
Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi aholini majburiy ko‘chirish rejasini amalga oshirmoqda.
17.08.2025 | 19:1524243
Isroil armiyasi «harbiy harakatlar olib boriladigan» hududlardan falastinliklarni G‘azo sektorining janubiy qismiga kuch bilan ko‘chirish haqida bayonot berdi. Bu qaror yahudiy davlati tomonidan yangi harbiy operatsiya boshlanganidan so‘ng e’lon qilindi.

Armiyaning arab tilidagi rasmiy vakili Avixay Adrayning so‘zlariga ko‘ra, ko‘chirilgan aholi uchun BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan chodir shaharchalar tashkil etiladi. Biroq BMT hozircha bu rejaga munosabat bildirmadi.
O‘tgan hafta Binyamin Netanyahu harbiylarga al-Mavasi hududida operatsiyalarni kuchaytirishni buyurgan edi. Shu orqali anklavda havodan va quruqlikdan zarbalar keskin ortdi. Jumladan, “gumanitar zona” sifatida e’lon qilingan al-Mavasidagi qochqinlar lagerga beriladigan zarbalarda bir oila to‘liq halok bo‘ldi.
«Falastin Islomiy Jihod» tashkiloti Isroil qarorini «xalqaro huquq ustidan ochiqcha kulish va G‘azoni bosib olish rejasi» sifatida baholadi. Ular bayonotida «odamlarni ochlik, qirg‘in va majburiy ko‘chirish orqali qochishga majburlash insoniyatga qarshi jinoyatdir» deya ta’kidlandi.
Urush boshlanganidan buyon G‘azoda kamida 61 827 kishi halok bo‘lgan. Ulardan 251 nafari ochlik qurboni bo‘lgani aytilmoqda. Shunga qaramay, Isroil hanuz anklavga gumanitar yordam kirishini cheklamoqda.
Eslatib o‘tamiz Isroil G‘azo sektoridagi falastinliklarni Janubiy Sudanga ko‘chirish masalasida mazkur mamlakat bilan muzokaralar olib borayotgan edi, ammo Sudan Isroilning ko‘chirish rejasini xalqaro huquq buzilishi sifatida baholagan.





