add

Yetarlicha energiya manbalari borligiga qaramay, AQSHda elektr narxi nega oshmoqda?

Bugun 19:341612

Ko‘plab amerikaliklar elektr narxining oshishini sun’iy intellekt ma’lumot markazlarining ortiqcha energiya sarfi bilan bog‘lamoqda.

Yetarlicha energiya manbalari borligiga qaramay, AQSHda elektr narxi nega oshmoqda?

So‘nggi oylarda AQSHda elektr energiyasi uchun to‘lovlar keskin oshmoqda. Mutaxassislar asosiy muammo energiya tanqisligida emas, balki samarasiz va oddiy iste’molchi uchun noodil narx belgilash tizimida ekanligini ta’kidlashmoqda.

Energetika vaziri Kris Raytning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda yilning 98 foiz vaqtida elektr quvvati yetarli bo‘ladi. Faqatgina bir necha soat — «pik» talab davrida qo‘shimcha resurs kerak bo‘ladi. Biroq aholining aksar qismi elektrni qaysi vaqtda ishlatishidan qat’i nazar, bir xil tarif bo‘yicha to‘laydi. Natijada tizim yuqori talab soatlaridagi xarajatlarni hamma uchun teng taqsimlaydi va umumiy narxni oshiradi.

Yirik sanoat mijozlari va data markazlar esa ulgurji bozorda ishlaydi, u yerda narxlar har daqiqa o‘zgarib turadi. Ular energiyani arzon vaqtlarda ishlatib, yuqori soatlarda sarfni kamaytirish orqali katta mablag‘ tejaydi.

Bu esa oddiy uy xo‘jaliklariga qo‘shimcha yuk bo‘ladi. Masalan, 13 ta shtatda data markazlar soni ko‘paygani sabab «ishonchlilik narxi» 11 barobarga oshgan va har bir oilaning oylik to‘loviga yana 10–21 dollar qo‘shilgan.

Quyosh panellari ham muammoni hal qila olmayapti. Kunduz kunning o‘rtasida, talab past paytda ko‘p energiya ishlab chiqarilsa, kechasi — elektr talab yuqori bo‘lgan vaqtda quyosh manbai samarasiz bo‘ladi. Shu sababli gaz stansiyalarini zaxirada saqlashga to‘g‘ri keladi va ularning xarajati ham umumiy tarifga qo‘shiladi.

AQSHda uylarning 75 foizida «aqlli» hisoblagichlar mavjud. Ular energiyani arzon soatlarga ko‘chirish imkonini beradi. Tadqiqotlarga ko‘ra, yuklamani atigi 2 foizga siljitish orqali yangi stansiyalar qurilishida 250 milliard dollar tejash mumkin.

Ammo energetika korporatsiyalariga bu foydali emas, chunki ular ko‘proq infratuzilma qurish orqali daromad oladi.

Mutaxassislar yechim sifatida bozorni raqobatga ochishni taklif qilmoqda. Bu holda xususiy kompaniyalar uy xo‘jaliklariga real vaqtdagi bozor narxlari asosida energiya sotishi mumkin bo‘ladi. Shu yo‘l bilan «aqlli» iste’moldan nafaqat yirik korporatsiyalar, balki oddiy amerikaliklar ham foyda ko‘ra oladi.

Teglar

Mavzuga oid