add

«Domodedovo» aeroporti qarzlari bilan birga «Sheremetevo» aeroportiga sotildi

30.01.2026 | 09:002 daqiqa

Moskva aviauzelidagi eng yirik aktivlardan biri bo‘lgan «Domodedovo» aeroporti yangi egasiga o‘tdi, biroq uning oldida katta qarz yuki muammosi turibdi.

«Domodedovo» aeroporti qarzlari bilan birga «Sheremetevo» aeroportiga sotildi

29-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan savdolar natijasiga ko‘ra, «Domodedovo» guruhi aktivlarining yangi egasi «Sheremetevo xalqaro aeroporti»ga qarashli «Perspektiva» MCHJ bo‘ldi. Bu haqda muzokara jarayonidan xabardor manbalar ma’lum qildi.

«Sheremetevo» bosh direktori Mixail Vasilenko xaridni Moskva aviauzelining muhim qismina sog‘lomlashtirishga qaratilgan biznes loyiha deb atadi. Uning aytishicha, bitim kompaniyaning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan.

Vasilenko «Domodedovo»ni yuqori risklar, katta qarz yuki va moliyaviy muammolari bo‘lgan murakkab obyekt sifatida tavsifladi. Yangi ega uchun eng asosiy vazifa aeroportning barqaror ishlashini ta’minlash va qarz masalasini hal qilishdan iborat bo‘ladi.

Savdo jarayoni

Savdolarda ikki asosiy da’vogar ishtirok etdi: «Sheremetevo»ga qarashli tuzilma va «Vnukovo» aeroportiga tegishli kompaniya. Ilk urinish 20-yanvarda muvaffaqiyatsiz yakunlangan.

Ikkinchi bosqich golland auksioni shaklida o‘tkazilib, narx 132 milliard rubldan 66,1 milliard rublgacha tushirilgan. Yakuniy bitim aynan eng past narxda rasmiylashtirildi. Xususiylashtirish natijalari rasman 30-yanvar kuni e’lon qilinishi rejalashtirilgan.

Qarz

«Domodedovo»ning umumiy qarzi 75 milliard rubldan ortiq ekani ma’lum qilingan. Daromadlar pasayishi va xarajatlar yuqoriligi qarz yukini yanada og‘irlashtirgan.

«Joriy moliyaviy faoliyat jamiyatga qarz majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq qoplash imkonini bermaydi», - deb ta’kidlagan «Sheremetevo» vakillari.

«Domodedovo» aeroporti 2025 yil iyun oyida Rossiya Bosh prokuraturasi da’vosi asosida milliylashtirilgan edi. Idora «Domodedovo» guruhi kompaniyalarini «chet el ta’siri» ostiga o‘tkazishga qaratilgan bir qator bitimlarni haqiqiy emas deb topishni talab qilgan. Bosh prokuratura da’volari aeroport egalari Dmitriy Kamenik va Valeriy Koganning chet el fuqaroligi bilan bog‘liq bo‘lgan.

«The Bell» eslatishicha, «Sheremetevo» aksiyalarining taxminan 66 foizi xususiy aksiyadorlarga — tadbirkorlar Arkadiy Rotenberg (uni Vladimir Putinning yaqin do‘sti deb hisoblashadi), Aleksandr Ponomarenko va Aleksandr Skorobogatkoga tegishli. Qariyb 30,5 foiz ulush davlatga «Rosimuestvo» orqali tegishli. Qolgan ulushlar «Aeroflot» va «VEB Kapital» ixtiyorida.

Teglar

Mavzuga oid