
Ekologiya vazirligi Murod Nazarovga nisbatan tekshiruv o‘tkazishni taklif qildi
19.07.2025 | 21:0022994
Developer Murod Nazarovning daraxt kesishga joriy etilgan moratoriyini bekor qilish haqidagi taklifi Ekologiya vazirligi tomonidan keskin tanqid qilindi.
O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tadbirkor Murod Nazarovning yashil hududlar kesilishi bo‘yicha moratoriyni bekor qilish taklifiga munosabat bildirdi. Vazirlik mazkur taklifni rad etdi va Nazarovning daraxt kesishga doir yondashuvlari bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tekshiruv o‘tkazilishini tavsiya qildi.
Murod Nazarov 17 iyul kuni qurilishchilar bilan ochiq muloqotda moratoriy o‘rniga «daraxt banklari» tizimini joriy etishni taklif qilgan edi. Uning fikricha, qurilishchilar kesilgan daraxtlar o‘rniga yangisini ekib, ularni hokimiyat balansiga o‘tkazishlari mumkin. Uning ta’kidlashicha, moratoriy joriy etilgan sharoitda «baribir daraxtlar kesilyapti».
Ekologiya vazirligi bunday yondashuvda bir qator xavflar borligini ta’kidladi — ular qatorida korrupsiya, yashirin kesish va ekologik oqibatlar bor. Vazirlik Yevropa agentligi ma’lumotlariga tayanib, katta daraxt yiliga 21 kg SO₂ yutib olishini, uning o‘rnini qoplash uchun o‘nlab yillar kerakligini qayd etdi.
Vazirlik Xalqaro tajribalarga ham murojaat qildi. Germaniya, Britaniya, Rossiya va Qozog‘istonda noqonuniy kesish uchun katta jarimalar yoki qamoq jazolari belgilangan. O‘zbekistonda esa fuqarolar uchun jarima 25−50 BHMni tashkil etadi, ma’muriy qamoq esa faqat takroran qoidabuzarlik uchun beriladi.
Shu sababli, vazirlik iqlim o‘zgarishi sharoitida moratoriyni kuchaytirishni juda muhim deb hisoblaydi. Ular Prezident qaroriga asosan yangi binolar atrofini kamida 25 foiz ko‘kalamzor qilish majburiyligini eslatdi. Nazarovning «har qanday yo‘l bilan daraxt kesish» haqidagi bayonoti esa alohida e’tiborga olinib, uning faoliyatini chuqur tekshirish zarurligi ta’kidlandi.





