Logo

«Ipoteka bank»dan «OFB»gacha: 2026-yilda aholi qaysi banklarga pulini kamroq ishonmoqda?

Bugun 15:373 daqiqa

Yil boshidan beri banklarda jismoniy shaxslarning depozitlari 12,1 foizga ko‘paydi. Shunga qaramay, 7 ta bankda bu ko‘rsatkich kamaydi.

«Ipoteka bank»dan «OFB»gacha: 2026-yilda aholi qaysi banklarga pulini kamroq ishonmoqda? © yandexmaps

O‘zbekistonda yil boshidan beri 7 ta bankda aholi depozitlari kamayib ketdi. Bu haqda bank tizimining 2026-yil I yarim yilligi bo‘yicha raqamlaridan ma’lum bo‘ldi.

Mamlakat banklaridagi aholi depozitlari 2026-yilning birinchi yarmida 19 trln 365 mlrd so‘mga yoki 12,1 foizga oshdi. O‘zbekistonliklarning banklardagi mablag‘lari 1-yanvardagi 160,4 trln so‘mdan 1-iyul holatiga 179,8 trln so‘mga yetgan.

Biroq umumiy o‘sish barcha banklarda bir xil kuzatilmadi. Vaqt.uz hisob-kitoblariga ko‘ra, faoliyat yuritayotgan 7 bankda aholi depozitlari kamaygan. Ushbu banklardagi umumiy pasayish 1 trln 513 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Eng katta qisqarish «Ipotekabank»da qayd etildi. Bankdagi aholi mablag‘lari yarim yil ichida 687 mlrd so‘mga yoki 11,6 foizga kamayib, 5,3 trln so‘mga tushib ketdi.

Shunga qaramay, bankning jami depozitlari 1 trln so‘mga oshgan. Bunga yuridik shaxslar mablag‘larining 1,7 trln so‘mga ko‘payishi sabab bo‘lgan. Natijada aholi depozitlaridagi pasayish korporativ mablag‘lar hisobiga to‘liq qoplangan.

Nisbiy hisobda eng keskin pasayish «Tenge bank»da kuzatildi. Bankdagi aholi depozitlari 1 trln 149 mlrd so‘mdan 568 mlrd so‘mga tushdi. Bu yarim yil ichida 581 mlrd so‘mlik yoki 50,6 foizlik qisqarish degani.

Biroq «Tenge bank»ning umumiy depozitlari aksincha, 57 foizga oshgan. Bunga yuridik shaxslar mablag‘lari 1,3 trln so‘mdan 3,3 trln so‘mga yetib, qariyb 2 trln so‘mga ko‘paygani sabab bo‘ldi.

Shunga o‘xshash holat «Ziraat Bank» va «Open bank»da ham kuzatildi. «Ziraat Bank»da aholi depozitlari 13,8 foizga kamaygan bo‘lsa-da, jami depozitlar 28,2 foizga oshgan.

tg_image_512943420


«Open bank»da esa aholi mablag‘lari uchdan birga qisqargan, ammo past baza va biznes depozitlari o‘sishi hisobiga jami ko‘rsatkich 2,5 barobarga ko‘paygan.

«Aloqabank»dagi 3 mlrd so‘mlik pasayish esa bankdagi 6,3 trln so‘mlik aholi depozitlariga nisbatan deyarli sezilmaydi.

«Orient Finance bank» va «KDB Bank»da vaziyat boshqacha. Bu banklarda ham aholi, ham biznes depozitlari kamaygan. Natijada «OFB»ning jami depozitlari 850 mlrd so‘mga, «KDB Bank»ning depozitlari esa 591 mlrd so‘mga qisqargan.

Umuman, aholi depozitlari kamaygan 7 ta faol bankda jismoniy shaxslar mablag‘lari 1,5 trln so‘mga qisqargan. Biroq ularning korporativ depozitlari jami 4,5 trln so‘mga ko‘paygani sababli umumiy depozitlar qariyb 3 trln so‘mga oshgan.

Bu ayrim banklarning depozit bazasi aholi mablag‘laridan biznes mablag‘lari tomon siljiganini ko‘rsatadi. Ammo pasayishning aniq sababini mazkur ma’lumotlardan aniqlab bo‘lmaydi.

Markaziy bank ma’lumotlarida depozitlarning muddati, foiz stavkasi va valuta tarkibi ochiqlanmagan. Bunda faqat ikki sanadagi qoldiqlar taqqoslangan.

Aholi depozitlariga nimalar kiradi?

Markaziy bankning «jismoniy shaxslar depozitlari» ko‘rsatkichi faqat foizli muddatli omonatlarni anglatmaydi.

Uning tarkibiga muddatli va jamg‘arma omonatlari, talab qilib olinguncha hisobvaraqlar, jismoniy shaxslarning bank kartalariga ochilgan hisobvaraqlaridagi qoldiqlar kiradi.

Ya’ni, bu ko‘rsatkich bank kartalari va boshqa talab qilib olinguncha hisobvaraqlardagi mablag‘larni ham qamrab oladi. Shu sababli pasayishni aholi omonatlarini bankdan olib chiqib ketmoqda deya talqin qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Teglar

Mavzuga oid