
Geosiyosat quroliga aylangan ijtimoiy tarmoq
«Pingvin trendi»ga Tramp ham qo‘shildi. Bunga Xitoydan AQSHdagi migrantlarga qilinayotgan munosabatga ishora qiluvchi javob ham bo‘ldi. AQSH shaharlarida esa federal agentlar tomonidan 5 yashar bola hibsga olinishi, fuqarolarga o‘q uzilishi fonida norozilik namoyishlari avj olmoqda.

Yil boshida OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi asosiy muhokama mavzusi Erondagi namoyishlar va namoyishchilarga ko‘mak va’da qilayotgan AQSH va uning prezidenti Donald Trampning chiqishlari edi. Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas, namoyishlar ovozi tingandek bo‘ldi, odamlar esa yangi mavzular muhokamasiga o‘tib ketdi.
Ha, tarmoqlar o‘zi shunday ishlaydi, bir masala uzoq muddat tredda turishi foydalanuvchilarni zeriktiradi, shuning uchun ham e’tibor yangi narsalarga qaratiladi.
Bu safar ham shunday bo‘ldi. Verner Hersog tomonidan bundan 19 yil muqaddam suratga olingan «Dunyoning narigi chetidagi uchrashuv» («Encounters at the End of the World») hujjatli filmidan parcha shu kunlarda asosiy muhokamalar markazida.

Ha, bu o‘sha sizning ham ko‘zingiz tushgan pingvin. Uning ma’nosi nima, nega u tog‘ tomon yo‘l olayapti, deb falsafiy savollarni o‘rtaga tashlamaymiz. Zero, bu haqda juda ko‘pchilik gapirib bo‘ldi. Millonlab foydalanuvchilar trend ortidan ergashib, memni o‘ziga mos tarzda talqin qila boshladi.
Trendda qatnashganlar orasida Oq uy ham borligi esa zamonaviy dunyoda ijtimoiy tarmoqlarning kuchi qanchalar ortib ketganini ko‘rsatadi. AQSH prezidenti ma’muriyati ham uning kuchidan o‘z siyosatini targ‘ib qilish maqsadida faol foydalanib kelmoqda. Masalan, yil boshida Venesuela prezidenti o‘g‘irlab ketilib, mamlakat nefti AQSH kompaniyalari tomonidan o‘zlashtirilishi e’lon qilinishi fonida Qo‘shma Shtatlarda yoqilg‘i narxi biroz pasayganini Oq uy Deddi Yankining «Gazolina» qo‘shig‘i bilan e’lon qilgan edi.
Tramp ma’muriyati bu safar ham trenddan qolmadi va pingvin memidan Grenlandiyaga bo‘lgan da’vosini yana bir bor eslatish uchun foydalandi. Oq uy e’lon qillgan ushbu rasmni ham ko‘p ehtimol ko‘rgansiz.
Biroq bu trend Oq uyga kutilganidan bo‘lakcha natija berdi. Chunki pingvinlar Janubiy qutbda yashaydi, Grenlandiya esa, Antarktida kabi muz bilan qoplangan bo‘lishiga qaramay, shimolda joylashgan. Shuning uchun ham bu mem ko‘pchilikning kulgisiga sabab bo‘ldi. Ma’lumki, amerikaliklarning geografiyadan bilimli emasligi haqida stereotip tarqalgan, ushbu mem ortidan bu yana bir bor eslandi.
Memlardan unumli foydalanayotganlar faqat Oq uy emas, Xitoyning «Sinhua» davlat axborot agentligi Tramp va pingvin tasvirlangan rasmga shunday javoban video e’lon qilar ekan, pingvinlar Grenlandiyada yashagan taqdirda ham, vaziyat shunday bo‘lgan bo‘lardi deya izoh qoldirib, Oq uyni trolling qilgan.
Bu yerda «Sinhua» ko‘p ehtimol AQSHda migratlarga ko‘rsatilayotgan munosabatga ishora qilayotgan bo‘lsa ajab emas. Chunki ayni kunlarda «ICE», ya’ni AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati agentlari bilan bog‘liq dahshatli voqealar sodir bo‘lmoqda.
Ularning nishonidan 5 yashar bola ham chetda qolgani yo‘q. «ICE» tomonidan hibsga olingan bolakayning surati minglab amerikaliklarning g‘azabini keltirgani rost va ular –10 daraja sovuq bo‘lishiga qaramay o‘z noroziligini ko‘chaga chiqib namoyish qildi.

Hodisa Minnesota shtatining Minneapolis shahrida sodir bo‘ldi. Vaziyat jiddiy tus olgach, vitse-prezident Jeyms Devid Vens aholini tinchlantirish uchun shaharga bordi. Uning aytishicha, bolakayning otasi AQSHga noqonuniy kirgan, «ICE» agentlari esa go‘yo bola ko‘chada sovuq qotmasligi uchun uni otasi bilan birga olib ketgan.

Biroq matbuot boshqacha yozmoqda. «CNN»ning oila advokatiga tayanib xabar berishicha, 5 yashar Liamning oilasi Ekvadordan bo‘lib, ular 2024 yilda Texasda AQSH chegara xodimlariga boshpana so‘rab murojaat qilgan. Biroq Ichki xavfsizlik departamenti Liamning otasini noqonuniy muhojir deb atamoqda.

Bolakay bilan sodir bo‘lgan voqea aholini g‘azablantirgan yagona hodisa emas. 24-yanvar kuni «ICE» agenti 37 yoshli Aleks Pretti ismli tibbiyot xodimini otib o‘ldirdi. U AQSH fuqarosi edi.

Voqea aks etgan videodan ko‘rish mumkinki, namoyishchi ayolni «ICE» agentining qo‘lidan qutqarishga uringan Aleksga ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz sepiladi va bir necha agent erkakni kuch ishlatib, yerga yotqizadi. O‘shanda agentlardan biri Aleksning yonida to‘pponcha borligini payqab qoladi va unga o‘t ochadi. Federal hukumat bu holatda agent o‘zini himoya qilganini aytgan bo‘lsa, mahalliy hokimyat Aleksda to‘pponcha olib yurish uchun ruxsatnoma borligini aytmoqda.
«ICE» agentlari yil boshida ham 37 yoshli ayolning o‘limiga sabab bo‘lgani xabar qilingan, yanvar oyining o‘zida 6 kishi ushlab turish markazlarida halok bo‘lgani haqida ma’lumotlar bor.

Shunday qilib, bunday fojialarga ko‘z yumishni istamagan amerikaliklar Minneapolis, Nyu York, San-Fransisko, Boston kabi shaharlarda namoyishga chiqqan. Tarmoqlar ham hozir shu namoyishlar aks etgan tasvirlar bilan to‘lib toshgan. Video boshida eslaganimiz – Eron Islom Respublikasidagi rasmiylardan kimdir chiqib, ijtimoiy tarmoqlarda amerikaliklarni birdamlikka, adolat uchun kurashda davom etishga chaqirib qolsa ham ajab emas. Axir biz shunday zamonda yashayapmiz. Bu davrda ijtimoiy tarmoq nafaqat ko‘ngilxushlik va tanishuvlar maskani, balki jiddiy siyosat quroli hamdir.
Teglar






