Logo

Qo‘lga olingan sobiq energetika vaziri, «g‘o‘daygan va o‘zidan ketganlar»ni ogohlantirgan Saida Mirziyoyeva va tasdiqlangan keshbek — 31-iyul dayjesti

Kecha 22:553 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Qo‘lga olingan sobiq energetika vaziri, «g‘o‘daygan va o‘zidan ketganlar»ni ogohlantirgan Saida Mirziyoyeva va tasdiqlangan keshbek — 31-iyul dayjesti

«G‘o‘daygan, o‘zidan ketganlar bu ishni qiladi» — Saida Mirziyoyeva

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent shahri Mirobod tumanidagi «Lolazor» mahallasiga tashrif buyurib, mahalla ahli eggan daraxtlar kesib tashlangani va bolalar maydonchasi o‘rnida biznes markazi qurish rejalashtirilganini tanqid qildi.

Uning ta’kidlashicha, poytaxtda qurilishlar tufayli umumiy hovlilar, bolalar va sport maydonchalari yo‘q qilinishiga oid murojaatlar ko‘paygan.

«Odamlar dod deganicha bor – qurilishlar tufayli poytaxtdagi umumiy hovlilar, o‘yin va sport maydonchalari tag-tugi bilan yo‘q qilib yuborilyapti. Bosh prokuratura butun Toshkent shahri bo‘yicha bunday obyektlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazadi. Qurilish uchun berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligi, shaharsozlik me’yorlari va aholi huquqlariga qay darajada rioya qilinganini tekshirish shart. Agar qonunbuzarlik holatlari aniqlansa, mas’ul shaxslarga nisbatan murosasiz jazo choralari ko‘riladi, aybdorlar, kerak bo‘lsa, hatto ozodlikdan mahrum etiladi», - deya ta’kidladi Saida Mirziyoyeva.


Manba: Sobiq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov qo‘lga olingan

Vaqt.uz manbalariga ko‘ra, sobiq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 29-iyul kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan yashash manzilidan olib ketilgan. Hozircha unga qanday ayblov qo‘yilgani ma’lum emas, rasmiy idoralar esa bu holat yuzasidan izoh bermagan.

Eslatib o‘tamiz, Mirzamahmudov 27-iyul kuni prezident farmoni bilan energetika vaziri lavozimidan ozod etilgan, uning o‘rniga Sherzod Xodjayev tayinlangan edi. Mirzamahmudov 2022 yil sentabridan buyon mazkur lavozimda ishlab kelgan.

Kechikkan keshbek pullari bugun tasdiqlanadi, ertadan yechib olish mumkin — Soliq qo‘mitasi

25-iyul kuni tasdiqlanishi kerak bo‘lgan keshbek mablag‘lari ayrim foydalanuvchilar hisobida kechikkani yuzasidan Soliq qo‘mitasi izoh berdi. Qo‘mitaga ko‘ra, bu chek bergan ayrim tadbirkorlarning soliq hisobotidagi kamchiliklar yoki soliq qarzdorligi sabab yuzaga kelgan bo‘lib, keshbeklar qayta hisob-kitob qilish uchun yuborilgan.

Soliq qo‘mitasi matbuot kotibi Valeriya Salaxutdinovaning ma’lum qilishicha, kechikkan to‘lovlar bugun kun oxirigacha tasdiqlanadi. Ertadan esa fuqarolar ushbu mablag‘larni bank kartalariga o‘tkazib olishlari mumkin.

«Uztex Group» Chirchiqdagi «Zarofattex»ni qo‘shib olishga ruxsat oldi

Raqobat qo‘mitasi «Uztex Group»ning Chirchiqdagi «Zarofattex» kompaniyasini qo‘shib olishi bo‘yicha iqtisodiy konsentratsiya bitimini ma’qulladi. Qo‘mita o‘tkazgan tahlilga ko‘ra, mazkur bitim tovar bozorida raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

«Uztex Group» trikotaj kiyimlar, «Zarofattex» esa ip-kalava va tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaradi. Har ikki kompaniya Chirchiq shahrida ro‘yxatdan o‘tgan. Bu «Uztex Group» bilan bog‘liq so‘nggi yirik bitim bo‘lib, avvalroq kompaniya ta’sischisiga «Perfectum» brendi ostida ishlovchi «Rubicon Wireless Communication»ning 50 foiz ulushini sotib olishga ham ruxsat berilgan edi.

Zangiotadagi tergov hibsxonasida bir kishi uchun kuniga 120 ming so‘mdan ortiq pul sarflanadi

Zangiota tumanidagi Markaziy tergov hibsxonasida saqlanayotgan 3800 dan ortiq shaxsning har biri uchun davlat budjeti hisobidan kuniga 120 ming so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanadi. Bu mablag‘ uch mahal issiq ovqat, idish-tovoq, yotish joyi va boshqa zarur ehtiyojlarni qoplaydi, ammo kiyim-kechak berilmaydi.

Jazoni ijro etish departamenti ma’lumotiga ko‘ra, yangi tergov hibsxonasi 2018 yilda Zangiotada ishga tushirilgan. Avval xalq orasida «Toshturma» nomi bilan tanilgan Yunusoboddagi eski hibsxona esa sharoitlar talabga javob bermagani uchun buzib tashlangan.

Teglar

Mavzuga oid

Qo‘lga olingan sobiq energetika vaziri, «g‘o‘daygan va o‘zidan ketganlar»ni ogohlantirgan Saida Mirziyoyeva va tasdiqlangan keshbek — 31-iyul dayjesti | Vaqt.uz