
AQSH G‘azo sektorida 10 yillik protektorat o‘rnatishni rejalashtirmoqda
01.09.2025 | 09:0023914
Tramp ma’muriyati Falastin ekslavidagi 2 million aholini vaqtincha ko‘chirish va 100 mlrd dollarlik investitsiya jalb etishni ko‘zlamoqda.

The Washington Post manbasiga ko‘ra, Donald Tramp ma’muriyati G‘azo sektorida Amerika protektoratini o‘rnatish va ikki million aholini vaqtincha ko‘chirishni o‘z ichiga olgan radikal rejani ishlab chiqqan. Ushbu loyiha GREAT Trust (Gaza Reconstitution, Economic Acceleration and Transformation Trust) deb nomlangan.
Hujjatga ko‘ra, protektorat kamida 10 yil amal qiladi va AQSH bevosita mablag‘ kiritmaydi. Uning o‘rniga, kamida 100 mlrd dollar xususiy investitsiya jalb qilinib, investorlarga 4 barobar daromad taqdim etish mo‘ljallangan.
Loyihaning asosiy nuqtasi — aholini butunlay ko‘chirish. Ularning mulki uchun «raqamli aktivlar» taklif qilinib, bu aktivlar orqali boshqa davlatlarda yoki qayta quriladigan «aqlli shaharlar»da uy xarid qilish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, har bir ko‘chirilayotgan shaxsga 5 ming to‘lov dollar va subsidiya beriladi.
Tramp rejasida HAMASni hokimiyatdan to‘liq chetlatish asosiy shart qilib belgilangan. Bu Isroil va AQSHning mavqeiga mos keladi. Reja bo‘yicha Toni Bler va Jared Kushner faol ish olib bormoqda.
Avvalroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu G‘azo aholisini Janubiy Sudan, Efiopiya, Liviya, Indoneziya va Somalilend kabi mamlakatlarga ko‘chirish yuzasidan muzokaralar olib borayotganini aytgandi. Bu davlatlar ko‘chirishga yordam evaziga moliyaviy va xalqaro kompensatsiya talab qilmoqda.
2025 yil fevralida Tramp Netanyahu bilan qo‘shma matbuot anjumanida G‘azodan falastinliklarni arab davlatlariga doimiy ko‘chirish mumkinligini aytgan. Uning fikricha, Misr va Iordaniya falastinliklarni qabul qilishga rozi bo‘ladi.





