Logo

Tramp Putin uchun «mukofot» tayyorlamoqda

Bugun 08:004 daqiqa

AQSH ma’muriyati Ukrainadagi urushni to‘xtatish maqsadida Moskvaga iqtisodiy va siyosiy imtiyozlar berishni ko‘rib chiqmoqda. Kiyev esa Rossiyaga yon berish urushning yanada cho‘zilishiga olib kelishi mumkinligidan jiddiy xavotirda.

Tramp Putin uchun «mukofot» tayyorlamoqda

AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ukrainadagi urush keskinligini yumshatish va Vladimir Putinni tinchlik muzokaralari stoliga qaytarish uchun Moskvaga yangi iqtisodiy va siyosiy imtiyozlar taklif qilish yo‘llarini izlamoqda. Bu haqda «The Wall Street Journal» nashri xabar berdi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Vashington dastlab frontdagi harbiy harakatlarni susaytirishga erishib, so‘ngra Rossiyaga uzoq muddatli sulhga amal qilish evaziga keng qamrovli imtiyozlar paketini taqdim etishni ko‘zlamoqda. Ammo bu takliflarning aniq shartlari va qaysi sohalarni qamrab olishi hozircha ochiqlanmagan.

Shu bilan birga, «Reuters» agentligi ham AQSH ma’muriyati Rossiya bilan dizel yoqilg‘isi savdosini qayta yo‘lga qo‘yishni muzokaralarni tiklash yo‘lidagi dastlabki qadam sifatida ko‘rayotganini xabar qildi.

Rossiyaga qanday imtiyozlar taklif etilishi mumkin?

Moskvaga berilishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy va siyosiy imtiyozlarning to‘liq ro‘yxati hozircha ommaga e’lon qilinmagan.

Biroq «Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, Vashington Rossiya dizelini Amerika va jahon bozorlariga chiqarishga ruxsat berishni muzokaralarga qaytish uchun o‘ziga xos «rag‘bat» sifatida ko‘rmoqda. Prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff hamda kuyovi Jared Kushner Mayamida ukrainalik rasmiylar bilan uchrashuvda ushbu kelishuv Rossiyani muzokara stoliga qaytarishda ko‘prik bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Manbalarga ko‘ra, AQSH bu orqali Moskvaga kelishuvlarga tayyorligi haqida signal bermoqchi. Kelishuv doirasida Rossiyadan 2,25 million barreldan ortiq dizel yoqilg‘isi yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.

Oq uy bu tashabbusni ichki bozordagi yoqilg‘i narxlarini tushirish istagi bilan izohlamoqda. Biroq amerikalik ayrim qonunchilar bunday savdodan tushadigan daromad Moskvaning harbiy xarajatlarini qoplashga xizmat qilishi mumkinligini ta’kidlab, tashabbusni tanqid ostiga olgan.

Mayamidagi uchrashuvda Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalarni to‘xtatish masalasi ham muhokama qilingan. Ukraina rasmiylari bu taklifga to‘liq rozilik bermagan, faqatgina Rossiya ham energetika obyektlariga hujumlarni to‘xtatgan taqdirdagina ushbu masalani ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirgan.

Kiyev Vashingtonning yon berish siyosatiga qarshi

Ukraina rahbariyati AQSHning Rossiya bilan tuzmoqchi bo‘lgan dizel bitimiga keskin qarshi chiqdi. Prezident Volodimir Zelenskiy buni ojiz qaror deb baholab, tushadigan mablag‘lar Moskvaga urushni davom ettirish uchun qo‘shimcha moliyaviy kuch berishini ta’kidladi.

Brusseldagi Yevropa Ittifoqi sammitida so‘zga chiqqan Zelenskiy Rossiyaning haqiqiy tinchlikka tayyor emasligini aytib, tinchlik jarayonida Yevropaning rolini oshirishga chaqirdi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham ushbu kelishuvni salbiy signal hamda ittifoqchilar o‘rtasidagi ishonchga putur yetkazuvchi qadam sifatida tanqid qildi.

Energetik sulh bo‘yicha kelishuv bormi?

Donald Tramp bir necha bor Rossiya va Ukraina o‘rtasida energetika obyektlariga hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini da’vo qilgan bo‘lsa-da, amalda har ikki tomon ham bunday sulh mavjudligini rasman tasdiqlagani yo‘q.

«Reuters» xabariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaning energetika tarmoqlariga zarbalar berishni to‘xtatmagan, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Zelenskiyning 60 kunlik to‘liq sulh taklifini rad etgan. Buning ortidan Kiyev ham sulh shartlariga rioya qilishdan voz kechib, Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga yangi zarbalar yo‘llagan. Bu esa Vashingtonning muzokaralarni tiklash urinishlariga qaramay, real vaziyat hali barqaror sulhdan yiroq ekanini ko‘rsatadi.

Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalar masalasida ham ortga chekinmoqda

2026 yil 16-oktabr kuni Donald Tramp Rossiya iqtisodiyotiga qarshi yangi sanksiyalar paketini vaqtincha to‘xtatib turish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. «Associated Press» xabariga ko‘ra, prezident bu qarorini milliy manfaatlar bilan izohlagan.

Avvalroq Kongress ma’qullagan va prezident tomonidan tasdiqlangan ushbu sanksiyalar paketi Rossiya amaldorlari, banklari, «soya flots» tankerlarini nishonga olishni hamda Rossiya neft va gazini xarid qiluvchi davlatlarga 100 foizgacha boj joriy etishni nazarda tutgan edi. Farmon qonun kuchga kirishiga ikki kun qolganda imzolandi, biroq Oq uy uning milliy manfaatlarga qanday xizmat qilishini ochiqlamadi.

Shuni ta’kidlash lozimki, bu qaror Rossiyaga qarshi barcha cheklovlar bekor qilindi degani emas, balki gap faqatgina yangi sanksiyalarni vaqtincha to‘xtatib turish haqida bormoqda. Shunga qaramay, bu qadam Tramp ma’muriyatining Moskvaga nisbatan bosim va murosa taktikalari borasidagi qizg‘in bahslarni yanada kuchaytirdi.

Vashington rejasi ish beradimi?

Hozircha Moskvaga taklif etilayotgan siyosiy va iqtisodiy imtiyozlarning batafsil bandlari oshkor etilmagan. Kiyev va Yevropa ittifoqchilari bunday yengilliklar agressor davlat manfaatlarini qondirib, urushni uzaytirishi mumkinligidan xavotirda. Vashington esa, aksincha, savdo munosabatlarini tiklash orqali muzokaralar uchun zamin yaratish va global energetika bozoridagi narxlarni jilovlash mumkinligiga ishonmoqda.

Ayni vaqtda urushayotgan tomonlar o‘rtasida real sulhga erishilgani yoki Rossiya bu imtiyozlarga rozi bo‘lganini tasdiqlovchi rasmiy asoslar mavjud emas.

Teglar

Mavzuga oid