Trampning Eronga qarshi «urush» ssenariysi: 2003 yilgi Iroq voqealarining takrorlanishi

27.02.2026 | 22:346 daqiqa

Tahlilchilarning fikricha, AQSH ma’muriyati Eron bilan yangi to‘qnashuvni oqlash uchun 2003 yilgi usullardan foydalanmoqda. Biroq bu galgi jarayon ancha murakkab sharoitda — hukumat ichidagi tarqoqlik, xalqaro maydondagi yakkalanish va xavfli axborot xaosi ostida kechyapti.

Trampning Eronga qarshi «urush» ssenariysi: 2003 yilgi Iroq voqealarining takrorlanishi

2003 yilning yanvarida prezident Jorj Bush Kongress minbaridan turib, Yaqin Sharqdagi «diktator» va uning ommaviy qirg‘in qurollaridan kelayotgan jiddiy xavf haqida dunyoni ogohlantirgan edi.

Oradan yigirma uch yil o‘tib, xuddi shu zalda prezident Donald Tramp deyarli bir xil manzarani chizdi: bo‘ysunmas rejim, yaqinlashib kelayotgan yadroviy tahdid va vaqtning juda kam qolgani. Bu ikki nutq o‘rtasidagi o‘xshashlik kishini chindan ham hayratga soladi.

Tarixning achchiq kinoyasini qarangki, 1980-yillarda Eronga qarshi urushda AQSH tomonidan tishigacha qurollantirilgan Saddam Husayn keyinchalik Vashington uchun Usoma bin Lodindan ham xavfliroq dushmanga aylangan edi. Endilikda bu yorliq bir million kishining yostig‘ini quritgan o‘sha vayronkor Iroq urushi davridagi asosiy rahbarlardan biri — Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xominaiga nisbatan qo‘llanilmoqda.

«Urush ssenariysi» tanish tuyulsa-da, geosiyosiy maydon keskin o‘zgardi.

Vashington strategiyasi Bush davriga xos bo‘lgan «oldini oluvchi zarba» doktrinasidan Tramp davrining «profilaktik xizmat ko‘rsatish» deb atalayotgan yangi siyosatiga o‘tmoqda. Bu o‘zgarishlar 2025 yil iyun oyida, Isroilning 12 kunlik urushi fonida Eronga berilgan zarbalardan so‘ng yaqqol ko‘zga tashlandi. Biroq, razvedka ma’lumotlarining aniqligi, operatsiyadan ko‘zlangan asl maqsad hamda hokimiyatni tiyib turish tizimining yo‘qligi borasidagi savollar tobora ko‘payib bormoqda.

Qo‘rquv usuli: Bulutlardan tunnellargacha

2003 yilda urushning vizual tili vertikal edi: AQSH shaharlari uzra ko‘tarilayotgan «qo‘ziqorinsimon bulut» yoki aholi punktlariga tarqalayotgan biologik qurol qo‘rquvi. Bugungi kunda esa qo‘rquv yo‘nalishi o‘zgardi: endi u yer ostiga, noma’lum chuqurliklarga qarab yo‘naltirilgan.

 «Ma’muriyat qo‘rquvning vizual lug‘atini yangilamoqda. Ular xuddi Bush ma’muriyati “tutab turgan miltiq» o‘xshatishi orqali qilganidek, yadroviy tahdidni bo‘rttirib ko‘rsatmoqda. Ammo bu yerda bitta asosiy farq bor: 2003 yilda AQSH razvedka ma’lumotlari yolg‘onga moslashtirilib soxtalashtirilgan edi. 2026 yilda esa razvedka xulosalari aslida Trampning iddaolarini inkor etmoqda», — deydi vashingtonlik siyosiy tahlilchi Usoma Abu Irshod.

Tramp o‘zining mamlakatdagi holat bo‘yicha murojaatida Eron AQSHning asosiy hududiga zarba berish uchun o‘z yadroviy dasturini «qayta tiklayotganini» ta’kidlagan bo‘lsa-da, uning amaldorlari bunga zid bayonotlar bermoqda. Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt xo‘jayinining gapini takrorlab, 2025 yilgi «Tungi bolg‘a operatsiyasi» Eron inshootlarini «yakson qilganini» ta’kidladi. Biroq, bundan bir necha kun oldin Trampning vakili Stiv Uitkoff Tehron yadroviy bomba yaratishiga «bir hafta qolganini» da’vo qilgan edi.

Tahlilchilarning fikricha, bu «axborot boshboshdoqligi» aniq bir maqsadga xizmat qiladi: doimiy harbiy bosimni oqlash uchun tahdidni yetarlicha mavhum ushlab turish.

«Bush Iroqni ekzistensial tahdid sifatida ko‘rsatish uchun 11 sentabr voqealaridan keyingi g‘azabdan unumli foydalangan edi. Trampda esa bunday imkoniyat yo‘q. Eron AQSH hududiga hujum qilgani yo‘q. Shuning uchun u Eronning ballistik raketalari Amerikaga yetib bora oladi, deb da’vo qilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdidni o‘ylab topishga majbur. Bu esa texnik haqiqatlarga asoslanmagan iddaodir», — dedi Abu Irshod «Al-Jazira» telekanaliga.

Rejimni o‘zgartirish botqog‘i

2003 yil bilan hozirgi davr o‘rtasidagi eng yaqqol tafovut, ehtimol, ma’muriyatning ichki birdamligidadir. O‘sha paytdagi Bush jamoasi — vitse-prezident Dik Cheyni, mudofaa vaziri Donald Ramsfeld va uning o‘rinbosari Pol Vulfovits mafkuraviy jihatdan yakdil bo‘lib, «bir yoqadan bosh chiqarib» harakat qilishgan. Cheyni AQSH qo‘shinlari «xaloskorlar sifatida kutib olinadi» degan mashhur bashoratni aytgan edi.

Biroq amalda voqealar butunlay boshqacha tus oldi. Televideniye uchun maxsus sahnalashtirilgan — Bag‘dod markazida Saddam Husayn haykalining ag‘darilishi manzarasi tez orada AQSH istilosiga qarshi uzoq muddatli va uyushgan qarshilik harakatlariga o‘rin bo‘shatdi. Bu esa Amerika qo‘shinlarining katta yo‘qotishlariga hamda Iroqni fuqarolar urushi yoqasiga olib kelgan mazhablararo qonli to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi.

2003 yilning may oyida Bushning «Vazifa bajarildi» degan ulkan banner ostida asosiy jangovar harakatlar yakunlanganini e’lon qilishi, keyinchalik yillar davomida uning ma’muriyati va AQSH uchun haqiqiy bosh og‘rig‘iga aylandi.

2026 yilgi Tramp jamoasi avvalgi ma’muriyatlardan farqli o‘laroq, ancha tarqoq ko‘rinmoqda. Oq uy «Avvalo Amerika» tamoyiliga asoslangan yakkalanish siyosati hamda tajovuzkor tashqi aralashuv tarafdorlari o‘rtasida ikkiga bo‘linib qolgan.

Masalan, vitse-prezident Jey Di Vens va mudofaa vaziri Pit Xegset asosiy maqsad rejimni o‘zgartirish emasligini ochiq bildirmoqda. Jumladan, Vens «biz Eron bilan emas, balki uning yadroviy dasturi bilan urushyapmiz», — deya ta’kidladi.

Biroq prezident Tramp ijtimoiy tarmoqlarda o‘z mulozimlarining fikrini rad etib:

«Agar amaldagi Eron rejimi ERONNI YANA BUYUK QILA OLMASA, nega endi rejim almashtirilmasligi kerak? MIGA!» — deb yozdi.

Tahlilchi Abu Irshodning fikricha, Bush davridagi neokonservatorlar ta’siri susayib, ularning o‘rnini Stiven Miller kabi Trampga mutlaqo sodiq va Isroil o‘ng qanoti bilan yaqin shaxslar egallagan. Trampni strategiya emas, ko‘proq instinktlar boshqarmoqda. U o‘zidan oldingi prezidentlar erisha olmagan «g‘alaba»ni ko‘zlamoqda.

 Yakkalangan superdavlat

2003 yilda Bush va Buyuk Britaniya bosh vaziri Toni Bler «Ko‘ngillilar koalitsiyasi»ni tuzish uchun tinimsiz mehnat qilgan edi. Bu shunchaki diplomatik niqob bo‘lsa-da, harqalay mavjud edi. Bler Iroqdagi halokatni diplomatik jihatdan xaspo‘shlagani uchun Yaqin Sharqda va G‘arbning ayrim doiralarida hanuzgacha eng nafratga uchragan shaxslardan biri bo‘lib qolmoqda.

2026 yilga kelib esa Amerika Qo‘shma Shtatlari mutlaqo yakkalangan holda va hech qanday ittifoqchilarsiz harakat qilyapti.

«Tramp koalitsiya tuzish o‘rniga, ittifoqchilarini o‘zidan tobora uzoqlashtirmoqda. U Yevropa Ittifoqiga qarshi tariflardan tortib, Grenlandiyani sotib olish kabi urinishlargacha bo‘lgan o‘ziga xos «tazyiq» tizimini qo‘llamoqda. Yevropaliklar Eronga nisbatan ishlatilayotgan bunday bosim kun kelib o‘zlariga ham qaratilishidan xavotirga tushmoqda. 2003 yildagi holatdan farqli o‘laroq, bugungi kunda faqat Isroilgina AQSHni to‘liq qo‘llab-quvvatlayapti», — deya tushuntiradi Abu Irshod.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Buyuk Britaniyaning Eronga zarba berish uchun o‘z orol bazalaridan foydalanishga ruxsat bermagani AQSHning yakkalanib qolganini yaqqol tasdiqladi. Oqibatda 2025 yilgi harbiy tazyiq paytida B-2 bombardimonchi samolyotlari bevosita Amerika Qo‘shma Shtatlari hududidan uchib, 18 soatlik davomli parvozlarni amalga oshirishga majbur bo‘ldi.

Tiyib turish va muvozanat tizimining yemirilishi

Iroq urushi davridagi razvedka xatolari va yolg‘onlaridan so‘ng, Kongress nazoratini kuchaytirishga va’da berilgan edi. Biroq oradan yigirma yil o‘tib, bu himoya to‘siqlari butunlay yemirilgandek tuyulmoqda. Demokrat Ro Xanna va respublikachi Tomas Massi kabi kongressmenlar ruxsat etilmagan urushning oldini olish uchun qonuniy choralar ko‘rishga urinsa-da, amaldagi siyosiy reallik ancha ayanchlidir.

 «Tiyib turish va muvozanat konsepsiyasi jiddiy sinovga duch kelmoqda. Respublikachilar partiyasi endilikda amalda Tramp partiyasiga aylangan. Oliy sud o‘ng konservatorlarga moyil. Tramp 11 sentabr voqealaridan keyin berilgan va «cheklangan zarbalar» berishga ruxsat etuvchi kengaytirilgan vakolatlar bilan harakat qilmoqda. Bunday zarbalar esa u go‘yoki o‘zini olib qochayotgan ochiq urushga tezlik bilan aylanib ketishi hech gap emas», — deya ogohlantiradi Abu Irshod.

Hozirgi ma’muriyat Tehron tomonidan 32 000 nafar namoyishchi o‘ldirilganini da’vo qildi. Bu mustaqil manbalar keltirayotgan raqamlardan ancha yuqori bo‘lib, Eron tomoni uni «katta yolg‘on» sifatida rad etdi.

Biroq bunday bayonotlar BMT rezolyutsiyalari yoki Kongress ruxsatini chetlab o‘tib, vaziyatni keskinlashtirish uchun ma’naviy zamin hozirlamoqda.

AQSH va Eron muzokarachilari o‘tgan yilgi «Tungi bolg‘a» operatsiyasi soyasida Jenevada uchrashar ekan, asosiy savol ochiq qolmoqda: bir necha o‘n yillik adovatdan so‘ng bu ikki davlat yangi kelishuv ostonasidami yoki bu butun mintaqani olov ichida qoldiradigan urush debochasidami?

 

Teglar

Mavzuga oid