
Zoyir Mirzayev Hollivudda: Floridada Toshkent viloyati vakolatxonasi ochildi
Yangi vakolatxona viloyatning iqtisodiy, madaniy va turistik salohiyatini AQSHda keng targ‘ib etish, shuningdek, amerikalik biznes hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatishda muhim platforma vazifasini bajarishi aytilmoqda.

AQSHning Florida shtati Hollivud shahrida Toshkent viloyatining vakolatxonasi rasman ish faoliyatini boshladi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligining axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, vakolatxona hokim Zoir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiyaning AQSHga xizmat safari doirasida ochilgan. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad Toshkent viloyatining xalqaro iqtisodiy aloqalarini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikning yangi imkoniyatlarini yaratishdir.
«Yangi vakolatxona — viloyatning iqtisodiy, madaniy va turistik salohiyatini AQSHda keng targ‘ib etish, shuningdek, amerikalik biznes hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatishda muhim platforma vazifasini bajaradi», — deyiladi hokimlik xabarida.
Ta’kidlanishicha, Toshkent viloyati va Hollivud shahri o‘rtasida bir qancha yo‘nalishlarda qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu borada mazkur vakolatxona orqali viloyatdagi tadbirkorlar va eksportyorlar uchun AQSH bozoriga chiqishda amaliy ko‘mak ko‘rsatish, ishbilarmon doiralar o‘rtasida hamkorlik ko‘priklarini yaratish ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi oylarda yanada faollashgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etilib, Saida Mirziyoyeva unga hamraisi etib tayinlangandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston AQSHda vatandoshlar ko‘p yashaydigan Filadelfiya, Chikago, Orlando va Sietl shaharlarida yangi konsulxonalar ochishni rejalashtirmoqda. Ular diaspora bilan ishlashdan tashqari, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.





