Logo

«Sharmandali mahalla» va «Uyatli xonadon»: Chinozda obodonlashtirish bo‘yicha yangi jazo chorasi qo‘llaniladi

40 nafar mas’ulga mahalla raislari bilan birga xonadonlarni aylanib chiqib, darvoza va devorlarning holati, hovli, tomorqa hamda ko‘chaga rayhon ekilgan-ekilmaganini tekshirish vazifasi yuklatilgan.

«Sharmandali mahalla» va «Uyatli xonadon»: Chinozda obodonlashtirish bo‘yicha yangi jazo chorasi qo‘llaniladi © Videodan kadr

Toshkent viloyatining Chinoz tumanida obodonlashtirish talablariga javob bermaydigan, xususan, devorlari oqlanmagan va ko‘chasiga gul yoki rayhon ekilmagan uylar darvozasiga «Uyatli xonadon» plakatlari yopishtirib chiqiladi.

Shuningdek, hududi tozalanmagan mahallalarga «Sharmandali mahalla» yorlig‘i ilinadi. Bu haqda tuman hokimi Sherzod Salixov ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Xabarga ko‘ra, mazkur tekshiruvlar Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayevning yo‘l bo‘yidagi mahallalarning sanitar holatini o‘rganish bo‘yicha bergan topshirig‘iga asosan amalga oshirilmoqda.

Kamchiliklarni bartaraf etish uchun bir kun muhlat berildi

Sherzod Salixovning ta’kidlashicha, tumandagi «Birlik» tayanch mahallasidagi holat qoniqarsiz deb topilgan. O‘tlar o‘sib ketgani va obodonlashtirish ishlari olib borilmagani sababli ushbu mahallaning ko‘rinarli joyiga «Sharmandali mahalla» plakatini ilish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

«O‘tlar bel barobar bo‘lib ketgan, o‘rilmagan. O‘rilganlari ham to‘p-to‘p bo‘lib yotibdi, olib chiqib ketilmagan. «Sharmandali mahalla» deb aytsa bo‘ladimi, yo‘qmi? Ko‘rinadigan joyga, xalq ko‘radigan joyga os. Ikkinchi shior ham bor: «Uyatli xonadon», — dedi Sherzod Salixov o‘z nutqida.

Tuman rahbari 40 nafar korxona va tashkilot rahbarlariga mahalla raislari bilan birgalikda xonadonlarni uyma-uy aylanib chiqish vazifasini yuklagan.

Ular dastlab mahalla raislarining o‘z uylarini, jumladan, darvoza va devorlarning oqlangani, hovli hamda ko‘chada rayhon yoki atirgullar ekilganini tekshirib, suratga olgan holda hisobot topshirishi belgilangan.

«Bir kun muddat beramiz. Ertaga kechgacha qilmasa, o‘sha xonadonni «Uyatli xonadon» qilib, men o‘zim borib ostiraman», — deya ta’kidladi tuman hokimi.

Bundan tashqari, mahalla mas’ullariga ertalab soat oltidan boshlab hasharlar tashkil etish, ko‘chalar va ariqlarni chiqindilardan tozalash, daraxtlar ekish hamda tomorqalarga yuqori daromadli takroriy ekinlar ekilishini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan.

Teglar

Mavzuga oid