Logo

Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni qayta tiklashni ko‘rib chiqmoqda

Bugun 10:572 daqiqa

Viza olishdagi muammolar sababli Tailand hukumati O‘zbekiston va boshqa bir qator davlatlar sayyohlari uchun 15 kunlik vizasiz rejimni qayta joriy etishi mumkin.

Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni qayta tiklashni ko‘rib chiqmoqda © Ijtimoiy tarmoqlar

Tailand hukumati O‘zbekiston, Kolumbiya va Meksikadan keluvchi sayyohlar uchun 15 kunlik vizasiz rejimni joriy etish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Mazkur tashabbus xalqaro aviatashuvchilar duch kelayotgan logistik muammolar ortidan ilgari surilmoqda. Jumladan, yaqinda «Emirates» aviakompaniyasi Tailand turizm boshqarmasiga (TAT) rasmiy shikoyat yo‘llagan. Unga ko‘ra, parvoz vaqtigacha Tailand vizasini olishga ulgurmagani sababli Meksikadan uchadigan har bir reysda o‘rtacha 20-30 nafar yo‘lovchi ro‘yxatdan o‘ta olmagan.

Elektron vizadagi muammolar va muqobil yo‘nalishlar

Yevropa, Amerika, Yaqin Sharq va Afrikaga oid xalqaro marketing bo‘yicha gubernator o‘rinbosari Chiravadi Xunsubning ta’kidlashicha, o‘zbekistonlik sayyohlar elektron viza (E-Visa) olishning murakkab tartibiga duch kelgan.

Arizalar faqat Tailandning Rossiyadagi elchixonasi orqali ko‘rib chiqilgani sababli jarayon og‘irlashgan va cho‘zilgan. Oqibatda mahalliy turoperatorlar Tailand bo‘yicha sayohat paketlarini bekor qilib, Vietnam kabi raqobatdosh yo‘nalishlarni tanlashga majbur bo‘lgan.

Shuningdek, vizalarni ko‘rib chiqish va berishdagi surunkali kechikishlar sababli meksikalik va kolumbiyalik sayyohlar ham muntazam ravishda rejalashtirilgan vaqtda sayohatga chiqa olmayotgani qayd etilgan.

Turizm va sport vaziri Surasak Pancharoyenvorakul vazirlik ushbu surunkali viza kechikishlaridan xabardor ekanini tasdiqladi.

«Vazirlik uzoq muddatli yechim sifatida 9-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Viza siyosati bo‘yicha qo‘mita yig‘ilishiga istiqbolli Lotin Amerikasi va boshqa maqsadli mamlakatlar, jumladan, Kolumbiya, Meksika va O‘zbekiston uchun 15 kunlik vizasiz kirishni ma’qullash taklifini kiritdi», — dedi Surapong.

Xabarda aytilishicha, garchi qo‘mita xavfsizlik va iqtisodiy oqibatlarni atroflicha baholashi kerak bo‘lsa-da, Turizm vazirligi xavfsizlikka daxl qilmaydigan mamlakatlar uchun standart 15 kunlik qolish muddatini nazarda tutuvchi maksimal yengilliklar berilishiga erishish niyatida.

«Taklif etilayotgan viza siyosatidagi islohotlar ana shunday muammolarni bartaraf etish, keluvchi mehmonlar uchun qulay sharoit yaratish hamda xalqaro turoperatorlar va aviakompaniyalar ishonchini qayta tiklashga qaratilgan», — deyiladi rasmiy xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Tailand joriy yilning 15-sentabridan 93 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari uchun amalda bo‘lgan 60 kunlik vizasiz rejimni bekor qilgan edi. Hozirda qirollikka sayyohlik maqsadida borish uchun O‘zbekiston fuqarolaridan vizani oldindan rasmiylashtirish talab etilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid