
«Butun dunyo bizni o‘limga tashlab qo‘ydi». G‘azo haqidagi film 23 daqiqa tik oyoqda olqishlandi
05.09.2025 | 23:1837626
«Hind Rajabning ovozi» filmi amakisi va to‘rtta yosh amakivachchasining jasadlari orasida qolib ketgan va otib o‘ldirilgan olti yoshli qizning qo‘ng‘iroqdagi gaplarini tikladi.

Isroil qo‘shinlari tomonidan 2024 yil yanvarida G‘azodagi olti yashar qiz Hind Rajab va uning qarindoshlari o‘tirgan avtomobil hamda ularga yordam berish uchun borgan ikki shifokor vaxshiylarcha o‘ldirilgani tasvirlangan film Venetsiya kino festivalida 23 minutlik olqishga sazovar bo‘ldi. «Hind Rajab ovozi» («The Voice of Hind Rajab») deya nomlangan film tomoshabinlar va jurnalistlarni ko‘z yoshlarga g‘arq qildi, «Falastinga ozodlik» chaqiriqlari yangradi, aktyor Motaz Malhis Falastin bayrog‘ini ko‘tardi.
Ijodiy guruhda Bred Pitt, Jonatan Gleyzer, Xoakin Feniks va Alfonso Kuaron ijrochi prodyuser sifatida ishtirok etgan.
Film 2024 yil yanvar oyida G‘azoning shimoliy qismida amakisi va to‘rtta yosh amakivachchasining jasadlari orasida avtomobil vayronalarida qolib ketgan Hind Rajabning so‘nggi, tezkor telefon qo‘ng‘irog‘ini qayta tiklaydi. O‘rindiq ostiga yashiringan va yagona tirik qolgan Hind Rajab Falastin Qizil Yarim oy jamiyati bilan telefon orqali bog‘lanishga muvaffaq bo‘ladi. Biroq, bola va uni qidirayotgan tibbiyot xodimlari Isroil kuchlari tomonidan o‘ldiriladi. Isroil bu hodisa bo‘yicha rasmiy tergov boshlanganini e’lon qilmagan.
«Men ilk bor Hind Radjab ovozini eshitganimda, uning so‘zlaridan ham ortiq narsani his qildim. Bu — G‘azoning o‘zi yordam so‘rayotgandek ovoz edi. Va hech kim unga yetib bora olmadi», - deya esladi Ben Haniya.
Filmda Hindning haqiqiy telefon yozuvlaridan foydalanilgan. Ammo voqea uni qutqarishga uringan Qizil Yarim Oy jamoasi orqali dramatik tarzda hikoya qiladi.
«Hind Radjab ovozini himoya qilishimiz shart emas. Bu film hech qanday fikr yoki fantaziya emas. U haqiqatga asoslangan. Hindning qissasi butun bir xalqning og‘ir dardini aks ettirib turibdi. Uning ovozi oxirgi ikki yilda G‘azoda hayotidan ayrilgan 19 ming bolaning ovozidir. Bu ovoz – yashash, orzu qilish, qadr-qimmat bilan mavjud bo‘lish huquqiga ega bo‘lgan har bir ona, ota, shifokor, o‘qituvchi, rassom, jurnalist, volontyor va feldsherning ovozi. Bularning barchasi ko‘z o‘ngimizda o‘g‘irlandi. Va bu faqat biz bilgan ovozlar. Har bir raqam ortida hech qachon aytib berilmagan hikoya bor», - deydi film ijodkorlari nomidan aktrisa Saja Kilani.
Hindning onasi Vissam Hamada film urushni to‘xtatishga yordam beradi, degan umidini bildirdi.
«Butun dunyo bizni o‘limga tashlab qo‘ydi, ochlikda, qo‘rquvda, majburiy ko‘chirish ostida yashashga majbur qildi. Ammo hech kim hech narsa qilmadi», - dedi ayni vaqtda G‘azoda besh yoshli o‘g‘li bilan yashayotgan Hindning onasi AFP nashri bilan telefon orqali suhbatda.
Isroil ayni vaqtda G‘azoda genotsidni davom ettirmoqda.





