Rekord darajada sotilgan uylar, elektr energiyasiga bog‘lanayotgan soliq va geografiyasi kengaygan pul o‘tkazmalar —17-mart dayjesti

Kecha 22:523 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Rekord darajada sotilgan uylar, elektr energiyasiga bog‘lanayotgan soliq va geografiyasi kengaygan pul o‘tkazmalar —17-mart dayjesti

Yirik miqdorda soliq qarzdorligiga ega bo‘lgan kompaniyalar nomi ma’lum qilindi

2026-yil 1-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda soliq qarzi 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan qurilish korxonalari soni 1880 tani tashkil etdi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, ularning umumiy qarzdorligi 3,2 trillion so‘mga yetgan bo‘lib, shundan 1,4 trillion so‘mi (44,8 foizi) atigi 10 ta yirik korxona hissasiga to‘g‘ri keladi. Hududlar kesimida eng yuqori qarzdorlik Toshkent shahrida — 1,1 trillion so‘m, keyingi o‘rinlarda Andijon viloyati (685,6 mlrd so‘m) va Toshkent viloyati (172,1 mlrd so‘m) qayd etilgan.

Eng katta qarzdorlar qatoridan «New Building Trade Servis» (360,6 mlrd so‘m), «Ko‘prikqurilish» (291,2 mlrd so‘m) va «Doni Big Group» (218,6 mlrd so‘m) joy olgan. Shuningdek, «Azia Invest Favorit», «Tash Building», «Tash Constructions House», «Yorqin Sadaf Fasli», «Ta’mirlash Qurish Servis», «Agro Asia Trade Servis» hamda «Grand Road Tashkent» kompaniyalari ham yirik qarzdorlar ro‘yxatiga kiritilgan.

O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 5 yil ichida uch baravarga oshdi

2025 yilda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari 18,9 milliard dollarni tashkil etib, 2020 yilga nisbatan qariyb uch baravarga oshdi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, o‘tkazmalarning asosiy qismi hanuz Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelmoqda — 2025 yilning yanvar–oktabr oylarida kelgan mablag‘larning 78 foizi yoki 12,3 milliard dollari aynan shu davlatdan yuborilgan. Shuningdek, Qozog‘istondan 903 million dollar va Turkiyadan 547 million dollar o‘tkazilgan.

Bir vaqtning o‘zida pul o‘tkazmalari geografiyasi kengaymoqda: Yevropa Ittifoqidan 563 million dollar (+37%), AQSHdan 665 million dollar, Janubiy Koreyadan 612 million dollar va Buyuk Britaniyadan 188 million dollar (+39%) yuborilgan. Mutaxassislar bu o‘sishni mehnat muhojirlariga talab saqlanib qolayotgani va xorijdagi iqtisodiy faollikning barqarorligi bilan izohlamoqda.

Naqdsiz to‘lovlarga o‘tish oldidan uylar savdosi rekord darajaga chiqdi

2026 yil fevral oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori faollashib, uy-joy oldi-sotdi bitimlari 29,7 mingtani tashkil etdi va yillik hisobda 32,4 foizga o‘sdi. Bitimlarning katta qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi, eng yuqori o‘sish esa Navoiy (53 foiz), Toshkent shahri (49 foiz) va Sirdaryo viloyatida (39 foiz) qayd etildi. Mutaxassislar bu faollikni 1-apreldan uy-joy savdolarining naqdsiz shaklga o‘tkazilishi bilan bog‘lamoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, oldi-sotdi hisob-kitoblari banklar orqali elektron tarzda amalga oshiriladi va notariuslar bitimni shu ma’lumotlar asosida tasdiqlaydi. Shu sababli aholi yangi qoidalar kuchga kirishidan oldin uy sotish yoki sotib olishni tezlashtirmoqda. Shu bilan birga, ikkilamchi bozorda narxlar yillik hisobda o‘rtacha 9 foizga oshgan, ayrim hududlarda esa o‘sish ancha yuqori bo‘lib qolmoqda.

Fevralda biznes faolligi sezilarli darajada jonlandi — ITIM

2026 yil fevral oyida O‘zbekistonda ishbilarmonlik faolligi indeksi 1124 birlikni tashkil etib, yanvarga nisbatan 12,4 foizga, o‘tgan yilga nisbatan esa 24,2 foizga oshdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga ko‘ra, bu o‘sish asosan bank operatsiyalari (22 foizga), birja savdolari (10,6 foizga) va tovar belgilari (9,4 foizga) ko‘payishi hisobiga ta’minlangan. Hududlar kesimida Andijon, Sirdaryo va Toshkentda yuqori o‘sish kuzatilgan.

Shuningdek, fevralda banklararo to‘lovlar soni 6,7 milliontadan oshib, 22 foizga ko‘paygan, birjada bitimlar soni esa 36,2 foizga o‘sgan. Oy davomida 4 079 ta yangi korxona tashkil etilgan va jami biznes subyektlari soni 508,5 mingtaga yetgan. Umuman olganda, ko‘rsatkichlar iqtisodiy faollik tiklanayotgani va biznes muhitida ijobiy dinamika saqlanayotganini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston Eronga insonparvarlik yordamini yubordi

O‘zbekiston 16-mart kuni Eron aholisi uchun insonparvarlik yordamini yubordi. Yordam tarkibiga un, guruch, shakar, makaron mahsulotlari, yog‘ va konservalar, shuningdek dori-darmonlar hamda tibbiy buyumlar kiritilgan. Yuk Eron hududiga yetkazilib, rasmiylar ishtirokida qabul qilingan.

Eron vakillari O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, bu yordamni ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikning amaliy ifodasi sifatida baholadi. Qayd etilishicha, bunday tashabbuslar mintaqada hamjihatlikni mustahkamlab, o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid