Oziq-ovqat narxlari 18 foizga qimmatlaydi: Jahon banki yangi iqtisodiy prognozni e’lon qildi
Yaqin Sharqdagi mojaro, neft ta’minotidagi uzilishlar va don tashishdagi qiyinchiliklar jahon bozorida energiya, oziq-ovqat hamda metallar narxiga bosim o‘tkazmoqda.

Jahon bankining 28-oktabrda e’lon qilingan prognoziga ko‘ra, 2026 yilda jahondagi xomashyo tovarlari narxlari umumiy hisobda 23 foizga oshishi mumkin. Energiya resurslari narxi 32 foiz, metallar narxi 25 foiz, qimmatbaho metallar narxi esa 40 foiz o‘sishi kutilmoqda.
Tashkilot bu prognozni Yaqin Sharqdagi mojaro, neft zaxiralarining qisqarishi, Qora dengiz orqali don tashishdagi uzilishlar va ob-havo bilan bog‘liq xavflar bilan izohladi. Hisobotda narxlar o‘sishi inflatsiyani kuchaytirishi, oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solishi va iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi qayd etilgan.
Neft narxi bir barrel uchun 91 dollarga yetishi mumkin
Jahon banki prognoziga ko‘ra, 2026 yilda energiya resurslari narxi o‘rtacha 32 foizga o‘sadi. Bu oldingi uch yil davomida kuzatilgan pasayishdan keyingi o‘zgarish bo‘lib, energiya narxlarini 2022 yildan beri eng yuqori darajaga olib chiqishi mumkin.
Xususan, «Brent» markali neft narxining 2026 yilda bir barrel uchun o‘rtacha 91 dollarni tashkil etishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 69 dollar bo‘lgan. 2027 yilda esa neft narxi bir barrel uchun o‘rtacha 79 dollargacha pasayishi prognoz qilingan.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilda jahon neft taklifi 5,2 foizga qisqarishi mumkin. Bu 2020 yildagi global iqtisodiy inqirozdan tashqari, so‘nggi 40 yildan ziyod vaqt ichidagi eng katta pasayish bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birga, neft iste’moli 2,5 foizga kamayishi prognoz qilingan. Bu 2020 va 1980 yillardan keyingi eng yirik yillik qisqarishlardan biri bo‘ladi.
Oziq-ovqat tovarlari ikki yilda 18 foiz qimmatlashishi mumkin
Jahon banki 2026 yilda oziq-ovqat tovarlari narxi taxminan 10 foizga, 2027 yilda esa yana 7 foizga o‘sishini kutmoqda. Ikki yillik umumiy o‘sish qariyb 18 foizni tashkil etishi mumkin.
Tashkilot bu prognozga bir nechta omil ta’sir qilayotganini qayd etgan. Ular orasida Qora dengizdagi harbiy harakatlar tufayli don yuklarini tashishdagi uzilishlar, kuchli «El-Nino» ob-havo hodisasi xavfi, shuningdek, yoqilg‘i va o‘g‘it narxlarining oshishi bor. Ushbu omillar qishloq xo‘jaligi xarajatlarini ko‘paytirishi va hosil yetishtirishga ta’sir qilishi mumkin.
O‘g‘itlar narxi 2026 yilda 14 foizga oshishi prognoz qilingan. Jahon banki yil boshida karbamid narxining keskin ko‘tarilganini, keyinchalik esa bu o‘sish biroz yumshaganini ham qayd etgan. 2027 yilda o‘g‘itlar narxi 2025 yildagi darajaga qaytishi kutilmoqda.
Metallar narxi 25 foiz, qimmatbaho metallar esa 40 foiz o‘sishi mumkin
Jahon banki 2026 yilda metallar narxi 25 foizga ko‘tarilishini kutmoqda.
Hisobotda bu o‘sish qayta tiklanuvchi energetika, elektromobillar va ma’lumotlar markazlariga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar hisobiga metallarga talab ortishi hamda ayrim ta’minot cheklovlari bilan izohlangan. 2027 yilda esa metallar narxi 3 foizga pasayishi kutilmoqda.
Qimmatbaho metallar narxi 2026 yilda 40 foizga o‘sishi mumkin. Jahon banki buni geosiyosiy va siyosiy noaniqlik sharoitida investorlarning oltin kabi nisbatan xavfsiz aktivlarga talabini oshirishi bilan bog‘lagan. 2027 yilda bu toifadagi metallar narxining o‘sishi yumshashi prognoz qilingan. Biroq ularning narxi 2015–2019 yillardagi o‘rtacha darajadan uch baravardan ko‘proq yuqori bo‘lib qolishi kutilmoqda.
2027 yilda narxlar pasayishi mumkin, ammo xavflar saqlanib qoladi
Jahon banki umumiy xomashyo tovarlari narxi 2026 yilda 23 foizga oshishini, 2027 yilda esa 7 foizga pasayishini kutmoqda. Biroq tashkilot ushbu prognozni amalga oshishi mumkin bo‘lgan xavflardan alohida ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidlagan.
Agar Yaqin Sharqdagi mojaro yanada kuchaysa, Rossiya neft infratuzilmasiga yetkazilgan zararlar davom etsa, Qora dengiz orqali don tashish yanada buzilsa va «El-Ninyo» hosilga kuchli ta’sir ko‘rsatsa, narxlar bazaviy prognozdan ham yuqori bo‘lishi mumkin.
«Jahon banki»ning salbiy ssenariysida «Brent» neftining 2027 yildagi o‘rtacha narxi bir barrel uchun 105 dollarga yetishi, oziq-ovqat tovarlari narxi esa bazaviy prognozdan 12 foiz yuqori bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda oziq-ovqat tovarlari narxi 2022 yildagi darajadan ham oshib ketishi ehtimoli bor.


