
Qozog‘istonda dollar sotuvi to‘xtatilayotgani haqidagi mish-mishlar rad etildi
Bungacha Qozog‘istondagi ayrim ayirboshlash shoxobchalari o‘zlaridagi AQSH valutasi zaxiralarini birja kursi yaxshilanguniga qadar sotmay turishga qaror qilgani haqida ma’lumot tarqalgan edi.

Qozog‘iston ayirboshlash shoxobchalari uyushmasi internetda tarqalgan «ayrim shoxobchalar dollar sotishni to‘xtatdi», mazmunidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
KTK telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, kecha ertalabdan boshlab ayrim ayirboshlash shoxobchalari o‘zlaridagi AQSH valyutasi zaxiralarini birja kursi yaxshilanguniga qadar sotmay turishga qaror qilgani haqida ma’lumot tarqalgan. Uyushma prezidenti Archin Galimbayevning ta’kidlashicha, bu iddaolar faqat kichik shaharlardagi logistika muammolari ortidan paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
«Ayrim ayirboshlash shoxobchalari» haqidagi gaplar — ehtimol, chet el valyutasi zaxirasi jismonan yetarli bo‘lmagan kichik shaharlarda kuzatilgan holatdir. Agar masala Almati, Astana yoki Chimkent kabi yirik shaharlar haqida bo‘lsa, bu mish-mishlarni darhol inkor etaman. Naqd valuta likvidligi bo‘yicha hech qanday muammo hozir mavjud emas. Kimdir boshqa joyda nimadir aytayotgan bo‘lsa, bu shunchaki fitna, xolos», — degan Archin Galimbayev.
Galimbayev ayni vaqtda AQSH valyutasiga talab keskin oshganini tasdiqladi. Unga ko‘ra, 4-dekabr kuni mamlakat bo‘ylab dollar sotib olishga qiziqish g‘alati darajada ko‘paygan, ammo ayirboshlash shoxobchalari bu talabni to‘liq qondirishga muvaffaq bo‘lgan. Shu bilan birga, ba’zi fuqarolar qayd etgan uzilishlar texnik va logistika sabablaridan kelib chiqqan.
Mulozimga ko‘ra, agar ayrim ayirboshlash shoxobchalarida valuta bilan bog‘liq qisqa uzilish yuz bergan bo‘lsa, bu faqat logistika muammolari. Yarim soat yoki bir soat ichida bu taqchillik to‘liq bartaraf etilgan.
«Ayirboshlash shoxobchalari uchun bozordagi har qanday «harakat» foydali, lekin so‘nggi paytlarda aholi bunga oldingidek faol reaksiya bildirmayapti», — deya izoh berdi Galimbayev.





