O‘zbekistonda yoshlar kattalarga qaraganda kreditni ko‘proq kechiktirib to‘laydi
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda qarz oluvchilar yoshi ortib borishi bilan kreditni kechiktirish ehtimoli pasayib boradi.

Markaziy bank Kreditlarni qaytarishni kechiktirishning xulq-atvor va iqtisodiy omillari haqida tadqiqot o‘tkazdi.
Unda 2025 yil 1-dekabr holati bo‘yicha mamlakatdagi aholining kreditlari tahlil qilingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, jismoniy shaxslarda 217 trln so‘mdan oshiq kredit bor. Bunda shartnomalar soni 8,5 mln donadan oshsa, 5 mln nafarga yaqin o‘zbekistonlik bankda qarz olgan.
Tahlillar kredit to‘lovlarini kechiktirish darajasi — kechikkan kreditlar sonining jami kreditlar soniga nisbati yosh va jins kesimida ancha farq qilishini ko‘rsatmoqda.

Qarz oluvchilar yoshi ortib borishi bilan kreditni kechiktirish ehtimoli shunchalik pasayib boradi. Ayollarda ham kreditni kechiktirish ehtimoli erkaklarga qaraganda pastroq.
Kredit to‘lovlarini kechiktirishning eng yuqori ko‘rsatkichlari erkaklar orasida 20-25 yosh (22,8 foiz) va 25-30 yosh (20,9 foiz) guruhlarida qayd etilgan. Ayollar orasida eng yuqori ko‘rsatkich 20-25 yosh (13,3 foiz) guruhida kuzatilgan.
Regulyator ta’kidlashicha, yosh guruhlaridagi bu tendensiya daromadning o‘zgaruvchanligi, kredit tajribasining yetishmasligi va xulq atvor omillari bilan izohlanadi.
30 yoshdan boshlab to‘lovlarni kechiktirish darajasi pasayib boradi. 35-50 yosh orasida o‘rtacha kechiktirish darajasi 14,8-15,5 foiz atrofida barqarorlashadi. 55 yoshdan yuqori guruhlarda esa bu ko‘rsatkich 12,5-13,2 foiz darajasigacha pasayadi.
O‘zbekistonliklarning kredit ko‘rsatkichlari qanday?
2025 yilda O‘zbekiston aholisi banklardan 156,9 trln so‘mlik kredit oldi. O‘tgan yili aholi orasida kredit olish sezilarli oshgan — 49,9 foizga. Taqqoslash uchun 2024 yilda o‘sish atiga 4,4 foizni tashkil qilgandi.
Yil davomida banklar tomonidan ajratilgan kreditlarning deyarli yarmi (45,8 foiz) mikroqarzlar bo‘ldi. Aholi 71,8 trln so‘mlik mikroqarz oldi va bu 2024 yilga nisbatan 56,7 foizga oshdi.
Ikkinchi o‘rindan YTT va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun ajratiladigan mikrokreditlar joy oldi — 28,5 trln so‘m (+63,5 foiz).
Keyingi o‘rinlarda iste’mol kreditlari (23,2 trln so‘m), avtokredit (21,6 trln so‘m) va ipoteka krediti (21,2 trln so‘m) bormoqda.





