«Biznesni rivojlantirish banki» aholini kooperatsiya asosida daromad olishga o‘rgatmoqchi
Bankning boshqaruv raisi Qoraqalpog‘istonda mahalliy tadbirkorlar, tashabbuskor aholi vakillari bilan uchrashdi hamda yangi kooperatsiya loyihalari va mikrobiznes tashabbuslarini borib ko‘rdi. Bu ishlar aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishga qaratilgan.

O‘zbekiston prezidenti rahbarligida joriy yilning 3-sentabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida «Biznesni rivojlantirish banki» ATB tomonidan hududlarda aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.

Xususan, 16-sentabr kuni bankning boshqaruv raisi Saxi Annaklichev Qoraqalpog‘istonning Qanliko‘l tumanida bo‘lib, mahalliy tadbirkorlar, tashabbuskor aholi vakillari bilan uchrashdi hamda yangi kooperatsiya loyihalari va mikrobiznes tashabbuslari bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida tumandagi «Arzimbetko‘m» MFYda istiqomat qiluvchi va o‘z xonadonida qulupnay yetishtirish bo‘yicha boy tajribaga ega tadbirkor Ixlasbay Niyetbayev faoliyati o‘rganildi. Tadbirkor bank ko‘magida 2 yil davomida 100 ta xonadonni kooperatsiya asosida birlashtirib, aholiga qulupnay yetishtirish agrotexnologiyalarini o‘rgatish va tayyor mahsulotni xarid qilish tizimini yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi.

Ushbu tashabbusni tizimli tashkil etish maqsadida bank tomonidan kooperatsiya a’zolarini o‘qitish uchun maxsus o‘quv markazini tashkil etish hamda jarayonga «Agrostar holding» korxonasining malakali agronom va mutaxassislarini jalb etishga kelishib olindi.
Shuningdek, boshqaruv raisi «Jer altin g‘aziynem» fermer xo‘jaligi rahbari Muratbay Aralbayevning tajriba maydonida bo‘ldi. Bo‘lg‘usi kooperatsiya tashkilotchisi hozirda 70 sotix maydonda yejevika, godji va malina kabi serdaromad meva turlarini hamda 8 gektar maydondagi ko‘lda baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Ushbu tadbirkorning tajribasi va klaster yondashuvi asosida tumandagi 300 ta xonadonni ushbu rezavor va meva turlarini yetishtirishga o‘rgatish va kooperatsiya loyihasini ishga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuvlar yakunida mahalliy tadbirkorlarning tajribasidan keng foydalangan holda aholi xonadonlarida daromadli meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, ularni zamonaviy bіlimlarga o‘qitish hamda kompleks moliyaviy-tashkiliy madad berish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.





