Rossiya–Ukraina urushi: to‘rt yillik qonli statistika
Bugun, 24-fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqini boshlanganiga to‘rt yil to‘ldi. Yevropada Ikkinchi jahon urushidan beri kuzatilmagan eng yirik qurolli mojaro millionlab insonlar taqdiriga ta’sir qildi, minglab harbiylar hayotiga zomin bo‘ldi.

2022 yil 24-fevralda Putin: «Donbass xalq respublikalari yordam so‘rab Rossiyaga murojaat qilishdi. Bizning rejalarimiz Ukrainani bosib olishni o‘z ichiga olmaydi», deya harbiy operatsiyalar boshlanganini e’lon qilgan kunga bugun 4 yil to‘ldi. Boshlangan janglar beshinchi yilga qadam qo‘yar ekan, urush yaqin vaqtlar ichida tugashi ma’lum emas.
Tramp ma’muriyati vositachiligida Moskva va Kiyev delegatsiyalari muzokaralar olib bormoqda. Ammo Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina yerlarining kelajagi va Ukrainaning urushdan keyingi xavfsizligi kabi asosiy kelishmovchiliklar hali ham sulh tuzilishiga to‘sqinlik qilib kelyapti.
Shu bilan birga, har ikki mamlakatning minglab askarlari jang maydonida halok bo‘ldi va ukrainalik tinch aholi Rossiya havo bosqinlaridan aziyat chekdi. Ukrainaning ko‘plab hududlari hujumlar sabab elektrsiz, qish kunlarida isitish tizimisiz qoldi. Urush tom ma’noda Ukraina uchun katta iqtisodiy inqirozga aylandi.
2022 yil 24-fevralda boshlangan urush talafotlariga raqamlar bo‘yicha nazar tashlaymiz.
Harbiy yo‘qotishlar
Vashingtondagi «Center for Strategic and International Studies» tahlil markazi ma’lumotlariga ko‘ra, har ikki tomonda halok bo‘lgan, yaralangan yoki bedarak yo‘qolgan harbiylar soni 1,8 milliongacha yetishi mumkin.
Markaz baholashicha, 2022 yil fevraldan 2025 yil dekabrigacha Rossiya 1,2 million yo‘qotishga uchragan, shundan 325 ming nafargacha harbiy halok bo‘lgan. Bu Ikkinchi jahon urushidan beri yirik davlat uchun eng katta harbiy yo‘qotish sifatida baholanmoqda.
Ukraina bo‘yicha harbiy yo‘qotishlar 500–600 ming atrofida ekani, shundan 140 ming nafargacha harbiy halok bo‘lgani qayd etilgan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa shu oy boshida 55 ming ukrainalik harbiy halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab askarlar bedarak yo‘qolgan.
Moskva esa 2023 yil yanvaridan beri rasmiy yo‘qotishlar haqida yangilangan ma’lumot bermagan.
Tinch aholi qurbonlari
BMTning «United Nations Human Rights Monitoring Mission in Ukraine» ma’lumotiga ko‘ra, bosqin boshlanganidan beri kamida 14 999 nafar tinch aholi halok bo‘lgan. 40 600 nafardan ortiq kishi yaralangan. Tashkilot bu raqamlar aslida bundan yuqori bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi.
Urush kamida 763 bola hayotiga zomin bo‘lgan. 2025 yil tinch aholi uchun eng og‘ir yil bo‘lib, 2 514 kishi halok bo‘lgan va 12 142 kishi yaralangan. Bu 2024 yilga nisbatan 31 foizga ko‘p.
Hududiy nazorat
«Institute for the Study of War» hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukraina hududining 19,4 foizi hozirda Rossiya nazoratida. So‘nggi bir yilda Rossiya atigi 0,79 foiz qo‘shimcha hududni egallagan.
Bosqindan oldin Rossiya Qrim va Donetsk hamda Lugansk viloyatlarining ayrim qismlari bilan birga Ukraina hududining qariyb 7 foizini nazorat qilgan.
Xalqaro yordam dinamikasi
Germaniyadagi «Kiel Institute for the World Economy» ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Kiyevga xorijiy harbiy yordam 2022–2024 yillar o‘rtacha ko‘rsatkichiga nisbatan 13 foizga kamaygan.
AQSH prezidenti Donald Tramp lavozimga kirishganidan so‘ng AQSH tomonidan moliyalashtirilgan qurol yetkazib berish to‘xtatilgan. Shu bilan birga, Yevropa davlatlari harbiy yordam hajmini 67 foizga oshirgan.
Xorijiy gumanitar va moliyaviy yordam esa o‘tgan yili avvalgi uch yil o‘rtacha ko‘rsatkichidan 5 foizga kamaygan.
Qochqinlar va tibbiy infratuzilma
BMT ma’lumotiga ko‘ra, 5,9 million ukrainalik mamlakatni tark etgan. Ularning 5,3 millioni Yevropada boshpana topgan. Yana 3,7 million kishi mamlakat ichida majburiy ko‘chirilgan. Urushdan oldin Ukraina aholisi 40 milliondan ortiq ed.
«World Health Organization» hisobotiga ko‘ra, bosqin boshlanganidan beri Ukrainada tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimiga ta’sir qilgan 2 881 ta hujum qayd etilgan. Shundan kamida 2 347 tasi sog‘liqni saqlash muassasalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba bo‘lgan.
O‘tgan yili bunday hujumlar soni 2024 yilga nisbatan qariyb 20 foizga oshgan. Bu esa urushning gumanitar oqibatlari hali ham chuqurlashib borayotganini ko‘rsatadi.





