Sergey Tixanovskiy va boshqa siyosiy mahbuslar AQSH vakili tashrifidan so‘ng Lukashenko buyrug‘i bilan ozod etildi

21.06.2025 | 20:004 daqiqa

Belarusdagi taniqli muxolifatchi bloger Sergey Tixanovskiy Aleksandr Lukashenkoning shaxsan buyrug‘i bilan qamoqdan ozod etildi. Bu qaror AQSH prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Kit Kellogning Minskka tashrifi ortidan qabul qilingani xabar qilinmoqda.

Sergey Tixanovskiy va boshqa siyosiy mahbuslar AQSH vakili tashrifidan so‘ng Lukashenko buyrug‘i bilan ozod etildi
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakatdagi eng mashhur muxolifatchilardan biri — Sergey Tixanovskiyni qamoqdan ozod etishga farmon berdi. Bu haqda mahalliy «Nasha Nіva» nashri xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ozodlikka chiqqan Tixanovskiy Belarus hududini tark etgan, ammo bu borada boshqa tafsilotlar oshkor qilinmagan. Sergey Tixanovskiy — «Strana dlya jizni» nomli YouTube-kanali asoschisi va siyosiy bloger sifatida tanilgan. U o‘z chiqishlarida Belarus hukumatini ochiq tanqid qilib kelgan. 2020 yilda Tixanovskiy prezidentlik saylovlarida nomzod bo‘lib qatnashish niyatini bildirgan, ammo 29 may kuni saylovoldi piketlardan biri paytida kuch ishlatuvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan. Lukashenko keyinroq ommaviy chiqishida Tixanovskiyni shaxsan o‘z buyrug‘i bilan hibsga oldirganini ma’lum qilgan va uni Belarusda «Maydan» uyushtirishga urinishda ayblagan. 2021 yil dekabrida Tixanovskiyga ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, ijtimoiy adovat qo‘zg‘atish va saylov komissiyasi faoliyatiga to‘sqinlik qilish moddalari bilan 18 yillik qamoq jazosi tayinlangan edi. Keyinroq uning jazosi yana 1,5 yilga uzaytirilgan. U o‘z aybini umuman tan olmagan.

Belarus manbalariga ko‘ra, Sergey Tixanovskiy birga jurnalist Igor Korney, Minsk davlat lingvistika universitetining sobiq o‘qituvchisi Natalya Dulina, anarxistik harakat faoli Akixiro Gayevskiy-Xanada, hamda Galina Krasnyanskaya va Kirill Balaxonov ham ozod etildi. Jami 14 nafar siyosiy mahbus ozod qilingani ma’lum.

«Prezident Trampning qat’iy rahbarligi tufayli, bugun Belarusdan 14 nafar mahbus ozod etildi. Hamkorlik va ko‘rsatgan yordami uchun Litva hukumatiga minnatdorchilik bildiramiz — ular haqiqiy do‘st va ittifoqdosh bo‘lib qolmoqda», — deb yozdi Twitter’da Keyt Kellogning maxsus vakili o‘rinbosari Jon Koul.

Mavzuga oid