Logo

Yo‘qolgan kilovattlar, qaytgan millionlar — hafta dayjesti

Kecha 21:4513 daqiqa

Gaz yo‘q, ballon kelmaydi, «zapravka»da to‘ldirsangiz jarima, rasmiylar esa gaz borgan sari kamaymoqda deyapti. Bu hafta odamlarning eng ko‘p muhokama qilgan mavzusi shu bo‘ldi. Bundan tashqari toza havoni bankada sotmoqchi bo‘lishyapti. Shveysariyadan esa Karimovaning yana 252,5 million dollari qaytyapti. Haftaning eng muhim voqealari Vaqt.uz dayjestida.

Karimovaning yana 252,5 million dollari qaytadi

Otasi mamlakatni chorak asr boshqargan. Qizining xorijdagi millionlari esa endi bosqichma-bosqich xalqqa qaytyapti. Shveysariya birinchi prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaning noqonuniy o‘zlashtirilgan aktivlaridan yana 252,5 million dollarni O‘zbekistonga qaytaradi. Bitim 24-noyabr kuni tasdiqlandi. Mablag‘ «Ishonch — 2030» trast jamg‘armasi orqali keladi. Pul ikki yo‘nalishga sarflanadi. Sog‘liqni saqlashda bolalar va o‘smirlarga tibbiy yordamni yaxshilash, kasalliklarni erta aniqlash, ayrim onkologik kasalliklarni davolash imkoniyatlarini kengaytirish va shifokorlar malakasini oshirish rejalashtirilgan.

Ta’lim yo‘nalishida esa yangi maktablar quriladi, raqamli texnologiyalar joriy etiladi, o‘qituvchilar malakasi oshiriladi. Ayniqsa, qishloq hududlari va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati cheklangan aholiga e’tibor qaratiladi. Loyihalarni tanlash va amalga oshirishda BMT va Jahon banki ishtirok etadi, pulning maqsadli sarflanishi nazorat qilinadi.

Bu birinchi qaytim emas. 2022-yilda Shveysariya bilan qariyb 131 million, 2025-yilning fevralida yana 182 million dollarni qaytarish bo‘yicha kelishuvlar imzolangan. Jami 313 million dollar «Ishonch» jamg‘armasi orqali aholi manfaatlariga yo‘naltirilishi belgilangan. Avvalgi bosqichda 87 million dollar onalar va bolalar salomatligi, perinatal xizmatlar, ta’lim sifati va o‘qituvchilarning raqamli ko‘nikmalariga yo‘naltirilgan.

Pullar qaytayotgan bo‘lsa-da, Karimovaning o‘zi hamon qamoqda. 2015-yilda u tovlamachilik va boshqa iqtisodiy jinoyatlarda aybdor deb topilib, besh yil ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan. 2017-yilda unga nisbatan yana hukm chiqarilgan. 2019-yilda esa uy qamog‘i tartibini buzgani uchun jazoni ijro etish muassasasiga o‘tkazilgan. 2020 yil 18-martda Toshkent shahar sudi uni jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarda aybdor deb topdi. Unga 13 yil 4 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi, muddat 2015-yil 21-avgustdan hisoblanadi.

Karimova dastlab ayollar koloniyasida saqlangani ma’lum edi. Keyinchalik qonunchilikka ko‘ra yopiq koloniyadagi muddati tugagach, u manzil-koloniyaga o‘tkazilgani ochiqlangan.

Davlatga va’da qilingan «Hilton» kimniki bo‘ldi?

Shveysariya o‘z va’dasini bajarib, Karimovaning pullarini qaytaryapti. Toshkentdagi bir va’da esa hali ham bajarilmagan. 2019-yilda «Hilton» mehmonxonasi va Kongress-xoll qurib bitkazilgach, davlatga beg‘araz topshirilishi aytilgan edi. Uni qurgan «AKFA Dream World» bir necha yil QQS va foyda solig‘idan ozod qilingan. Ammo va’da bajarilmadi. 2026-yilning oktabrida mehmonxona 2018–2023-yillarda Toshkent shahri hokimi bo‘lgan tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev oilasi nazoratidagi AQSHdagi «TEG Overseas» kompaniyasi tarkibiga kiritilgani ma’lum bo‘ldi.

Kompaniya aksiyalari AQSH fond bozorida sotilgani uchun moliyaviy hisobotlari ham ochiq. Ularda 100 million dollarlik kredit bo‘yicha kafillik ko‘rsatilgan. 2025-yil va 2026-yilning dastlabki olti oyida mulkdorga jami 17,5 million dollar taqsimlangan. O‘zaro bog‘liq kompaniyalar o‘rtasida millionlab dollarlik bitimlar ham qayd etilgan. Kompaniya endi Toshkentdagi yana oltita mehmonxonani o‘z portfeliga qo‘shmoqchi.

Davlatga berilishi aytilgan mehmonxona qanday qilib xususiy kompaniyaga o‘tdi, bu biznes qancha daromad topyapti va ortida qanday majburiyatlar bor? Batafsil tahlilni Vaqt.uz’ning alohida materialidan bilib olishingiz mumkin.

Yetti qavat o‘rniga 41 qavat

«Hilton» bilan bog‘liq savollar javobsiz turgan bir paytda poytaxt markazidagi yana bir mehmonxona bahsga sabab bo‘ldi. Bu safar gap kimga tegishli ekanida emas, qanchalik baland bo‘lishida. «City Palace» o‘rnida 540 xonali, kongress markazi bo‘lgan 41 qavatli majmua qurish taklif qilinmoqda. Loyiha 23-noyabr kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda muhokama qilindi. Loyiha vakillari barcha tayyorgarlik tugagani, faqat qavatlar soniga ruxsat olish qolganini aytdi. Muammo shundaki, amaldagi bosh rejaga ko‘ra bu hududda yetti qavatgacha bino qurish mumkin.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov 41 qavatli bino Amir Temur haykali ko‘rinishini to‘sib qo‘yishidan xavotir bildirdi. Loyiha vakili esa haykal to‘silmasligini aytdi. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev gapni qisqa qildi: tasdiqlangan bosh rejadagi qavatlar soni alohida investorning iltimosi bilan o‘zgarmaydi.

Urbanizatsiya qo‘mitasi vakilining aytishicha, investorga qo‘shni «InterContinental»dan, ya’ni taxminan 21 qavatdan baland bo‘lmagan loyiha tayyorlash taklif qilingan. Ammo ko‘rib chiqish hali ma’qullash degani emas. Xo‘jayev mas’ul idoralarga ruxsat etilgan qavatlar sonini ko‘rsatib, investorga rasmiy javob berishni topshirdi. Hozircha 41 qavatga ruxsat yo‘q. Bino 7 qavatli bo‘ladimi yoki 41 qavatli, qishda baribir uni isitish kerak. Mana shu yerda eng og‘riqli mavzu boshlanadi.

Qish keldi, navbat ham

Havo soviy boshladi deguncha, tanish manzaralar qaytadi: «zapravka»lar oldidagi navbatlar, bo‘sh ballon ko‘tarib yurgan odamlar, «gaz qachon keladi?» degan savollar. Ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p tilga olinadigan idora yana Energetika vazirligi bo‘lib qoldi. Eslatib o‘tamiz, yuqorida tilga olingan Jahongir Ortiqxo‘jayev ham 2023-yilning yanvar oyida aynan qishga yetarli tayyorgarlik ko‘rmagani uchun poytaxt hokimi lavozimidan olingan edi.

Ballonni «zapravka»da to‘ldirsa bo‘ladimi?

Oy boshida suyultirilgan gaz narxi 2,5 barobar oshgani haqida yozgan edik. Endi yangi muammo chiqdi: 2-noyabr kuni imzolangan qonunga ko‘ra, avtomobil «zapravka»lari maishiy ballonni to‘ldirsa, 1 million 320 ming so‘mdan 2 million 200 ming so‘mgacha jarimaga tortiladi. Jarima fuqaroga emas, shoxobchaga solinadi. Norma 2027-yil 5-fevraldan, ya’ni qishning eng qahraton paytida kuchga kiradi.

Rasmiylar ballonni ruxsatli maxsus shoxobchalarda to‘ldirish mumkinligini aytmoqda. Ammo ularning soni bo‘yicha raqamlar mos kelmaydi: «LPG-Trade» «300 dan ortiq», «Hududgazta’minot» esa «360 dan ortiq» deydi. Vaqt.uz’ga taqdim etilgan ro‘yxatda 325 ta shoxobcha bor, ularning 107 tasi birgina Samarqand viloyatida. Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Navoiy va Sirdaryoda esa bunday shoxobcha umuman yo‘q.

Iqtisodchi Otabek Bakirov yangi tartibni «tanlovsiz qolgan iste’molchini jazolaydigan navbatdagi yomon qonun» deb atadi. Navoiylik choyxona egasining aytishicha, gaz o‘chgan kunlari ular propan bilan ishlarda, endi bunday kunlari choyxona yopiladi. Tarmoq foydalanuvchilari esa odamlar gazni mashinaga quyib, uyda shlang bilan ballonga o‘tkaza boshlashidan ogohlantirmoqda, bu esa xavfni yanada oshiradi. «Hududgazta’minot» «zapravka»larda maxsus postlar ochishni taklif qildi, ammo ular qachon va qayerda ochilishi hozircha noma’lum. Batafsil tahlilni Vaqt.uz saytida o‘qing.

«Gaz borgan sari kamayib boradi»

Ballon muammosi xonadonlarni qiynayotgan bo‘lsa, issiqxona egalari oldida undan ham katta savol turibdi: gaz umuman bo‘ladimi? 16-noyabr kuni Savdo-sanoat palatasidagi ochiq muloqotda energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadminov davlat issiqxonalarni uzluksiz gaz bilan ta’minlashni kafolatlay olmasligini ochiq aytdi.

«Bilasiz, gaz qazib chiqarish hajmi yildan-yilga kamayib ketyapti», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, zaxiralar tugab bormoqda, sovuqda esa quvurlarda bosim tushib, ta’minot yanada cheklanadi. Issiqxonalarga muqobil yechimlar tavsiya qilindi: propan-butan, pellet, geotermal isitish.

Tadbirkorlarning aytishicha, yangi issiqxonalarga gazga ulanish uchun ruxsat berilmayapti, ekologik talablar tufayli ko‘mirga ham o‘tib bo‘lmaydi. Bir gul yetishtiruvchi vaziyatni shunday ta’rifladi: ekin pishay deb turganda gaz uzilsa, «hamma narsamiz havoga uchib ketadi». Ular muqobil isitishga o‘tishga rozi, lekin buning uchun mablag‘ va vaqt kerak. Bir oyda buni qilish imkonsiz.

Gaz kamayib borayotgani endi sir emas. Savol shundaki, unga tayyorlanish uchun vaqt beriladimi?

Har oltinchi kilovatt yo‘lda yo‘qolyapti

Vazirlik gazdan elektrga o‘tishni maslahat bermoqda. Ammo elektrning o‘zida ham muammo kam emas, buni bu hafta prezidentning o‘zi tanqid qildi. 19-noyabr kuni O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmonlari bilan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev elektr ishlab chiqarish quvvatlari oshayotganini aytdi: quyosh va shamol stansiyalari qurilyapti, gidroenergetika rivojlanyapti. Ammo elektrni iste’molchiga yetkazadigan taqsimlash tarmoqlari hanuz eskicha ishlayapti, modernizatsiya esa sust. Raqamlar ham shuni ko‘rsatadi.

2026-yilning birinchi yarmida mamlakat bo‘yicha 4,8 milliard kilovatt-soat, ya’ni 17,2 foiz elektr tarmoqda yo‘qolgan. Oddiy qilib aytsak, deyarli har oltinchi kilovatt iste’molchiga yetib bormayapti. Ayrim tumanlarda yo‘qotish 20 foizdan ham oshishi mumkin.

Turkiyaning «EKSIM Holding» kompaniyasi bilan Buxoro viloyati tarmoqlarini modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish bo‘yicha muzokaralarni tezlashtirish topshirildi. Kompaniya vakillari Buxorodagi infratuzilmani o‘rgangan va ma’qullansa, boshqaruvni o‘z zimmasiga olishga tayyorligini bildirgan. Hozircha yakuniy kelishuv yo‘q. Samarqandda esa bu yo‘l allaqachon sinalmoqda: Turkiyaning «Aksa Elektrik» kompaniyasi viloyat tarmoqlarini boshqarish va modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshiryapti. Dastlabki 12 yilda bu loyiha doirasida 357 million dollar investitsiya jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Energetikada o‘rinlar almashdi

Shu hafta vazirlikning o‘zida ham o‘rinlar almashdi. Issiqxona egalariga «gaz kamayib boradi» degan Umid Mamadminov endi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligiga rahbar. U 24-iyundan beri energetika vazirining birinchi o‘rinbosari edi. Uning o‘rnini «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» boshqaruvi raisi Abdumalik Nazirov egalladi. U 2002-yildan beri energetika sohasida ishlaydi.

Vazir o‘rinbosari etib Otabek Omonov tayinlandi. U bungacha Atom energiyasi agentligining AES qurilishi direksiyasi direktori o‘rinbosari edi.

Yangi jamoa oldidagi savollar ma’lum: navbatlar qisqaradimi, ballon vaqtida keladimi, yo‘qolayotgan kilovattlar topiladimi? Javobni qish ko‘rsatadi.

Mijozlar puli qimorga ketdi

Pulni firibgar emas, ishonib topshirgan odamingiz yo‘qotsa-chi? Andijonda bank xodimi mijozlarning 3,2 milliard so‘mdan ortiq, taxminan 250 ming dollarlik pulini o‘zlashtirib, onlayn qimorga tikkanlikda gumonlanmoqda. Tergov departamenti ma’lumotiga ko‘ra, u mijozlarning xalqaro pul o‘tkazmalari uchun mo‘ljallangan mablag‘larini o‘zining xalqaro plastik kartasiga o‘tkazib olgan. Kamomad pulni egalariga qaytarish vaqti kelganda ochilgan. Gumonlanuvchi qilgan ishidan afsusda ekani, qimor tufayli oilasi va hamkasblaridan ayrilganini aytgan.

Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan ish qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchi qamoqqa olingan, ish sudga yuborilgan.

Uch kishi, 768 milliard so‘m

Toshkentda raqamlar bundan ham katta bo‘ldi. Yashnobod tumanida kriptoaktivlar bilan noqonuniy savdo qilganlikda gumonlangan uch kishi qo‘lga olindi. Toshkent shahar IIBB ma’lumotiga ko‘ra, ular turli davlatlar valutasidagi pulni kriptoaktivlarga ayirboshlab, moliyaviy operatsiyalar o‘tkazgan. Gumonlanuvchilarning qurilmalarida 64 milliondan ortiq USDT, ya’ni qariyb 768 milliard 380 million so‘mlik operatsiyalar aniqlangan. Sakkizta telefon va ikkita noutbuk ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan. Jinoyat kodeksining 278⁸-moddasi bilan ish qo‘zg‘atildi, tergov davom etmoqda.

Koloniyadan turib narkodo‘kon: mansabdor 11 yilga qamaldi

Pul ham, jinoyat ham tobora onlaynga ko‘chyapti. Eng hayratlanarlisi, bunday «biznes»ni hatto koloniyadan turib ham boshqarish mumkin ekan. Sud hujjatlariga ko‘ra, Toshkentdagi koloniyada mahkumga alohida xona ajratib, telefon orqali narkodo‘kon yuritishiga sharoit yaratgan koloniya boshlig‘i o‘rinbosari 11 yilga qamaldi. Q.Q. 2024-yil 26-noyabrda koloniya boshlig‘ining tezkor-qidiruv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan. U aynan saqlash rejimiga rioya etilishini nazorat qilishi va huquqbuzarliklarning oldini olishi kerak edi.

Sud hujjatiga ko‘ra, mahkum D.D. uni uyushgan guruhga jalb qilgan, o‘rinbosar esa moddiy manfaat evaziga mahkumga sharoit yaratib bergan. 2025-yil 26-yanvardan mahkum reabilitatsiya markazining ikkinchi qavatidagi xodimlar uchun ajratilgan, videokuzatuv kamerasi bo‘lmagan xonaga joylashtirilgan. U xonani o‘zi uchun jihozlatib, yolg‘iz yashagan va koloniya hududida erkin yurgan.

Qog‘ozda u 2025-yilning aprelidan 2026-yilning yanvarigacha navbatchi sifatida ro‘yxatga kiritilgan, amalda esa hech qanday ish qilmagan. Boshliq o‘rinbosari yetkazib bergan telefon orqali mahkum 2025-yil oktabr–noyabr oylarida tanishi J.S. va boshqa shaxslar bilan Telegram’da «Druid» nomli narkodo‘kon ochgan. Giyohvandlik vositalari Toshkentga olib kelinib, Sergeli tumanidagi yashirin joylarga qo‘yilgan. Guruhning tashqaridagi a’zolari ularni qadoqlab tarqatgan.

Sudda Q.Q. aybini tan olmagan: mahkumlarni joylashtirish uning vakolatiga kirmagani, telefon va savdodan xabari bo‘lmaganini aytgan. Ammo sud uning telefon raqami joylashuvi, avtomobili harakati, yuzlashtirish bayonnomasi va boshqa dalillarni asos qilib oldi.

Chilonzor tuman sudi uni pora olish moddasi bo‘yicha oqladi. Biroq mansab vakolatini suiiste’mol qilish (JKning 205-moddasi 2-qismi «b» bandi) va giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish (273-moddasi 5-qismi) bo‘yicha aybdor deb topdi. Unga 3 yil IIO tizimida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 11 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi, jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi. Koloniya aslida jazo o‘taladigan joy bo‘lishi kerak edi. Bu hikoyada esa u ofisga aylangan.

Said Abdulaziz Yusupov 10 yilga qamaldi

Yana bir hukm bu hafta harbiy suddan chiqdi. «Kun.uz» ma’lumotiga ko‘ra, 20-noyabr kuni harbiy sud Said Abdulaziz Yusupovni konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish va og‘irlashtiruvchi holatlarda tuhmat qilishda (JKning 159-moddasi 3-qismi va 139-moddasi 2-qismi) aybdor deb topdi. U 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Bu Yusupovning birinchi sudlanishi emas. U 2019-yilning mayida qo‘lga olingan, unga o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik va pora berish ayblovlari qo‘yilgan. Dastlab 6,5 yil qamoq jazosi tayinlangan, keyin jaza 2,5 yil axloq tuzatish ishlariga almashtirilgan. U 2020-yil 8-iyulda ozod etilgan. O‘shanda Oliy sud raisi o‘rinbosari zarar to‘liq qoplangani uchun qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanganini aytgan edi.

Qo‘shniga yo‘l kengaydi

O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi «G‘ishtko‘prik» va «Jibek joli» bojxona postlari modernizatsiyadan so‘ng ochildi. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, yangilangan postlar chegaradan o‘tuvchi fuqarolar va transport vositalari uchun qulaylik yaratadi.

Ochilish marosimida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov, Qozog‘iston moliya vaziri Madi Takiyev va ikki davlat bojxona organlari rahbarlari ishtirok etdi. Ikki davlat delegatsiyalari ramziy lenta kesdi. Qish faslida faqat «zapravka»da emas, chegarada ham navbat bo‘ladi. Endi yangi postlar u yerdagi navbatni qisqartiradimi yoki yo‘qmi, buni yo‘lovchilar aytadi.

Bu hafta prezident nimalar qildi?

Ikki hafta oldin Iordaniyadagi tadqiqot markazi Shavkat Mirziyoyevni dunyoning eng nufuzli 50 musulmoni qatoriga kiritgani haqida yozgan edik. Bu hafta esa prezidentning o‘zi Iordaniyaga bordi. Podshoh Abdulla II ibn al-Husaynning taklifiga binoan prezident 23–24-noyabr kunlari bu mamlakatda davlat tashrifi bilan bo‘ldi. Parvoz chog‘ida u nabirasi Shavkatbekka maktub yozgani ham e’lon qilindi.

Ummonda prezident va uning rafiqasini Podshoh Abdulla II va Malika Raniya al-Abdulla kutib oldi. Rahbarlar orden almashdi: podshoh prezidentni «Al Husayn ibn Ali» ordeni bilan taqdirladi, Mirziyoyev esa podshohga «Oliy darajali Do‘stlik» ordenini topshirdi. Tashrif davomida 19 ta hujjat imzolandi, ikki davlat strategik sheriklikka o‘tdi. Imzolangan hujjatlar orasida eng muhimi imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim. Uning yordamida o‘zaro savdoni 500 million dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Vatanga qaytgach, prezident xorijiy tashriflar natijalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Unda 16–17-noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Ummon safari ham sarhisob qilindi: u yerda 30 dan ortiq hujjat imzolanib, 5 milliard dollarlik qo‘shma loyihalar portfeli shakllantirilgan. Turkiya bilan esa 19-noyabr kuni Toshkentda katta qadam tashlandi: Turkiyaning 150 dan ortiq kompaniyasi ishtirokida o‘tgan biznes kengashida 11,2 milliard dollarlik investitsiya va savdo kelishuvlariga erishildi. Elektr tarmoqlari tanqid qilingan yig‘ilish ham aynan shu kuni bo‘lgan edi. Har bir davlat bo‘yicha muddatlari va mas’ullari ko‘rsatilgan «yo‘l xaritalari» tuzish topshirildi. Yig‘ilishda 2027-yilda O‘zbekistonda o‘tadigan yirik xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik ham muhokama qilindi.

Hafta davomida prezident bir qancha taqdimotlar bilan tanishdi: tadbirkorlik va bandlik, chorvachilikda ozuqa bazasi, turizm va qo‘riqlash xizmatlari. Qo‘riqlash xizmatlari bo‘yicha taqdimotda aholi uchun yangi xizmatlar taklif qilindi. «Aqlli va xavfsiz uy» konsepsiyasi asosida xonadonlarga nazorat qurilmalari o‘rnatiladi, telefon orqali tezkor yordam chaqiradigan virtual «SOS» tizimi ishga tushadi. Ko‘p qavatli uylarga domofon va tashvish tugmalari o‘rnatish ham rejalashtirilgan. 2027-yilda qo‘riqlanadigan obyektlar sonini 337 mingtadan 600 mingtaga yetkazish maqsad qilingan.

Hafta yakunida prezident Farg‘ona viloyati bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Viloyat uchun kamida 20 milliard dollarlik investitsiya loyihalari portfeli shakllantirilgan. 2027-yilda viloyatga 6,1 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish, eksportni 2 milliard dollarga yetkazish va 1,1 million kishining daromadini ikki barobar oshirish rejalashtirilgan. Prezident endi aholi daromadini oshirish hudud rahbarlari faoliyatini baholashning asosiy mezonlaridan biri bo‘lishini aytdi. Ya’ni hokimlar endi hisobotdagi foizlar bilan emas, aholining cho‘ntagi bilan baholanadi. Shuningdek, prezidentga «O‘zmilliybank» faoliyati va kelgusidagi vazifalar bo‘yicha axborot berildi.

Bankadagi tog‘ havosi: litri 50 ming so‘m

Jiddiy xabarlardan keyin endi biroz nafas olamiz, to‘g‘ri ma’noda. Ijtimoiy tarmoqlarda «Zo‘r TV»dagi ko‘rsatuvdan lavha tarqaldi. Unda bir tadbirkor ayol tog‘ning toza havosini bankalarga solib, poytaxtda sotish g‘oyasini taqdim etdi. Uning aytishicha, Toshkent havo ifloslanishi bo‘yicha so‘nggi bir yildan beri birinchi-uchinchi o‘rinlardan tushmayapti. Shuning uchun u «TTX», ya’ni «Tabiiy toza tog‘ havosi» firmasini ochmoqchi va ko‘rsatuvda 500 million so‘m yutsa, pulni shu ishga sarflamoqchi. Narxlar: bir litrli banka 50 ming, ikki litrlisi 100 ming, uch litrlisi esa ulgurji chegirma bilan 120 ming so‘m. Havo tog‘ning aynan qayeridan olinishi «firma siri».

Lavha tarmoqlarda tez tarqalib, kulguga olindi. Buni qarangki, dunyoda bu g‘oya allaqachon pul keltirgan. 2014-yilda kanadalik «Vitality Air» kompaniyasi Banf tog‘lari havosini ballonlarga solib, smogdan qiynalayotgan Xitoyga sota boshladi. Dastlabki 500 ta ballon qisqa vaqtda sotilib ketgan. Britaniyalik Leo De Vats esa «Aethaer» kompaniyasi orqali qishloq havosini 580 millilitrlik bankalarda 80 funt sterlingdan, ya’ni taxminan 115 dollardan sotgan. Uning asosiy xaridorlari Pekin va Shanxay aholisi bo‘lgan.

Alifbo o‘zgardi, pul-chi?

Va nihoyat, hamyoningizga bevosita tegishli xabar. Alifbodagi ayrim harflarning yozilishi o‘zgargach, «qo‘limdagi pullarni almashtirish kerakmi?» degan savol tug‘ildi. Markaziy bank tinchlantirdi: kerak emas. Amaldagi pullar bilan avvalgidek xarid qilish va to‘lov qilish mumkin.

17-noyabr kuni naqd pul muomalasi bo‘yicha yangi yo‘riqnoma davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Unga ko‘ra, pul belgilaridagi barcha yozuvlar davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishi kerak. Kelajakda yangi alifbodagi banknotlar chiqsa, ular hozirgi pullar bilan yonma-yon muomalada bo‘ladi. Chiqarilishi haqida kamida bir hafta oldin rasmiy e’lon qilinadi. Xullas, harflar o‘zgarsa ham, puldagi nollar joyida.

Teglar

Feruza Najmiddinova

Feruza NajmiddinovaMaqolalar soni: 23

Barchasi

Mavzuga oid