Logo

Prezident Yangi Toshkentga qancha investitsiya kiritilganini ma’lum qildi

Yangi shahar uchun jami 20 ming gektar yer ajratilgan. 2 yil avval bu yerda bir gektarning o‘rtacha qiymati 10 milliard so‘mga yetmagan bo‘lsa, hozirda 19 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.

Prezident Yangi Toshkentga qancha investitsiya kiritilganini ma’lum qildi © Prezident matbuot xizmati

12-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investorlar va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Prezidentga ko‘ra, uch yil avval boshlangan loyiha doirasida Yangi Toshkentga hozirgacha 2 mlrd dollardan ortiq investitsiya kiritilgan. Davlat infratuzilma, stadion, universitet va kutubxona kabi obyektlarga mablag‘ yo‘naltirmoqda.

Biroq xususiy sektorni qurilishga jalb qilish sur’atlari mavjud imkoniyatlarga mos emasligi qayd etildi.

Yangi shahar uchun jami 20 ming gektar yer ajratilgan. Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda 50 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Yangi aeroport bilan birga hududning investitsiya salohiyatini 200 mlrd dollargacha yetkazish mumkin.

Yer qimmatlashmoqda, loyihalar kechikmoqda

Hozir ming gektardan ortiq maydonda asosan davlat mablag‘lari hisobidan qurilish olib borilmoqda.

Tadbirkorlarga esa atigi 94 gektar yer ajratilgan. Shu bilan birga, ajratilgan yerlarning uchdan ikki qismi uy-joy loyihalariga to‘g‘ri kelmoqda.

«Yangi Toshkent faqat yangi uy-joy quriladigan hudud emas», — dedi Prezident. U shahar zamonaviy biznes, ta’lim, tibbiyot, turizm va xizmat ko‘rsatishni jalb etadigan mustaqil iqtisodiy markazga aylanishi kerakligini ta’kidladi.

Investorlarga berilgan 28 ta lotda faol qurilish boshlanmagan. Davlat rahbari buni sarmoyadorlarda mablag‘ yoki xohish yo‘qligi bilan izohlash to‘g‘ri emasligini aytdi. Eskicha talablar, cho‘ziladigan ruxsat jarayonlari va ayrim idoralarning nazoratchi sifatida ish tutishi loyihalarga to‘siq bo‘layotgani qayd etildi.

«Investor esa kutmaydi. U ko‘mak va kafolat sezmasa, mablag‘ini boshqa bozorga yo‘naltiradi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bir gektar yerning o‘rtacha qiymati 2024 yilda 10 mlrd so‘mga yetmagan bo‘lsa, hozir 19 mlrd so‘mga chiqqan.

Shaharning yangi iqtisodiy markazi

Yil oxirigacha Yangi Toshkentda 20 ming xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu kamida 70 ming kishi uchun yangi yashash muhitini yaratishni anglatadi. Prezident uy-joylar bilan bir vaqtda dam olish, sport, savdo, ta’lim va tibbiyot xizmatlarini ham rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

Yangi shaharda FIFA talablariga javob beradigan 55 ming o‘rinli stadion qurilmoqda. U kelasi yil 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatining asosiy arenalaridan biri bo‘ladi. Tadbirkorlar uchun mehmonxona, kafe, restoran va ko‘ngilochar maskanlarga bo‘lgan ehtiyojni aniq hisoblash vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, vazirlik va idoralarning Yangi Toshkentga ko‘chishini jadallashtirish topshirildi. Hozir davlat tashkilotlari xodimlari uchun 9 ta bino qurilmoqda. Bu choralar shaharning nafaqat turar joy, balki ishbilarmonlik markazi sifatida shakllanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid