add

Bir oyda yillik omonatlardan foydaliroq: oltin nega shiddat bilan qimmatlayapti?

29.01.2026 | 21:505 daqiqa

5-yanvardan beri oltin quymalari narxi 25,5 foizga ko‘tarildi. Bu eng yuqori foizli yillik omonatlardan ham ko‘proq. Vaqt.uz qanday qilib O‘zbekistonda oltin sotib olish, narx o‘sishi sabablari va kutilmalar haqida ma’lumot beradi.

Bir oyda yillik omonatlardan foydaliroq: oltin nega shiddat bilan qimmatlayapti?

Oltin narxi bugun, 29-yanvar kuni tarixda birinchi marta troya unsiyasida (31,1 g) 5 500 dollarlik marrani kesib o‘tdi. So‘nggi bir yilda narx 98 foizga, so‘nggi bir oyda esa 28 foizga o‘sdi.

Narx hattoki kuchli tahlilchilar ham tasavvur qilmagan tezlikda o‘smoqda. O‘tgan hafta Goldman Sachs tahlilchilari oltin narxi 2026 yil oxirida 5 400 dollar atrofida bo‘lishi haqida o‘z kutilmalarini taqdim qilgandi.

O‘sha paytda narx 4 800 dollar atrofida edi. Bir hafta ichida 5 400 dollarlik marra kesib o‘tildi va 5 500 dollarlik rekord o‘rnatildi. Katta ehtimol bilan yaqin haftalarda Goldman Sachs o‘z prognozini yana qayta yangilaydi.

Oltin nega qimmatlayapti?

Kecha, 28-yanvar kuni AQSH Federal zaxira tizimi (Fed) foiz stavkalarini kutilganidek 3,5–3,75 foiz oralig‘ida saqlab qoldi.

Biroq, AQSH prezidenti Donald Tramp Fed raisiga ancha paytdan beri foizlarni tushirishi uchun bosim qilib kelmoqda.

Shu yilning yanvar oyida Tramp ma’muriyati Jerom Pauellga nisbatan jinoiy tergov boshlagani ma’lum bo‘ldi.

Rasmiy sabab — Fed’ga tegishli tarixiy binolarni rekonstruksiya qilish bo‘yicha Pauellning Kongressdagi bayonoti.

Fed raisi esa bu ish zarur bo‘lganini, bosimlar esa aslida Trampning foiz stavkalarini tezroq tushirish istagi bilan bog‘liqligini bildirdi. Tramp iqtisodiy o‘sishni jadallashtirishni ko‘zlasa, Fed inflatsiyani jilovlash uchun ehtiyotkor siyosat tarafdori.

Aynan Tramp bilan ziddiyat sabab Fed mustaqilligiga nisbatan xavotirlar kuchaydi. Bu esa oltin narxi o‘sishiga turtki berdi.

Oltinga talab avvalo geosiyosiy ziddiyatlar fonida ortmoqda. AQSHda ichki siyosiy noaniqliklar ortidan investorlar oltinga ko‘proq e’tibor bermoqda.

AQSH dollarining global moliyaviy tizimdagi roli va Fed siyosati oltin narxiga bevosita ta’sir qilgani sababli, mamlakat ichidagi siyosiy va monetar jarayonlar oltin bozorida keskin aks etmoqda

Shuningdek, markaziy banklar ham o‘z zaxiralarida oltinning ulushini sezilarli ko‘paytirmoqda. Masalan, O‘zbekiston zaxiralarida qariyb 400 tonna oltin bor va bu so‘nggi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkich.

Bundan tashqari, Eron va Yaqin Sharqdagi mojarolar, qariyb 4 yildan beri davom etayotgan Rossiya—Ukraina urushi ham investorlarni oltinga xavfsiz aktiv sifatida qarashga majbur qilmoqda.

Fed mustaqilligidan tashqari dollarga nisbatan ishonch ham pasayib bormoqda. Dollar indeksi so‘nggi bir yilda 108 dan 96 gacha tushib ketdi.

O‘zbekistonda ham so‘m kursi 2025 yil davomida birinchi marta dollarga nisbatan mustahkamlandi.

Mahalliy narxlar qanday?

Jahonda narx qimmatlashishi fonida O‘zbekiston Markaziy banki oltin quymalari uchun ketma-ket sakkizinchi kun rekord narx belgiladi.

Quyma narxlarini doimiy kuzatib borish uchun Markaziy bankning rasmiy saytiga kirish kerak — https://cbu.uz/uz/banknotes-coins/gold-bars/prices/. Ma’lumotlar kun davomida o‘zgarishi mumkin.

1

29-yanvar holatiga ko‘ra, 1 gramm oltin quyma 2 173 000 so‘mdan sotilmoqda. Eng yirik — 100 gr ko‘rinishidagi oltin quymalar 217,3 mln so‘mdan sotilmoqda. Bu quymaning narxi bir kunda 11,5 mln so‘mga qimmatladi.

Quymalar oldi-sotdisi bilan banklar shug‘ullanadi. 100 gr quymani qaytarib olish narxi 204,9 mln so‘mni tashkil qilmoqda.

Oltin quymalari yanvar oyining o‘zida 25,5 foizga qimmatladi. Bu mamlakatdagi bank omonatlarining maksimal yillik foiz stavkasi — 23 foizdan ham yuqori.

5-yanvar kuni 100 gr oltin quyma banklarda 173,2 mln so‘mdan sotilgan edi. Xuddi shu quyma qadog‘i but holda bugun bankka olib borilganda, bank uni 204,9 mln so‘m narxda qaytarib sotib olardi. Foyda 18 foizdan yuqori.

Mamlakatdagi hamma bank ham oltin quymalarini sotavermaydi. Qaysi bankdan quyma sotib olish mumkinligini Markaziy bankning rasmiy saytidan bilish mumkin — https://cbu.uz/oz/banknotes-coins/gold-bars/balance/.

Sayt orqali foydalanuvchilar o‘zlariga yaqin bankda qancha oltin quyma borligini bilish imkoniyatiga ega. Masalan, 29-yanvar holatiga ko‘ra, Toshkent shahri bo‘yicha «Xalq banki»ning Yakkasaroy filialida eng ko‘p quyma bor.

Banklardan boshqa variant ham bormi?

Zargarlik do‘konlari ham o‘zlari ishlab chiqargan oltin quymalarini aholiga taklif qilib kelmoqda. Biroq, aksariyat hollarda banklardagi narx do‘kon va bozorlardagi narxdan pastroq bo‘ladi.

Masalan, yirik zargarlik do‘konlaridan biri — «Fonon» 100 gr oltin quyma narxini 225,8 mln so‘m qilib belgilagan. Bu bankdagi narxga nisbatan 8,5 mln so‘mga qimmatroq.

Qayerda yaxshiroq narx taklif etilayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi.

Oltinni zargarlik buyumlari ko‘rinishida ham sotib olish mumkin. Biroq, bu sarmoyaviy tomondan to‘g‘ri qaror bo‘lmaydi.

Sababi zargarlik buyumlarini qaytarib sotib olish narxi ancha pastroq bo‘ladi. Shunga qaramay, ulardan taqinchoq sifatida foydalanish imkoniyati ham bor. Oltin quymalari bilan esa buning iloji yo‘q.

Onlayn oltin sotib olish

O‘zbekistonda oltinni onlayn sotib olish imkoniyati ham bor. O‘tgan yil bahorda «Milliy bank» birinchilardan bo‘lib, mobil ilova orqali sarmoya qilish mumkin bo‘lgan «Oltin omonat»ni ishga tushirgandi.

3

Keyinchalik Paynet «Xalq banki» bilan birgalikda oltin quymalarining onlayn sotuvini yo‘lga qo‘ydi. Bunda asosiy qulaylik — quymani sotib olib, bankda xavfsiz saqlash.

Oltin quymalari oflayn tarzda sotib olinganda, ularni saqlash qo‘shimcha xarajat talab qilishi mumkin. Masalan, xavfsizlik maqsadida bank yacheykalaridan foydalanish uchun to‘lov amalga oshirish kerak.

Bundan tashqari, boshqa bir nechta banklar ham oltinga onlayn sarmoya kiritish imkoniyatini yaratmoqda.

Oltin quymalarini xorijga olib chiqish mumkinmi?

Jismoniy shaxslar oltin quymalarni sertifikati bilan birga chet elga to‘siqlarsiz olib chiqishi mumkin. Bunda quymalar narxi qonunchilik tomonidan belgilangan miqdor — 5 000 dollardan oshgan taqdirda bojxona deklaratsiyasi to‘ldirilishi kerak.

1-noyabrdan boshlab deklaratsiyasini mobil ilova orqali onlayn to‘ldirish imkoniyati yaratilgan. Buning uchun «Yo‘lovchi-deklaratsiyasi» mobil ilovasidan foydalanish kerak.

Oltin narxi endi qanday bo‘ladi?

Bu savolga aniq javobni hech kim bilmaydi. Mutlaqo hech kim.

Yuqorida aytilganidek, Goldman Sachs kutilmalari 1 hafta ichidayoq kesib o‘tildi.

Markaziy bankning asosiy ssenariysiga ko‘ra, 2026 yilda oltin narxi 4 000 dollar atrofida bo‘lishi kerak edi.

Geosiyosiy va iqtisodiy noaniqliklar, savdo kelishmovchiliklari, AQSH dollarining zaiflashuvi yanada kuchayishi ortidan oltin narxi keskin qimmatlaganda ham 5 000 — 5 500 dollargacha chiqishi mumkinligi kutilgandi.

Biroq, yanvar oyidayoq oltin 5 500 dollarlik marrani kesib o‘tdi. Albatta, narxlar bunchalik cho‘qqiga chiqib ketishi normal emas.

Bu hozirgi siyosiy tizim, global iqtisodiy vaziyatga odamlarning qanchalik ishonchsizligini yaqqol ko‘rsatadi.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 53

Barchasi

Mavzuga oid