi so‘rovnomasiga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining 68 foizi, biznes vakillarining esa 60 foizi diniy e’tiqodi sabab an’anaviy bank xizmatidan foydalanishni xohlamaydi.

Teglar

Mavzuga oid