O‘zbekistonda «YouTube» monetizatsiyasi, shaxmatchilarga 200 ming dollar mukofot va Andijondagi 2 milliardlik loyihalar — 23-sentabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Xalqaro shaxmat musobaqalari g‘oliblarini rag‘batlantirish miqdorlari keskin oshirildi
Prezidentning yangi qarori (PQ–346-son) bilan nufuzli xalqaro shaxmat musobaqalarida g‘olib bo‘lgan o‘zbekistonlik sportchilar hamda ularning murabbiylariga beriladigan bir martalik pul mukofotlari dollar hisobida keskin oshirildi.
Jumladan, kattalar o‘rtasidagi Butunjahon shaxmat olimpiadasi va paralimpiadasida oltin medal olganlarga 200 ming, kumush uchun 100 ming, bronzaga esa 50 ming dollar (ularning trenerlariga mos ravishda 50, 25 va 12,5 ming dollar) to‘lanadi. Yoshlar o‘rtasidagi olimpiada sovrindorlari esa natijasiga qarab 5 mingdan 20 ming dollargacha (ustozlari 1,25 mingdan 5 minggacha) mukofot oladi.
O‘zbekistonda «YouTube» monetizatsiyasi ishga tushirilishi mumkin
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva «Google» vitse-prezidenti Karan Bhatiya bilan uchrashuvda O‘zbekistonda «YouTube» monetizatsiyasini ishga tushirish masalasini muhokama qildi.
Mirziyoyevaga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash va raqamli to‘lovlar sohasidagi qonunchilik takomillashtirilgan. Buning natijasida O‘zbekistonda xalqaro to‘lov tizimlaridan erkin foydalanish uchun keng yo‘l ochilmoqda.
Shaxmat olimpiadasiga bag‘ishlab oltin va kumush tangalar chiqariladi
O‘zbekiston Markaziy banki Samarqand shahrida o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga bag‘ishlab nominal qiymati 100 ming so‘m bo‘lgan oltin va kumush esdalik tangalarini muomalaga chiqaradi. Ushbu tangalar «Ikki tanga — bir Registon» konsepsiyasi asosida yaratilgan bo‘lib, ular yonma-yon qo‘yilganda Tillakori madrasasi va Registon maydoni peshtoqining yaxlit tasviri hosil bo‘ladi.
Dastlabki bosqichda 31,1 gramm og‘irlikka ega (999,9 probali) 100 dona oltin va 500 dona kumush tanga chiqarilishi rejalashtirilgan. Tangalarning revers qismida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) logotipi joylashgan bo‘lib, ularni 24-sentabrdan boshlab tijorat banklari hamda ularning filiallari orqali xarid qilish mumkin. Tiraj bozor talabiga ko‘ra keyinchalik oshirilishi kutilmoqda.
Andijonda 2 mlrd dollarlik loyihalar ishga tushirildi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi doirasida umumiy qiymati 9,4 milliard dollar bo‘lgan 206 ta investitsiya loyihasini qamrab olgan marosim bo‘lib o‘tdi.
Unga ko‘ra, qiymati qariyb 2 milliard dollarlik loyihalar ishga tushirilib, 7,35 milliard dollarlik 108 ta yangi inshoot qurilishiga start berildi. Mazkur loyihalar viloyatning barcha 16 ta shahar va tumanida amalga oshirilib, energetika, qurilish, mashinasozlik, to‘qimachilik, ta’lim, turizm va sog‘liqni saqlash kabi ko‘plab muhim sohalarni qamrab oladi.





