Dunyo Xitoy avtomobillariga o‘tmoqda. Chin yurti mashinalarining muvaffaqiyat siri nimada?
Xitoy avtosanoati dunyo bozorini jadal sur’atlarda zabt etyapti. Borgan sari ko‘proq xaridorlar aynan Xitoyda ishlab chiqarilgan mashinalarni tanlamoqda. Yevropa, Amerika va Yaponiya brendlari esa, aksincha, o‘z zavodlarini yopishga majbur bo‘lyapti. Bugungi kunda «Made in China» yorlig‘i ostidagi avtomobillarning ommaviyligi keskin ortgan.

Omon qolish harakatlari
«The Economist» nashrining yozishicha, jahon avtomobilsozlik sanoatining markazi allaqachon Xitoyga ko‘chib o‘tdi. Amerika brendlarining bozordagi ko‘p yillik hukmronligi nihoyasiga yetmoqda. Bundan yigirma yil avval «General Motors» yiliga qariyb 8,5 million dona mashina sotib, dunyodagi eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi hisoblangan. Ammo o‘tgan yili «GM» to‘rtinchi o‘ringa tushib qoldi — shirkat bor-yo‘g‘i 6,2 million dona mashina sotish bilan cheklangan.
Sotuv hajmi bo‘yicha uchinchi o‘rindan yettinchi o‘ringa tushib ketgan «Ford» kompaniyasining ishlari ham maqtagulik emas. Eng yomoni, ushbu gigantlar nafaqat jahonda, balki o‘z ichki bozorida ham mavqeini boy bermoqda.
Amerika avtomobil ishlab chiqaruvchilari haqiqatan ham og‘ir davrlarni boshdan kechirmoqda, biroq bunda faqat Xitoy ishlab chiqaruvchilarini ayblash to‘g‘ri emas. Donald Tramp olib borgan siyosat ham olovga moy sepdi. Ilgari erkin savdo kelishuvlari doirasida ishlab chiqarish quvvatlari Kanada va Meksikaga ko‘chirilgan, u yerda Amerika brendlari uchun mashinalar va butlovchi qismlar tayyorlanardi. Ammo keyinchalik AQSH hududidan tashqarida ishlab chiqarilgan tovarlarga juda katta bojxona to‘lovlari joriy etildi. Bunday yangi o‘yin qoidalari Amerika kompaniyalariga milliardlab dollarga tushdi.
Shu bilan birga, okeanning narigi tomonida — Yevropada ham ko‘rilayotgan zararlar hisob-kitob qilinmoqda. Yevropa brendlarining sotuv hajmi shiddat bilan pasaymoqda. Masalan, «Volkswagen AG» kompaniyasining joriy yilning birinchi choragidagi sof foydasi 28 foizga kamayib, 1,56 milliard yevroni tashkil etdi. Kompaniya ishlab chiqarishni jiddiy tarzda optimallashtirishga va hatto zavodlarini yopishga majbur bo‘lmoqda. Germaniyadagi to‘rtta korxona faoliyati xavf ostida turibdi. Konsern, shuningdek, 100 minggacha ish o‘rnini qisqartirishni rejalashtirgan.
Yevropa avtosanoati bir vaqtning o‘zida bir nechta jiddiy muammolarga duch keldi. Sotuvlarning kamayishidan tashqari, Amerikaning savdo tariflari ham sohaga katta zarar yetkazmoqda. Bundan tashqari, elektromobillarga o‘tish jarayonining o‘ta qimmatga tushayotgani va Rossiya bozoridan chiqib ketilgani ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Nihoyat, xitoylik raqobatchilar ham yevropaliklarga jiddiy bosim o‘tkazmoqda.
Xitoylik ishlab chiqaruvchilar tufayli yaponiyalik avtomobilsozlar ham o‘zlarini noqulay his qila boshladi. Jumladan, «Nissan» butun dunyo bo‘ylab yettita zavodini yopmoqda va 20 ming xodimini qisqartirmoqda. Bu boradagi taxminlar ham ko‘ngildagidek emas: 2026 yil yakunlariga ko‘ra, kompaniyaning ko‘radigan zarari 4 milliard dollardan oshib ketishi kutilmoqda.
Xitoydagi avtomobil bumi
«An’anaviy» avtomobil brendlari har qanday yo‘l bilan bozorda jon saqlashga urinayotgan bir paytda, Xitoy kompaniyalari rivojlanishda davom etmoqda.
«O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, Xitoydan avtomobillar eksporti 21 foizga o‘sib, 7 million donadan oshib ketdi. Xitoy avtomobillarining jahon bozoridagi o‘rtacha ulushi — Xitoyning o‘zini hisobga olmaganda — 10 foizlik dovondan oshdi», — dedi «Borsell» tahliliy kompaniyasi vitse-prezidenti Olga Veretennikova «TRT» nashriga bergan intervyusida.
Birlashgan Arab Amirliklari, Meksika, Braziliya, Buyuk Britaniya va Saudiya Arabistoni Xitoy mashinalarini faol ravishda sotib olmoqda. Shuningdek, Janubiy-Sharqiy Osiyo va Afrikaga — ya’ni XXR avtomobillarining narx borasidagi ustunligi yaqqol seziladigan mintaqalarga ham mahsulot yetkazib berish hajmi ortib bormoqda.
Xitoydan keltirilayotgan mashinalarga eng katta talab Rossiyada kuzatilmoqda. U yerda Xitoy brendlarining rasmiy ulushi 52 foizni tashkil etadi.
«Haval», «Chery», «Geely», «Changan» kabi mashinalar Rossiya yo‘llarida paydo bo‘lganiga bir necha yil bo‘lgan. Bu avtomobillar bozorga qanchalik faol kirib borgan sari, «Made in China» yorlig‘i ostidagi mahsulotlarning dovrug‘i ham shunchalik tez tarqaldi.
Biroq internet tarmog‘i norozi haydovchilarning xabarlari va ekspertlarning ogohlantirishlari bilan to‘lib ketgan. Ko‘pchilik Xitoy mashinalarining Rossiyadagi qattiq sovuqlarga moslashmaganidan ommaviy ravishda shikoyat qilmoqda. Bundan tashqari, o‘rmonli va yo‘lsiz hududlarda ham qiyinchiliklar yuzaga kelgan.
Yana bir zaif nuqta — arzon va sifatsiz metall. Hatto kichik yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganda ham kuzovning zanglashi kafolatlangan. Ko‘p narsa, shuningdek, avtomobilning elektron boshqaruv tizimi («miyasi») qanday sozlanganiga ham bog‘liq bo‘lib chiqdi. Mashina egalari ko‘pincha dasturiy ta’minotdagi xatoliklarga duch kelishgan.
Gap shundaki, «klassik» brendlar o‘n yillar davomida u yoki bu tizimni takomillashtirish uchun ulkan mablag‘ sarflab, mashinani faqat shundan keyingina sotuvga chiqarishgan. Xitoyliklarning yondashuvi esa boshqacha: muammolar mashinadan foydalanish jarayonida hal etiladi.
«Dastlab Xitoy kompaniyalari asosan G‘arb va Yaponiya ishlab chiqaruvchilarining texnologiyalarini litsenziya asosida yoki norasmiy ravishda o‘zlashtirishga tayanishdi. Bu bozorga tezda kirib borish imkonini bergan, biroq har doim ham barqaror sifatni kafolatlamagan», — deydi Olga Veretennikova.
Biroq yillar o‘tib vaziyat sezilarli darajada yaxshilandi. Xitoylik ishlab chiqaruvchilar tadqiqot markazlariga faol sarmoya kiritishdi, avtomatlashtirishga urg‘u berishdi hamda xorijlik muhandis va dizaynerlarni jalb qilishdi.
Xitoylik avtomobilsozlarning harakatlari besamar ketmadi. Endi xaridorlar hatto eng oddiy komplektatsiyalarda ham adaptiv kruiz-kontrol, sun’iy intellekt elementlariga ega zamonaviy multimedia tizimlari va ilg‘or xavfsizlik tizimlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda. Ilgari bunday qulayliklar faqat premium-klassdagi mashinalarning imtiyozi hisoblanardi. Ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida nazoratning qat’iylashtirilishi esa kafolatli nosozliklar sonini jahon bozori yetakchilari darajasigacha kamaytirish imkonini berdi.
Xitoyning muvaffaqiyatli dasturi
Ekspertlarning ta’kidlashicha, hozirda tizimli o‘zgarishlar yuz bermoqda va bu jarayonni ortga qaytarib bo‘lmaydi. Xitoy avtosanoati jahon bozorini zabt etmoqda. 2025 yilda Xitoy markasidagi avtomobillarning butun dunyo bo‘ylab sotuvi taxminan 27 million donaga yetdi. Shundan 19–20 million donasi XXRning o‘z ichki bozorida sotilgan. Shu tariqa, Xitoy bir vaqtning o‘zida dunyoda o‘z avtomobillarining eng yirik ishlab chiqaruvchisi va eng yirik iste’molchisi bo‘lib qolmoqda.
Xitoy avtosanoati muvaffaqiyatining bosh omili — xorij bozorlarini shiddat bilan egallash hamda elektromobillar va gibridlar sohasida yetakchilikni qo‘lga kiritish bo‘ldi. Elektromobillar — Xitoy avtosanoati texnologik yuksalishining bosh harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. XXRning ularni rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturi boshqa mamlakatlardagiga qaraganda ancha muvaffaqiyatli bo‘lib chiqdi.
Hozirda Xitoy ushbu yo‘nalishda global miqyosda hukmronlik qilmoqda. Batareyalarning arzonlashi, hamyonbop elektromobillar (EV) qatorining kengayishi va infratuzilmaning rivojlanishi hisobiga elektromobillar va gibridlar ulushi muntazam o‘sib bormoqda. Masalan, XXRda elektromobillar va gibridlar allaqachon yangi sotilayotgan avtomobillarning 50 foizdan ortig‘ini tashkil etmoqda. Batareya ishlab chiqaruvchi eng yirik «CATL» va «BYD» kompaniyalari esa akkumulator tizimlari ishlab chiqarishda dunyoda yetakchilikni bermay kelyapti.
«Bu narxlar uchun ikki tomonlama bosimni anglatadi. Bir tomondan, ichki bozor ko‘lami va ta’minot zanjirlarining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi tufayli xitoylik ishlab chiqaruvchilar texnologik jihatdan ilg‘or elektromobillarni G‘arbdagi raqobatchilarining analoglariga qaraganda 20–40 foizga arzonroq taklif qila oladi. Bu esa Yevropa ishlab chiqaruvchilarini narx borasida raqobatlashish imkoniyatidan mahrum etadi. Ikkinchi tomondan, G‘arb bozorlari bunga himoya bojlari joriy etish bilan javob qaytarmoqda. Bu esa narxlarning mahalliy darajada pasayishiga to‘sqinlik qiladi», — dedi Olga Veretennikova.
Natijada, rivojlanayotgan bozorlarda narxlarni pasaytirish bo‘yicha bosim davom etadi. Himoyalangan bozorlarda — Yevropa va AQSHda esa Xitoy mashinalarining narxi tarif to‘siqlari tufayli sun’iy ravishda yuqoriligicha qolaveradi. Biroq an’anaviy ishlab chiqaruvchilar baribir xarajatlarni qisqartirishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa xodimlarning ishdan bo‘shatilishiga va zavodlarning yopilishiga olib kelmoqda.





