
Davlat kechiksa – uzr, tadbirkor kechiksa – jarima: mehnat qonunchiligidagi tengsizlik
15.07.2025 | 15:3035824
Mehnat munosabatlarini yanada aniq va muvozanatli tartibga solish maqsadida Mehnat kodeksidagi 333-moddaga o‘zgartirish kiritish taklif qilinmoqda. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lum qildi. Unga ko‘ra, ish haqi kechikkan taqdirda ish beruvchilarga nisbatan amaldagi kompensatsiya normalari noproporsional va adolatsiz tarzda qo‘llanilayotgan holatlar uchramoqda.
Qonun loyihasi ish haqi kechiktirilgandagi jazo choralarini real iqtisodiy sharoitlarga moslashtirishni ko‘zda tutadi. Ayni paytdagi amaliyotda kompensatsiya miqdori yuqori va har doim ham ish beruvchilar imkoniyatidan kelib chiqib belgilanmaydi. Mutasaddilar ta’kidlashicha, hozirgi tizim ayrim holatlarda tadbirkorlik sub’ektlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, ayniqsa kichik va o‘rta biznes vakillariga.
Amaldagi normaga ko‘ra, har bir kechikkan kun uchun kompensatsiya Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasiga asosan hisoblanadi. Bu esa yillik 511 foizdan ortiq to‘lov yuklatilishiga olib kelmoqda. Tadbirkorlar fikricha, bu miqdor real iqtisodiy sharoitlarga mutanosib emas va ishlab chiqarishdagi vaqtinchalik uzilishlar sababli yuzaga kelgan kechikishlar uchun og‘ir jazo sifatida xizmat qilmoqda.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi jamoatchilik fikri va tadqiqotlar asosida mazkur normani qayta ko‘rib chiqishni taklif etmoqda. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi munosabatda muvozanatni ta’minlash, ikki tomon manfaatlarini hisobga olgan holda huquqiy yondashuv zarur.
Otabek Bakirov o‘zining telegram ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, davlat energetika tizimi tomonidan elektr yoki gaz ta’minotidagi uzilishlar sababli ishlab chiqarish to‘xtaganda, ish beruvchi ish haqini vaqtincha to‘lay olmay qolishi mumkin. Ammo bu holatda tadbirkor jazoga tortiladi, yetarlicha huquqiy muhofaza yo‘q. Ayni paytda, davlat tashkilotlari va yirik kompaniyalar tomonidan oylab ish haqi to‘lanmagani, o‘qituvchilar maoshi muntazam kechikishi holatlariga rasmiylar tomonidan yetarli e’tibor qaratilmayapti.
Qonun loyihasi hozirda Hukumatga yuborilgan. Mutasaddilar ushbu normani xalqaro amaliyot va milliy manfaatlar asosida qayta ishlab chiqish zarurligini ta’kidlamoqda.





