Logo

Pensiya stajini 15 yilga, ijtimoiy badalni 4,5 baravarga oshirish taklifi Olmazordagi o‘pirilish bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi va O‘zbekistonning farovonlik reytingidagi o‘rni — 3-avgust dayjesti

Kecha 22:433 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Pensiya stajini 15 yilga, ijtimoiy badalni 4,5 baravarga oshirish taklifi Olmazordagi o‘pirilish bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi va O‘zbekistonning farovonlik reytingidagi o‘rni — 3-avgust dayjesti

O‘zbekistondagi xususiy bog‘chalarda narxlar qanday?

O‘zbekistonda 38 mingdan ortiq bog‘cha faoliyat yuritadi, shundan 28,7 mingtasi xususiy. Davlat bog‘chalari hamyonbopligi bilan ajralib tursa, xususiy muassasalar ingliz tili, robototexnika, sport va boshqa qo‘shimcha dasturlari bilan ota-onalarni jalb qilmoqda. Vaqt.uz tahliliga ko‘ra, Toshkentdagi xususiy bog‘chalarda oylik to‘lovlar 3,5 million so‘mdan 14,9 million сўмгача yetadi.

Eng qimmat bog‘cha — Invento bo‘lib, oylik to‘lovi 14,9 mln so‘m, qo‘shimcha ravishda 6 mln so‘mlik kirish badali ham talab qilinadi. CIS International School va Oxbridge International School kabi xalqaro bog‘chalarda ta’lim asosan ingliz tilida olib boriladi. Mutaxassislar esa maktabgacha ta’limning asosiy vazifasi erta yoshda murakkab fanlarni o‘qitish emas, balki bolaning ijtimoiy, emotsional va aqliy rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratish ekanini ta’kidlamoqda. Batafsil Vaqt.uz'ning mazkur  tahlilida tanishiningiz mumkin.

O‘zbekiston farovonlik bo‘yicha jahon reytingida 94-o‘rinni egalladi

Legatum Prosperity Index 2026 reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston 161 davlat orasida 94-o‘rinni egalladi. Markaziy Osiyoda Qozog‘iston (66) va Qirg‘izistondan (87) keyingi o‘rinda qayd etildi. Mamlakatning eng yaxshi ko‘rsatkichi mahalliy jamoalardagi ijtimoiy aloqalar bo‘yicha (19-o‘rin), ta’lim sohasida esa 37-o‘rin bo‘ldi.

Eng past natija iqtisodiy erkinlik (136-o‘rin) va fikrni erkin bildirish imkoniyati (131-o‘rin) bo‘yicha qayd etildi. Davlat boshqaruvi samaradorligida O‘zbekiston 77-o‘rinni, fuqaroviy tinchlik va xavfsizlik bo‘yicha esa 105-o‘rinni egalladi.

Olmazordagi hodisa bo‘yicha jinoyat ishi ochildi

Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Orzu massivida qurilish kotlovani o‘pirilishi ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, qurilishga mas’ul MCHJ mansabdorlarining harakatlarida mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish hamda vakolatni suiiste’mol qilish alomatlari aniqlangan. Hodisa oqibatida bir kishi jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Eslatib o‘tamiz, voqea 2-avgust kuni sodir bo‘lgan. Unda asfaltning bir qismi o‘pirilib, katta bo‘shliq hosil bo‘lgan, elektr kabeli shikastlanishi oqibatida yong‘in chiqqan va hudud bir muddat elektr ta’minotisiz qolgan edi. Hozirda ish yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Pensiya uchun minimal sug‘urta stajini 15 yilgacha oshirish taklif qilindi

Fiskal tahlillar instituti pensiya tizimini moliyaviy barqarorlashtirish bo‘yicha bir qator takliflarni ilgari surdi. Ularga ko‘ra, pensiya olish uchun minimal sug‘urta stajini bosqichma-bosqich 7 yildan 15 yilgacha oshirish yoki pensiya miqdorini so‘nggi 20 yillik rasmiy daromad asosida hisoblash tizimiga o‘tish taklif qilinmoqda.

Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, bu o‘zgarishlar rasmiy bandlikni kengaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, sug‘urta badallari to‘lanmaydigan davrlar uchun pensiya xarajatlarini Pensiya jamg‘armasi emas, davlat budjeti hisobidan moliyalashtirish taklif etildi.

O‘zini o‘zi band qilganlar uchun ijtimoiy badalni 4,5 baravarga oshirish taklif qilindi

Fiskal tahlillar instituti o‘zini o‘zi band qilganlar uchun ixtiyoriy ijtimoiy badalni qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi. Unga ko‘ra, to‘lovlar BHM emas, MHTEK asosida hisoblanib, oyiga 163,2 ming so‘m, yiliga esa qariyb 2 mln so‘mni tashkil etishi mumkin. Bu amaldagi 440 ming so‘mlik yillik badaldan qariyb 4,5 baravar ko‘p.

Taklifga ko‘ra, yangi tartib bosqichma-bosqich joriy etiladi: dastlab oylik to‘lov 50 ming so‘m atrofida belgilanib, keyinchalik 163,2 ming so‘mgacha oshiriladi. Hozircha bu tashabbus muhokama bosqichida bo‘lib, yakuniy qaror qabul qilinmagan.

Teglar

Mavzuga oid