Rossiyada budjet taqchilligi kuchaymoqda: neft narxining oshishi ham vaziyatni o‘nglay olmayapti
Rossiya iqtisodiyoti «mukammal bo‘ron» ichida qoldi. Mamlakat federal budjetida rekord darajadagi taqchillik kuzatilib, hukumat xarajatlarni majburiy qisqartirish choralarini ko‘rmoqda.

2026-yil endigina boshlangan bo‘lsa-da, Rossiya hukumati budjet xarajatlarini qisqartirish choralarini ko‘ra boshladi. Dastlab bu ma’lumotlar shunchaki mish-mish bo‘lib turgan edi, biroq keyinchalik Rossiya Moliya vazirligi ushbu xabarni tasdiqladi va ayrim tafsilotlarni ochiqladi. Kutilganidek, Ukrainadagi urush bilan bog‘liq xarajatlarni qisqartirmaslikka qaror qilingan.
Nima sababdan soliqlarning navbatdagi oshirilishi va Yaqin Sharqdagi urush tufayli yuzaga kelgan neft narxining ko‘tarilishiga qaramay, Rossiya budjetida kamomad yuzaga kelmoqda?
2026-yilgi Rossiya budjeti
2026-yilning dastlabki ikki oyida federal budjet taqchilligi 3,45 trillion rublni (YAIMning 1,5 foizi) tashkil etdi. Bu yillik rejadagi 3,79 trillion rublning (YAIMning 1,6 foizi) katta qismi bo‘lib, yil boshi uchun rekord darajadagi ko‘rsatkichdir.
Neft va gaz daromadlari 826 milliard rublni tashkil etib, kutilgan darajadan 300 milliard rublga kam bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan deyarli 50 foizga kamaygan.
Budjet prognozlari noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Hukumat hisob-kitoblariga ko‘ra, «Urals» neftining bir barreli o‘rtacha 59 dollar bo‘lishi kerak edi. Biroq soliqlarni hisoblash uchun yanvar oyida narx 41 dollar (2025-yil dekabr oyidagi o‘rtacha narx), fevral oyida esa 44,6 dollar deb olindi. Bundan tashqari, rubl kursi kutilganidan ancha mustahkam bo‘ldi: budjet bir dollar uchun 92 rubl kursi asosida tuzilgan bo‘lsa, amalda bu ko‘rsatkich yanvarda 77,6 rublni, fevralda esa 76,9 rublni tashkil qildi.
Neft va gazga bog‘liq bo‘lmagan tushumlar ortmoqda. Daromadlarni ko‘paytirish uchun hukumat soliqlarni, xususan, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) stavkasini yana bir bor oshirdi. Biroq hozircha o‘sish darajasi past — atigi 4,1 foiz (3,94 trillion rubl). Gaydar instituti ekspertlarining fikricha, agar jarayon tezlashmasa, 31,4 trillion rubllik yillik rejani bajarish mushkul bo‘ladi. Bir tomondan, QQS oshirilishi daromadlarda faqat ikkinchi chorakdan sezila boshlaydi — hozirda tushumlar eski stavka bo‘yicha amalga oshirilmoqda. Ikkinchi tomondan, iqtisodiyotning sekinlashishi va retsessiya xavfi tufayli soliq yig‘imlari rejadagiga yetmasligi mumkin.
Xarajatlar esa yil boshida belgilangan jadvaldan sezilarli darajada ilgarilab ketdi. Dastlabki ikki oy ichida xarajatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,8 foizga oshgan bo‘lsa-da, hukumat rejasiga ko‘ra bu o‘sish atigi 2,9 foizni tashkil etishi lozim edi.
Yuqori neft narxlari Rossiya budjetini nega qutqara olmayapti?
AQSH va Isroilning Eron bilan urushi Rossiya iqtisodiy rahbariyati uchun kutilmagan tuhfa bo‘ldi. Fors ko‘rfazi mamlakatlari jahon bozoriga neft eksport qiladigan tor dengiz yo‘lagi — Ho‘rmuz bo‘g‘ozining to‘sib qo‘yilish xavfi tufayli neft narxi keskin ko‘tarildi.
«Brent» markali neftning bir barreli 70 dollardan 100 dollargacha ko‘tarildi. Xususiyatlari bo‘yicha Yaqin Sharq neftiga yaqin bo‘lgan Rossiyaning «Urals» nefti narxi esa urushning ikkinchi haftasi oxiriga kelib 80 dollarga yaqinlashdi. Ayrim kelishuvlar hatto 100 dollar atrofida imzolandi.
Shunga qaramay, mart oyida Rossiya budjetining neft-gaz sektoridan oladigan daromadlari hamon past darajada qolmoqda. Bunga soliqlarning fevraldagi past narxlar (barrel uchun 44,6 dollar) asosida hisoblanishi sabab bo‘ldi. «Reuters» agentligi tahlillariga ko‘ra, agar mart oyi yakunigacha narxlar hozirgi darajada saqlanib qolsa, aprel oyida Rossiya budjetiga taxminan 590 milliard rubl mablag‘ kelib tushishi mumkin. Keyinchalik nima bo‘lishi esa noma’lum.
«Yil boshida sanksiyalarning kuchayishi va eksport hajmiga ta’sir etuvchi logistik cheklovlar tufayli Rossiyaning energiya resurslaridan oladigan daromadlari keskin kamaydi. Shu bois, hatto neft narxi hozirgidek yuqori bo‘lganda ham, yanvar va fevral oylaridagi yo‘qotishlarni qoplash uchun bir necha oy davomida barqaror yuqori narxlar talab etiladi», — deydi CREA eksperti Isaak Levi DW bilan suhbatda.
Hukumat ayrim xarajatlarni qisqartirmaslikka harakat qiladi
Rossiya Moliya vazirligi hozircha faqat xarajatlarning kelgusida qisqartirilishi faktini tasdiqlagan. «Reuters» va «Vedomosti» nashrlariga ko‘ra, Moliya vazirligi dastlab barcha sohalardagi xarajatlarni cheklash imkoniyatini ko‘rib chiqqan, biroq keyinchalik faqat «nostrategik» xarajatlarni 10 foizga qisqartirish muhokama markaziga chiqqan.
Ehtimol, qisqartirishlar «himoyalangan» deb ataluvchi sektorlarga daxl qilmaydi, deb yozadi iqtisodchi Dmitriy Polevoy o‘z «Telegram» kanalida. Bularga mudofaa (13 trillion rubl), milliy xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish faoliyati (4 trillion), ijtimoiy siyosat (7 trillion) hamda davlat qarziga xizmat ko‘rsatish (3,9 trillion) xarajatlari kiradi.
Bundan tashqari, iqtisodchining fikricha, taxminan 1,5 trillion rubl miqdoridagi ommaviy normativ majburiyatlar (xususan, pensiya va nafaqalar), shuningdek, 9 trillion rubl miqdoridagi budjetlararo transfertlar (federal budjetdan hududlarga o‘tkaziladigan mablag‘lar) ham qisqartirilmaydi.
Yuqorida qayd etilgan barcha yo‘nalishlarning jami hajmi taxminan 38 trillion rublni tashkil etadi. Hukumat 2026-yilda umumiy hisobda 44 trillion rubldan sal ko‘proq mablag‘ sarflashni rejalashtirgan edi. Demak, qolgan taxminan 6 trillion rubllik xarajatlar qisqartirishlar doirasiga tushishi mumkin. Iqtisodchi Polevoyning xulosasiga ko‘ra, agar ushbu mablag‘larga nisbatan haqiqatan ham 10 foizlik cheklov qo‘llanilsa, hukumat 600 milliard rubl atrofida mablag‘ni iqtisod qilishi mumkin.





