add

Isroilning asosiy maqsadi nima? U Eron yadroviy dasturdan ham kattaroq bo‘lishi mumkin

14.06.2025 | 08:20449716

Isroil Eronga qarshi amalga oshirgan hujum shubhasiz Tehronning yadroviy dasturiga jiddiy zarba berdi. Ammo Yaqin Sharqdagi vaziyatni kuzatib boradigan ko‘plab tahlilchilar orasida bunday operatsiya ko‘proq narsalarga olib kelishi mumkinligi haqida fikrlar tobora ko‘paymoqda — jumladan, Erondagi islomiy tuzumni ag‘darishga ham.

Isroilning asosiy maqsadi nima? U Eron yadroviy dasturdan ham kattaroq bo‘lishi mumkin
Ha, aynan shunga ishora qilmoqchiman — tuzumni almashtirish, deb yozadi Politico kolumnisti Nahal Tusiy. Bu ibora Vashingtonda ham, Yaqin Sharqda ham Iroq va Afg‘onistondagi AQSH tajribalaridan keyin ehtiyotkorlik bilan tilga olinadi. Prezident Donald Tramp ham bunday g‘oyalarga nisbatan juda ehtiyotkor bo‘lib kelgan. Uning ma’muriyati ushbu hujumda hech qanday ishtirok etmagani haqida oldindan bayonot berdi. Shuningdek, Isroil hukumati ham tuzumni almashtirishni rasmiy maqsad sifatida e’lon qilmagan. Shu bilan birga, men Isroil rasmiylari tomonidan berilgan bayonotlar va hujumlar ko‘lamini — jumladan, Eron harbiy yetakchilarining o‘ldirilishi — tahlil qilar ekanman, ular bunday ehtimolni rad etmayotgani menda taassurot uyg‘otdi. Agar buni 2023 yil kuzidan beri Isroil tomonidan G‘azo, Livan va Suriyada Eronga qarashli tuzumlarni ag‘darish, zaiflashtirish yoki yo‘q qilishga qaratilgan harbiy harakatlar bilan birga ko‘rib chiqsak, bu unchalik ham xayolparastlik emasdek tuyuladi. Eron tuzumini ag‘darish yoki kamida uni jiddiy zaiflashtirish — bu Isroil mustaqil ravishda amalga oshirishi mumkin bo‘lgan vazifa hisoblanadi. Bu borada AQSHdan hujumiy yordam ham shart emas. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu juma kuni amalga oshirilgan hujumlar haqida qilgan bayonotida operatsiya «bunday tahdid yo‘q qilinguniga qadar davom etadi», deya ta’kidladi. U bu tahdidni faqat yadroviy dastur bilan cheklab qo‘ymadi. Chunki Isroil hukumati Eronning yadroviy yoki harbiy imkoniyatlarini emas, balki aynan uning tuzumini — xususan, radikal shia islomiy mafkuraga e’tiqod qiluvchi rahbarlar boshqarayotgan tuzumni — asosiy xavf deb biladi. Bu, ayniqsa, Isroilga nisbatan yillar davomida yo‘llangan tahdidlar fonida tabiiy xulosa bo‘lib ko‘rinadi. Hujumlar va suiqasdlar haqidagi xabarlar tarqalishi ortidan men bir necha amaldagi va sobiq AQSH rasmiylari hamda tahlilchilar bilan bog‘landim. Ulardan: «Isroilning haqiqiy maqsadi tuzumni almashtirish emasmi?» — deb so‘radim. Hech kim bu ehtimolni inkor etmadi — va bu suhbatdoshlar turli partiyalarga mansub bo‘lgan shaxslar edi. «Nega bo‘lmasin? Albatta», — dedi Jo Bayden ma’muriyatida Yaqin Sharq masalalari bilan shug‘ullangan sobiq yuqori lavozimli rasmiylardan biri. «Juda ham ajoyib bo‘lardi-ku!» — dedi u. Bu masala sezgir bo‘lgani uchun sobiq rasmiy va boshqalarga anonim qolish imkonini berdim. «Foundation fir Difence of Democracis» (FDD — Demokratiyani himoya qilish jamg‘armasi)da faoliyat yurituvchi tahlilchi Behnom ben Tolebluning ta’kidlashicha, Isroilning hujumlari faqat yadroviy inshootlarga emas, balki Eronning boshqaruv va qo‘mondonlik tizimiga ham qaratilgan. Demak, bu faqat «yadroviy tarqalishning oldini olish» maqsadida bo‘lgan deyish qiyin. Hamisha bir-biri bilan kelisha olmaydigan Eron diasporasidagi ko‘plab shaxslar — ularning ichida o‘zgarishlar bo‘lishiga umidini ancha oldin yo‘qotganlar ham — bu holatni uzoq kutilgan fursat sifatida baholamoqda. Eronning sobiq shahzodasi Rizo Pahlaviy — uning otasi 1970-yillar oxirida islomiy inqilobchilar tomonidan ag‘darilgan edi — o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida oddiy eronliklarni harakatga o‘tishga, xavfsizlik kuchlarini esa ruhoniy rahbariyatdan yuz o‘girishga chaqirdi. «Bu tuzum zaif va bo‘linib ketgan. U ag‘darilishi mumkin», — deb yozdi u. «Men hamyurtlarimga shunday deganman: Eron — sizning yurtingiz. Uni qayta tiklash o‘zingizning qo‘lingizda. Men sizlar bilanman. Sabr qiling, biz g‘alaba qozonamiz.» Albatta, ko‘plab noma’lum omillar ham bor.   Isroil haqiqatan ham mustaqil ravishda tuzumni ag‘darishga qodirmi? Aksariyat harbiy tahlilchilarning fikricha, Erondagi barcha yadroviy infratuzilmani yo‘q qilish uchun Isroilga AQSH yordami kerak bo‘ladi, chunki ularning katta qismi yer ostiga joylashtirilgan. Ammo agar Isroil siyosiy yetakchilarni yo‘q qilishni davom ettirsa, tuzumning yiqilishi ehtimoldan xoli emas. Eron allaqachon Isroilga qarshi dron va raketa hujumlari bilan javob qaytarishni boshladi. Endi Isroil o‘z aholisi bunday zarbalarga qancha vaqt bardosh berishi mumkinligini baholashi kerak — agar Eron bu zarbalarni uzoq vaqt davom ettira olsa. Bu orada AQSH va ba’zi arab davlatlari Isroilni himoya qilishga yordam berishi deyarli aniq — avval ham shunday bo‘lgan. Aholining tuzumga qarshi chiqishi ehtimoli hali noma’lum. Bunday vaziyatlarda, odatda, mamlakat ichkarisida «bir bayroq ostida jamlanish» effekti kuzatilishi mumkin. Biroq men yillar davomida Eronni kuzatib kelganman va bu rejimdan xalq shu qadar charchaganki, ularning ko‘pchiligi tashqaridan bo‘ladigan yordamni ham xush qarshi olishi mumkin. Bu javob, shubhasiz, Isroilning qay tarzda harakat qilishiga bog‘liq bo‘ladi. «Faqat harbiy va yadroviy ob’ektlar bilan cheklangan hujumlar tuzumning nufuziga zarba beradi. Ammo iqtisodiy va fuqarolarga zarar yetkazuvchi hujumlar boshqacha, ommaviy reaksiya keltirib chiqarishi mumkin», — deya ta’kidlaydi Jorj Bush ma’muriyatida Milliy xavfsizlik kengashida faoliyat yuritgan Maykl Singh. Agar Eron hukumati bu hujumlardan omon qolsa ham, shunday zaiflashib qolishi mumkinki, natijada uning yiqilishi tezroq muddatda sodir bo‘ladi. Bu esa tashqi bosim, ayniqsa, AQSH tomonidan qo‘llaniladigan bosim darajasiga bog‘liq bo‘ladi — chunki Eron rejimi aksilamerikanizmni o‘z mafkurasi asosi qilib olgan. Ayni paytda dunyo poytaxtlaridan Isroil va Eronni keskinlikni avj oldirmaslikka chaqiriqlar yangramoqda. Ammo Isroil G‘azo va Livanda qanday yo‘l tutganini hisobga olsak, Tel Aviv bunday chaqiriqlarga quloq tutadi, deb bo‘lmaydi. Ayniqsa, agar bu chaqiriqlar Eron tuzumining yiqilishidan mamnun bo‘ladigan arab mamlakatlaridan kelayotgan bo‘lsa, ular yanada beta’sir eshitiladi. Netanyahu uchun bir vaqtlar siyosiy jihatdan yaqin bo‘lgan Donald Tramp ham Isroil qarorlariga ta’sir o‘tkaza olmayotgandek ko‘rinadi. Tramp jamoat oldida doimo Yaqin Sharqdagi urushlardan qochish tarafdori bo‘lib kelgan. U Isroilni AQSH va Eron o‘rtasidagi yadroviy muzokaralar yanada ilgarilashini kutmoqqa chaqirgan edi. Ammo Isroil hujumni muzokaralarning yangi raundi bo‘lishi kutilayotgan yakshanba kunidan avval amalga oshirdi. So‘nggi ijtimoiy tarmoqdagi chiqishlarida Tramp Eronni yadroviy dasturini cheklash bo‘yicha kelishuv tuzishga chaqirish uchun Isroilning yangi hujumlar tahdididan foydalanmoqda. (Eron yadroviy dasturining faqat tinch maqsadlarda qo‘llanilishini ta’kidlab keladi.) «Eron, urushda yo‘q bo‘lib ketmasdan oldin kelishuv tuzsin, va bir paytlar «Eron imperiyasi» deb atalgan narsadan saqlab qolsin», — deb yozdi Tramp. (U, ehtimol, bu yerda ancha qadimgi Fors imperiyasini nazarda tutgan. Lekin asosiysi bu emas.) Hatto agar tuzum ag‘darilsa ham, uning o‘rniga yaxshiroq narsa kelishiga kafolat yo‘q, deb ogohlantiradi hozirgi va sobiq rasmiylar. Yetuk rahbariyatsiz qolgan Eron turli muammolar uchraydigan markazga aylanishi mumkin. Eng yomoni, undan ham harbiylashgan, yadroviy qurol olishga qat’iy qaror qilgan yangi avtokratiya hokimiyatga kelishi mumkin. «Tarix ko‘p bor ko‘rsatgan: vaziyat har doim ham yomonlashishi mumkin», — deb yozadi AQSH razvedka xizmatida ishlagan sobiq ofitser Jonatan Panikoff o‘z tahlilida. «Isroil uzoq yillar davomida «soyada» olib borgan urush o‘rniga endi aniq, ochiq va yanada shiddatli urush holatiga kirib qolishi mumkin.» Biroq Yaqin Sharq bo‘yicha uzoq yillar ishlagan AQSH rasmiylaridan biri Isroil bunchalik oldinni o‘ylayotganiga shubha bildiradi: «Menimcha, ular uchun «keyin nima bo‘ladi?» degan savol muhim emas. Ular uchun muhim bo‘lgani — bu kelajakda Isroilga tahdid sola olmaydigan darajada zaiflashgan tuzum bo‘lsa bo‘ldi», — dedi u.  

Teglar

Mavzuga oid