Tankerlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan qochmoqda
Dunyodagi eng muhim neft eksport yo‘nalishi bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hozirda deyarli yopilgan. Bu neft narxining keskin oshishiga olib kelishi aytilmoqda.

AQSH va Isroilning Eronni bombardimon qilishi ortidan neft va gaz tankerlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali yurishdan tobora ko‘proq voz kechmoqda, deb yozadi «Bloomberg».
Kecha, 28-fevral kuni mazkur yo‘nalish bo‘yicha harakatlanishi kerak bo‘lgan ayrim kemalar bu suv yo‘lidan tashqarida qolmoqda, allaqachon o‘tishni boshlaganlari esa ortga qaytgan.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofida nima yuz bermoqda?
Ho‘rmuz bo‘g‘oziga yaqinlashayotgan kemalar Eron Islom inqilobi posbonlari vakillaridan «bo‘g‘oz orqali o‘tish taqiqlanadi» degan signal olmoqda, deb ma’lum qildi «Reuters»ga YIning «Aspides» dengiz missiyasi xodimi (ushbu missiya Qizil dengizda xusiylar hujumlaridan kema qatnovini himoya qilish uchun tuzilgan). «Bloomberg» esa kemalar tegishli radiosignalni eshitgani, u taxminan Eron Harbiy-dengiz kuchlaridan uzatilgani haqida yozdi.
Keyinchalik Eronning «Tasnim» agentligi o‘tish yo‘li hozir «deyarli» yopilganini xabar qildi, Islom inqilobi posbonlari korpusi esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakat xavfsiz emasligi haqida kemalarni ogohlantirmoqda.
«Bloomberg» manbasiga ko‘ra, Eron rasman bo‘g‘ozda kema qatnovini yopish haqida farmoyish borligini tasdiqlamagan. Avvalroq AQSH tomoni kema egalari va kapitanlarni Yaqin Sharqdagi harbiy obyektlardan 30 dengiz mili (taqriban 55 km) masofada yurish zarurligi haqida ogohlantirgan. Shu fonda Yaponiyaning yirik kompaniyasi «Nippon Yusen KK» o‘z flotlariga Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tmaslik bo‘yicha ko‘rsatma bergan, Gretsiya esa o‘z savdo kemalarini yo‘nalishlarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan. Kema egalaridan biri «Bloomberg»ga AQSH tavsiyasini amalda suv yo‘lini yopish deb talqin qilganini bildirgan.
Kuzatuv ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim tankerlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tish oldidan orqaga burilgan. Agentlikning vaziyatdan xabardor yana bir manbasi kamida bitta kema egasi tankerni ushbu o‘tish yo‘li orqali yubormaslikka qaror qilganini aytgan.
Biroq ba’zi kemalar hali ham bo‘g‘oz orqali harakatlanmoqda, deb yozadi «Bloomberg». Kuzatuv ma’lumotlariga ko‘ra, ogohlantirishlar e’lon qilinganidan so‘ng kamida yettita kema bo‘g‘ozdan chiqqan, oltitasi esa unga kirgan.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha cheklov nimani anglatadi?
Tehron ko‘p yillar davomida har qanday hujumga javob sifatida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yish bilan tahdid qilib kelgan, biroq hech qachon tahdidlarini to‘liq amalga oshirmagan va suv yo‘lini butunlay yopmagan. Mazkur bo‘g‘oz — dunyodagi eng muhim neft eksport yo‘nalishi bo‘lib, Fors ko‘rfazidagi yirik ishlab chiqaruvchilar — Saudiya Arabistoni, Eron, Iroq va Birlashgan Arab Amirliklarini Umon ko‘rfazi va Arab dengizi bilan bog‘laydi. Har kuni jahondagi dengiz orqali yetkazib beriladigan neft va suyultirilgan tabiiy gaz hajmining beshdan bir qismi — 25 foizi — aynan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadi.
«The Wall Street Journal» bilan suhbatda «Oxford Economics»ning energetika prognozi bo‘limi rahbari Bridjit Peyn ta’kidlashicha, hatto kichik cheklov ham tankerlar trafigining 50 foizgacha qisqarishiga olib kelishi mumkin. Uning qayd etishicha, bunday vaziyat neft narxini barreli uchun 84 dollargacha ko‘tarishi mumkin. Agar o‘tish yo‘li orqali tranzit bir haftaga to‘liq to‘xtatilsa, neft narxi barreli uchun 140 dollargacha sakrashi ehtimoldan xoli emas.
Kemalarning bo‘g‘ozni aylanib o‘tishi nimalarga ta’sir qiladi?
«Bloomberg» ta’kidlashicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali yuk oqimining qisqarishi AQSHning Eronga hujum qilish qarori ortidan tovar bozorlarida yuzaga kelgan uzilishlarning ilk belgisidir. Biroq mojaro eskalatsiyasi qancha davom etishi hozircha noaniq.
«2-mart kuni bozorlar ochilgandan so‘ng treyderlar ehtimol neft sotib olishni kuchaytiradi, bu esa narxlarning oshishiga olib keladi», – deb yozgan «Bloomberg».
Biroq bu trend qancha davom etishi keyingi 24 soatdagi voqealarga bog‘liq bo‘ladi. 27-fevral kuni savdolar yopilishida «Brent» markali neft narxi barreli uchun 73 dollardan oshgan.





