add

Putin tinchlik, Ukraina va yangi harbiy operatsiyalar haqida: jonli efirdagi asosiy bayonotlar

Bugun 08:287418 daqiqa

RF prezidenti Vladimir Putin to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda yangi harbiy operatsiyalar ehtimoli, tinchlik muzokaralari, Ukrainadagi saylovlar, Yevropadagi aktivlar va mamlakat iqtisodi haqida savollarga javob berdi.

Putin tinchlik, Ukraina va yangi harbiy operatsiyalar haqida: jonli efirdagi asosiy bayonotlar

Ukraina haqida

TV boshlovchisi Berezovskaya Rossiya prezidentiga kelib tushgan savollarning asosiy qismi Ukrainadagi mojaroga oid ekanini ma’lum qildi. «Bu urush davom etadimi yoki tinchlik bo‘ladi?» — deb so‘radi u Putindan.

«Biz ushbu mojaroni tinch yo‘l bilan yakunlashga tayyormiz va xohlaymiz. Buni men o‘tgan yil iyun oyida Rossiya Tashqi ishlar vazirligida bayon qilgan prinsiplar asosida amalga oshirish mumkin. Shuningdek, bu mojaroga olib kelgan asosiy sabablar bartaraf etilishi kerak», — deb javob berdi Putin.

Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Kursk oblasti Ukraina Qurolli kuchlaridan ozod etilgandan so‘ng, strategik tashabbus «to‘liq va butunlay» Rossiya armiyasi qo‘liga o‘tgan. «Bu degani, bizning qo‘shinlar to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab hujumga o‘tmoqda», — dedi u.

Putinning ta’kidlashicha, Donetsk Xalq Respublikasidagi Severskni egallash Ukraina Qurolli kuchlarining asosiy mustahkamlangan hududlaridan biri — Slovyanskka yo‘l ochadi. Uning aytishicha, bundan tashqari, Rossiya Qurolli kuchlari nazoratida Krasniy Limanning 50 foizi, Konstantinivkaning 50 foizidan ko‘prog‘i, Mirnogradning 50 foizi bor. Shuningdek, Rossiya armiyasi Zaporijjya oblastidagi Gulyaypole shahriga ham kirgan.

Putinning ma’lum qilishicha, ayni paytda Ukrainadagi janglarda 700 ming nafar kishi ishtirok etmoqda.

Rossiya prezidenti Ukrainada tashqi boshqaruv joriy etish g‘oyasini gipotetik deb atadi. Biroq uning ta’kidlashicha, «korrupsiya bilan bog‘liq fosh etishlar sharoitida» va G‘arb mamlakatlari xohishi mavjud bo‘lganda, bu g‘oya ustida «o‘ylab ko‘rish mumkin».

Putinning ta’kidlashicha, Ukrainada xohish bo‘lsa, saylovlarni Rossiyada bo‘lgani kabi o‘tkazish mumkin edi.

«Agar ular saylovlarni faqat Rossiya qo‘shinlarining hujumini to‘xtatish uchungina foydalanmoqchi bo‘lsa, bu noto‘g‘ri qaror», — dedi u. «Biz saylovlarni xavfsiz o‘tkazish haqida o‘ylab ko‘rishga tayyormiz, hech bo‘lmaganda ovoz berish kunida ichkari hududlarga zarba bermaslik masalasini ko‘rib chiqishimiz mumkin», dedi u.

Shu bilan birga, Putin ta’kidladiki, Moskva Ukrainadagi saylovlarni tashkil etuvchilardan Rossiya hududida yashovchi ukrainaliklarga ovoz berish imkoniyatini ta’minlashni talab qilishga haqli.

 

Rossiyaning yangi harbiy operatsiyalari haqida

Rossiya prezidentining ta’kidlashicha, agar G‘arb Rossiyaga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lsa, u holda «yangi maxsus harbiy operatsiyalar» bo‘lmaydi.

«Agar bizni aldamasanglar. NATOning Sharqqa kengayishi masalasida biz bilan kelishilgan edi. «Bir dyuymga ham siljish bo‘lmaydi», deb aytilgan. Bu — to‘g‘ridan to‘g‘ri iqtibos. Keyin nima bo‘ldi keyin? Xalq tili bilan aytganda, bizni «devor ushlatishdi». Qurolsizlantirishga oid manfaatlarimizni inkor etishdi», — dedi u.

RF prezidenti fikriga ko‘ra, G‘arb siyosatchilari bugungi vaziyatni «o‘z qo‘llari bilan» yuzaga keltirishgan va holatni kuchaytirishda davom etmoqda. Xususan, ular Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida muntazam bayonot berib kelishmoqda.

«Xo‘sh, biz Yevropaga hujum qilmoqchimizmi? Bu qanday ahmoqlik? Demak, bular ichki siyosiy hisob-kitoblar asosida qilinyapti. Bu dushman obrazini yaratish uchun qilinyapti. G‘arb hukumatlari bir necha yillar davomida iqtisodiyot va ijtimoiy siyosat sohasida ketma-ket qilgan xatolarini yashirish uchun ushbu uslub qo‘llanilmoqda», — dedi Rossiya rahbari.

Putinning ta’kidlashicha, Moskva Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va AQSH bilan hamkorlik qilishga tayyor, ammo «teng asosda» ishlash kerak.

«Agar oxir-oqibat shunday bo‘lsa, hamma yutadi, — dedi u. — Biz tabiiy ravishda bir-birimizni to‘ldiramiz. Biz birgalikda ishlaymiz va rivojlanamiz. Agar shunday bo‘lmasa, Yevropa asta-sekinlik bilan yo‘qolib ketadi».

 

Trampning tinchlik rejasi va NATO haqida

Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi mojaroni yakunlash uchun «jiddiy harakatlar qilmoqda» va buni «sidqidildan» amalga oshirmoqda.

Putinga ko‘ra, Rossiya tomoniga «ma’lum bir murosalarga borish» iltimosi bilan murojaat qilingan, bunday qarorlar oson emas, lekin Moskva rozi bo‘lgan. «Biz biror narsani rad etyapmiz, deb aytish mutlaqo noto‘g‘ri va hech qanday asosga ega emas, — dedi u. — To‘p to‘liq va butunlay g‘arbdagi raqiblarimizning tomonida».

Rossiya rahbarining Moskva «kelgusi yil tinchlik sharoitida, harbiy mojarolarsiz o‘tishini juda xohlashi»ni ta’kidladi.

Rossiya va NATO hamkorligi haqidagi savolga javoban Putin alyans va’da qilgancha kengaymasligini ta’minlamayotganini aytib o‘tdi.

«Bizda NATO bilan hamkorlik bo‘lgan. Hatto bir vaqtlar sovet ittifoqi, keyin esa Rossiya Federatsiyasining NATOga to‘g‘ridan to‘g‘ri a’zo bo‘lishi masalasi ko‘tarilgan. Lekin biz har ikkala holatda ham shunga amin bo‘ldikki, u yerda bizga joy yo‘q. NATO kengaymasligi bo‘yicha berilgan va’dalar bajarilmadi, yana aldashdi. Bir necha marta kengayish bo‘ldi», — dedi u.

Putin NATO Bosh kotibi Mark Ryutteni «aqlli, tizimli va samarali inson» deb baholar ekan, uning Rossiyaga qarshi urushga tayyorgarligi fonida professionalligidan shubhalandi.

«E’tibor beringlar, AQSH — NATOdagi asosiy ishtirokchi. AQSH — NATOni yaratgan, bosh homiysi. Barcha asosiy mablag‘lar, harbiy texnologiyalar, qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar aynan shu yerdan keladi», — dedi u. «NATOning yangi milliy xavfsizlik strategiyasida Rossiya dushman sifatida ko‘rsatilmagan, lekin bosh kotib bizning bilan urushga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu nima degani?» — dedi Putin.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Kaliningrad oblastini bloklash kabi harakatlar keng ko‘lamli qurolli to‘qnashuvga olib kelishi mumkin.

«Agar shunday tahdidlar yuzaga kelsa, biz ularni yo‘q qilamiz. Hamma bundan boxabar bo‘lishi va tushunishi kerak: bu kabi harakatlar bungacha kuzatilmagan darajadagi keskinlashuvga olib keladi. To‘qnashuv yangi bosqichga chiqadi va keng ko‘lamli qurolli urushga aylanadi», — dedi u.

Putin, shuningdek, Rossiya neftini tashuvchi tankerlarga qilingan hujumlarga nisbatan ham javob bo‘lishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, bu hujumlar «amaliy maqsad» — sug‘urta to‘lovlarini oshirishga qaratilgan. Bu yetkazib berish shartnomalariga to‘sqinlik qilmasa-da, qo‘shimcha xavf soladi.

 

Yevropa va Rossiya aktivlari haqida

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Yevropa Ittifoqi yetakchilari sammitida qabul qilingan qaror — Ukraina uchun Rossiya aktivlarini ishlatmaslik haqida izoh berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa bu mablag‘larni musodara qilishga urinmoqda, bu esa «talonchilik» bo‘lib, «talonchilar» uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

«O‘g‘irlik — bu mulkni maxfiy tarzda egallash. Ular esa ochiqchasiga shunday qilishmoqchi. Bu — talonchilik. Nega bundan natija chiqmayapti? Chunki oqibatlar talonchilar uchun juda og‘ir bo‘lishi mumkin. Bu nimada ifodalanadi? Birinchidan, bunday qilish oson emas. Ular shunchaki tortib olamiz demayapti, balki taklif qilinayotgan g‘oyalardan biri — ushbu aktivlar kafolatida kredit ajratish. Lekin kredit — bu budjet uchun oqibatlar, davlat qarzi ortishi demakdir», — dedi Putin.

Putinning fikricha, bunday harakatlar Yevropa Ittifoqi uchun quyidagi xatarlarni keltirib chiqaradi:

  • yevrohududga nisbatan ishonchni izdan chiqaradi;

  • zamonaviy moliyaviy tartibning asoslariga bevosita zarba beradi;

  • to‘g‘ridan to‘g‘ri iqtisodiy yo‘qotishlar yuzaga keltiradi.

«Ular nimani o‘g‘irlamasin, qanday qilib o‘g‘irlamasin, bir kuni qaytarishga to‘g‘ri keladi», — dedi Putin.

U Rossiya o‘z manfaatlarini, eng avvalo, sud orqali himoya qilishini ta’kidladi. «Biz siyosiy qarorlar ta’siridan xoli bo‘lgan yurisdiksiyani topishga urinamiz», — dedi u.

Putin 17-dekabr kuni Mudofaa vazirligi hay’ati yig‘ilishida aytgan «yevropalik cho‘chqalar» (yevropeyskiye podsvinki) iborasiga ham izoh berdi. Uning ta’kidlashicha, bu «noaniq shaxslar guruhi»ga nisbatan aytilgan.

«Bu so‘z o‘zaro suhbatda o‘zi chiqib ketdi. Men hech kimni alohida nazarda tutmaganman. Men umuman shaxsiyga o‘tmayman va bunday narsalarga yo‘l qo‘ymayman. Men umumiy, noaniq shaxslar guruhini nazarda tutganman, yuristlar aytganidek», — dedi u.

Rossiya iqtisodiyoti haqida

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yil yakunlari bo‘yicha mamlakat yalpi ichki mahsuloti 1 foizga o‘sadi, so‘nggi uch yillikda esa bu o‘sish 9,7 foizni tashkil etadi.

Putin bu o‘sish sur’atlarini hukumat va Markaziy bank tomonidan amalga oshirilayotgan «ongli harakatlar» — xususan, inflatsiya darajasini targetlash siyosati bilan bog‘ladi. Uning ta’kidlashicha, 2025 yil oxirigacha inflatsiya 5,7 foiz atrofida bo‘ladi.

«Iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sekinlashuvi — bu iqtisodiyot sifati va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni saqlab qolish uchun ongli ravishda qilingan qadam», — dedi Putin.

Shu bilan birga, u real ish haqi (inflyatsiyani hisobga olgan holda) 2025 yil yakuniga kelib 4,5 foizga o‘sishini, ishlab chiqarishdagi mehnat unumdorligi esa 1,1 foizga oshishini bildirdi. Putinning ta’kidlashicha, unumdorlik o‘sishini kuchaytirish kerak.

Federal budjet kamomadi 2,6 foizni tashkil etmoqda, ammo kelasi yilda u 1,6 foizga tushirilishi rejalashtirilgan. «Bu yaxshi ko‘rsatkich. Qolaversa, davlat qarzi ham ancha past darajada saqlanmoqda — rivojlangan iqtisodiyotlar orasida eng past ko‘rsatkichlardan biri. U taxminan 7,7 foizni tashkil qiladi», — dedi u.

Putinning ta’kidlashicha, hukumat bu davrda «katta ishlar amalga oshirdi» va byudjetni muvozanatlashtirishga erishdi. Bu muvozanatlashtirish sifati 2021 yil darajasiga teng. «Bu shunday ma’noni beradiki, aholiga bo‘lgan ijtimoiy majburiyatlar to‘liq ado etilishi ta’minlanadi», — dedi u.

Soliq islohotlaridan kutilayotgan moliyaviy samara va kelgusida bu yukni yengillashtirish bo‘yicha savolga javoban, Putin shunday dedi: «Soliqlar oshirilganda, bu qog‘ozda emas, balki byudjetning haqiqiy daromadlarida aks etishi lozim. Bu abadiy bo‘ladimi? Albatta, yo‘q. Yakundagi maqsad — kelajakda soliq yukini kamaytirish. Hukumat shu yo‘nalishda ish olib bormoqda. Men ham aynan shuni kutayapman».

Shuningdek, Putin Rossiya Markaziy bankining asosiy stavkasi 16 foizga tushirilishi haqida ham fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Markaziy bank doimiy bosim ostida tursa-da, u barcha ta’sirlardan himoya qilinadi va mas’uliyat bilan ish yuritmoqda.

Prezident Rossiya Moliya vazirligining utilizatsiya yig‘imini oshirish qarorini ham izohladi. Uning ta’kidlashicha, bu yig‘imning maqsadi — mahalliy avtomobilsozlik sohasini texnologik rivojlantirish uchun qo‘shimcha mablag‘ yetishtirishdir. «Umid qilamanki, bu chora ham doimiy bo‘lmaydi. Fuqarolarimizning tanlov imkoniyatlari tiklanadi — bu yo daromadlar o‘sishi hisobiga, yoki soliq yuki kamayishi hisobiga ro‘y beradi», — dedi u.

 

Messenjerlar va Rossiyada raqamli rivojlanish haqida

Putinning ta’kidlashicha, mamlakat dunyoda AQSH va Xitoy bilan bir qatorda raqamli suverenitetga erishgan uchta davlatdan biri hisoblanadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim mashhur xorijiy messenjerlar bloklanishi yoki ishi sekinlashtirilishidagi asosiy muammo shundakiki, bu platformalarning davlatlaridagi siyosiy rahbariyat Rossiya qonunlariga rioya qilishga imkon bermay, muayyan cheklovlar qo‘ygan.

«Raqobat har doim kerak. Men ishonamanki, raqobat albatta bo‘ladi. Bizda milliy Max platformasi orqali fuqarolarimizga bir qator xizmatlarni ko‘rsatish imkoni paydo bo‘ldi. Ilgari ushbu xizmatlar turli sabablar, jumladan, xavfsizlik nuqtayi nazaridan, xorijiy platformalarda amalga oshirilmas edi», — dedi Putin.

Dronlar tomonidan amalga oshirilayotgan hujumlar natijasida ayrim hududlarda mobil internet faoliyati cheklanishi masalasiga to‘xtalar ekan, prezident ikki yo‘lni taklif qildi: birinchisi — mahalliy dasturiy ta’minotga o‘tish, ikkinchisi — Rossiyada ishlayotgan xorijiy ishlab chiqaruvchilar imkoniyatlaridan foydalanish.

Bundan tashqari, Putin «to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot»da qatnashgan rossiyalik fuqarolardan biri tomonidan yuborilgan bildiruvni to‘liq qo‘llab-quvvatladi. Unda shunday deyilgan edi: «Ukraina haqidagi ko‘rsatuvlardan charchadik. Balki endi o‘z muammolarimizni hal qilish va ularni yoritish vaqti kelgandir?». Prezident shunday javob berdi: «To‘liq qo‘shilaman. Tamomlash kerak». 

Teglar

Mavzuga oid

Putin tinchlik, Ukraina va yangi harbiy operatsiyalar haqida: jonli efirdagi asosiy bayonotlar | Vaqt.uz