Auksionga qo‘yilgan vazirlik binosi, ko‘chmas mulk bozoridagi yangi rekordlar va inflatsiyani jilovlovchi yangi markaz — 13-fevral dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Bandlik vazirligi binosi 180 mlrd so‘mga auksionga qo‘yildi
Yangi Toshkent shahriga ko‘chish jarayoni doirasida Mirobod tumanida joylashgan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi binosi 180 mlrd so‘m boshlang‘ich narx bilan auksionga chiqarildi. Umumiy maydoni 12 647 kv metr bo‘lgan ushbu obyekt bo‘yicha savdolar 23-fevral kuni bo‘lib o‘tishi belgilangan. Vazirlik binoni 3 yil ichida to‘liq bo‘shatib berish majburiyatini olgan, biroq Yangi Toshkentdagi ma’muriy bino vaqtliroq bitsa, obyekt xaridorga muddatidan oldin topshiriladi.
Auksion shartlariga ko‘ra, xaridorlarga to‘lovni bo‘lib-bo‘lib amalga oshirish imkoniyati beriladi, bunda dastlabki to‘lov 35 foizdan kam bo‘lsa, qolgan summaga yillik 14 foiz ustama hisoblanadi. Agar xaridor bir oy ichida to‘lovni to‘liq amalga oshirsa, unga 14 foiz miqdorida chegirma taqdim etiladi. Yangi egasi ushbu majmuada shaharsozlik hujjatlariga muvofiq ofis va xizmat ko‘rsatish faoliyatini tashkil etishi shart.
Prezident tashabbusi bilan Ramazon oyida arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalari yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonda Ramazon oyi munosabati bilan dehqon bozorlari va yirik savdo majmualarida arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalari tashkil etiladi. Bu haqda 13-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida o‘tkazilgan tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
«Keyingi haftadan muborak Ramazon oyi boshlanadi. Saxovat, mehr-oqibat va shukronalik ramzi bo‘lgan ushbu muqaddas kunlarda ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash har qachongidan ham muhim», – dedi Mirziyoyev hamda dehqon bozorlari va yirik savdo komplekslarida arzonlashgan oziq-ovqat yarmarkalarini boshlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Shu bilan birga, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va mehnat unumdorligi markazi inflatsiyaga ta’sir etuvchi ichki va tashqi xatarlarni oldindan aniqlash hamda ularga amaliy yechimlar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.
Vazirlikning hududiy boshqarmalarida markazning 2 nafardan vakili bo‘ladi. Markaz har haftada tuman va shahardagi bozorlarni tahlil qilib, qaysi mahsulotga hozir qancha ehtiyoj borligi, bir oy, uch oy, bir yildan keyin talab qanday o‘zgarishini prognoz qiladi.
Eng katta o‘sish Surxondaryoda: O‘zbekiston hududlarida uylar narxi qanday o‘syapti?
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahliliga ko‘ra, 2026 yil yanvar oyida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida faollik oshib, uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni o‘tgan yilga nisbatan 12 foizga ko‘paygan. Ikkilamchi bozorda respublika bo‘yicha o‘rtacha narxlar yil davomida 8 foizga ko‘tarilgan bo‘lsa, eng yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida (qariyb 24 foiz) qayd etildi. Shuningdek, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda ham narxlar sezilarli darajada — 16 foizga oshgan.
Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joyning 1 kv metri o‘rtacha 1120 dollarni tashkil etib, Yakkasaroy va Mirobod tumanlarida narxlar eng tez sur’atda o‘sgan. Poytaxtning birlamchi bozorida (yangi qurilgan uylar) esa narx o‘sishi yanada yuqori bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 9 foizdan oshdi. Ayniqsa, Mirobod (18,4 foiz) va Mirzo Ulug‘bek (17,3 foiz) tumanlari yangi uylar narxining ko‘tarilishi bo‘yicha yetakchilik qilmoqda.
Yosh tadbirkorlar uchun 1 mlrd so‘mgacha investitsiya ajratiladi
2026 yildan O‘zbekistonda yoshlarning startap va biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Yosh tadbirkorlar» chempionati o‘tkazila boshlanadi. Prezident qaroriga muvofiq, tanlov doirasida saralab olingan 100 tagacha eng yaxshi loyihaning har biriga 1 mlrd so‘mgacha investitsiya ajratiladi. Mablag‘lar maxsus jamg‘armalar hisobidan yo‘naltirilib, loyihalarni brendga aylantirish va marketing xizmatlari uchun BHMning 100 baravarigacha xarajatlar davlat tomonidan qoplab beriladi.
Bundan tashqari, 2026 yil 1-apreldan boshlab «Raqamli startaplar» dasturi ishtirokchilariga eksport talabisiz IT-park rezidenti maqomi va imtiyozlari beriladi. G‘oliblar «Faol tadbirkor» va «O‘zbekiston belgisi» kabi davlat mukofotlariga tavsiya etilishi, shuningdek, har yili an’anaviy «Startap ekspo» ko‘rgazmasi tashkil etilishi belgilangan.
«Asakabank» rahbari Olmazor tumaniga hokim bo‘ldi
Qudratilla Asatullayevich To‘laganov Toshkent shahrining Olmazor tumani hokimi etib tayinlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi rasmiy ma’lum qildi.
Qudratilla To‘laganov 1982 yil 6-oktabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 2008 yilda Toshkent moliya institutini, 2016 yilda esa Bank-moliya akademiyasini tamomlagan. Moliya va bank tizimidagi ko‘p yillik faoliyati davomida turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan.
Yangi tayinlovga qadar u 2023 yildan buyon «Asakabank» boshqaruv raisi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Ma’lumot uchun: hozirda Toshkentning Shayxontohur, Sergeli va Uchtepa tumanlarini ham bank sohasida faoliyat yuritgan kadrlar boshqarib kelmoqda.





