Blekaut va kontrabanda: Eronda internet uchun yangi yashirin tizim shakllanmoqda

Bugun 11:555 daqiqa

Erondagi uzoq davom etayotgan internet blekauti yangi yashirin aloqa bozori va xavfli raqamli qarshilik tizimini yuzaga keltirmoqda.

Blekaut va kontrabanda: Eronda internet uchun yangi yashirin tizim shakllanmoqda © itc.ua

Eronga blekaut sharoitida internetga kirishni ta’minlash uchun «Starlink» terminallari maxfiy tarzda yetkazib berilayapti. Bu haqda manbalariga tayanib, BBC xabar berdi.

«Agar hech bo‘lmaganda yana bitta odam internetga ulanish imkoniga ega bo‘lsa, men buni muvaffaqiyat deb hisoblayman – bu shunga arziydi», – deydi BBC suhbatdoshi Saxand (ismi o‘zgartirilgan).

U mamlakatga sun’iy yo‘ldosh interneti uchun uskunalarni yashirincha yetkazib beradigan maxfiy tarmoq tarkibiga kiradi. Eronda bu qonunga xilof hisoblanadi.

Eronda nega internet o‘chirildi?

Ikki oydan ortiq vaqtdan beri Eronda internet yo‘q – bu mamlakat tarixida hukumat tomonidan amalga oshirilgan eng uzoq tarmoq o‘chirilishi hisoblanadi. Hozirgi blekaut 28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga ilk zarbalarni berganidan so‘ng boshlangan. Undan oldin internet cheklangan holda faqat bir oycha ishlagan: yanvarda hukumat norozilik namoyishlarini bostirish maqsadida tarmoqni o‘chirgan edi.

Hukumat internetni o‘chirishni urush davrida xavfsizlik choralari bilan izohlaydi – bunday qadamlar josuslik va kiberhujumlarning oldini olishga qaratilgani aytilmoqda.

Terminalni olib kirish va buning jazosi

Saxandning aytishicha, u va uning hamfikrlari terminallarni sotib olib, ularni «juda murakkab sxema» orqali chegaralardan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tadi. U tafsilotlarni ochiqlashdan bosh tortadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yanvar oyidan beri u Eronga o‘nga yaqin «Starlink» qurilmasini yetkazib bergan va ular yana qo‘shimcha yuborish yo‘llarini «faol ravishda izlamoqda».

«Witness» huquqni himoya qiluvchi tashkiloti bahosiga ko‘ra, yanvar oyida Eronda kamida 50 mingta «Starlink» terminali bo‘lgan. Faollar aytishicha, shundan beri ularning soni yana oshgan bo‘lishi mumkin.

O‘tgan yili Eron hukumatlari qonun qabul qilib, «Starlink»dan foydalanish, uni sotish yoki xarid qilish uchun ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini joriy etgan. 10 tadan ortiq qurilmani tarqatish yoki olib kirish esa 10 yilgacha qamoq jazosiga olib kelishi mumkin.

Davlatga yaqin OAVlar bir necha bor «Starlink» terminallarini sotib olish yoki sotish bilan bog‘liq hibslar haqida xabar bergan. Jumladan, o‘tgan oyda «sun’iy yo‘ldosh interneti uskunalarini olib kirish»da ayblanib to‘rt kishi (ulardan ikkitasi xorijlik) qo‘lga olingan. Ayrim hollarda ushlanganlarga noqonuniy qurol saqlash va dushmanga ma’lumot uzatish ayblari ham qo‘yilgani aytilgan.

Shunga qaramay, Eronda terminallarga talab hali ham yuqori bo‘lib qolmoqda. Bu, jumladan, fors tilidagi «NasNet» nomli ommaviy «Telegram» kanalida ham ko‘zga tashlanadi. Kanal bilan bog‘liq bo‘lgan, Eron tashqarisidagi volontyor BBCga aytishicha, so‘nggi ikki yarim yil ichida ushbu platforma orqali taxminan 5 mingta «Starlink» terminali sotilgan.

Yanvar oyidagi namoyishlar vaqtida, hatto internet o‘chirilgan sharoitda ham, mamlakat tashqarisiga sudsiz qatllar, hibslar va zo‘ravonlik holatlari aks etgan xabarlar va videolar tarqaldi. Huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar fikricha, ularning katta qismi «Starlink» orqali ijtimoiy tarmoqlarga kirish imkoniga ega bo‘lgan fuqarolar tomonidan joylangan.

Eronda internetga kirish

Hozirgi paytda Eronda internetga kirish holati «ko‘p bosqichli tizim» sifatida tavsiflanmoqda.

Barcha Eron fuqarolari davlat tomonidan nazorat qilinadigan ichki tarmoqqa kirish imkoniga ega. U orqali, masalan, bank xizmatlaridan foydalanish, taksi chaqirish, oziq-ovqat buyurtma qilish hamda davlat OAVlarini ko‘rish va o‘qish mumkin.

Blekautlardan oldin eronliklar global internetga ham chiqish imkoniga ega edi. Biroq ko‘plab sayt va servislar, jumladan «Telegram», «YouTube» va «WhatsApp» bloklangan edi. Global internetga kirish uchun esa hukumat ichki tarmoqqa nisbatan yuqoriroq narxlar belgilagan.

Ko‘plab eronliklar cheklovlarni VPN orqali chetlab o‘tishgan – bu xizmatlar foydalanuvchilarni masofaviy serverlar orqali ulab, ularning joylashuvini yashiradi. Bunday xizmatlar ham pullik hisoblanadi.

Hozirgi blekaut sharoitida esa «oq SIM-kartalar» orqali internetga cheklanmagan kirish imkoniyati faqat ayrim mansabdorlar va juda kam sonli tanlangan shaxslarda bor. Ular qatoriga davlat OAV jurnalistlari ham kiradi.

Tobora ko‘proq odamlar «Starlink»dan foydalanmoqda

2022-yilda Ilon Mask Eronda «Starlink» ishga tushirilganini e’lon qilgan edi. O‘sha paytda mamlakatda internetda uzilishlar yuzaga kelgan, bu esa hibsga olingan talaba Maxsa Aminining o‘limi ortidan boshlangan norozilik namoyishlari bilan bog‘liq edi. Shundan beri Eronda tobora ko‘proq odamlar, ayniqsa internet o‘chirilishlari paytida, «Starlink»dan foydalanmoqda.

Hozir esa hukumat «Starlink» terminallarini faol ravishda qidirayotgani sababli, Saxand va uning hamfikrlari sun’iy yo‘ldosh interneti bilan birga VPN’dan ham foydalanishni tavsiya qilmoqda – bu anonimlikni saqlashga yordam beradi. Biroq iqtisodiy inqiroz sharoitida ko‘pchilik bunday imkoniyatga ega emas.

Saxandning aytishicha, u ishtirok etayotgan faoliyat, jumladan terminallarni sotib olish, xorijda yashayotgan eronliklar va mamlakatga yordam berishni istagan boshqa shaxslar tomonidan moliyalashtiriladi. Uning ta’kidlashicha, ular hech qanday davlatdan mablag‘ olmaydi.

Terminallar xususiy shaxslarga yetkazib beriladi va Saxand hamda uning hamfikrlari fikricha, ular bu qurilmalar orqali dunyoga mamlakatda nima bo‘layotgani haqida ma’lumot tarqatadi.

Raqamli huquqlarni himoya qiluvchi tashkilot bahosiga ko‘ra, Eronda «Starlink» terminallariga egalik qilgani uchun kamida 100 nafar odam hibsga olingan. Saxandning aytishicha, u ham terminaldan foydalangani yoki unga egalik qilgani uchun qo‘lga olingan odamlarni biladi, ammo ular qurilmani undan olmagan.

Biznesga zarar

Eron hukumati internetni o‘chirish biznesga jiddiy zarar yetkazganini tan olgan. Yanvar oyida vazirlardan biri har bir blekaut kuni iqtisodiyotga kamida 50 trillion rial (taxminan 35 mln dollar) zarar keltirishini aytgan.

Yaqinda hukumat «Internet Pro» nomli loyihani ishga tushirdi, u orqali ayrim kompaniyalarga global internetga kirish imkoniyati beriladi. Shunday kompaniyalardan birida ishlovchi xodimning aytishicha, u aynan shu tashabbus tufayli internetga kirish imkoniga ega bo‘lgan.

Hukumat matbuot kotibi Foteme Mohajeranining aytishicha, ushbu loyihaning maqsadi – «inqiroz paytida biznes uchun aloqa imkoniyatini ta’minlash». Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat «aloqa sohasida adolatsizlikka qarshi» va vaziyat me’yorga tushgach, internet bilan bog‘liq holat ham o‘zgaradi.

«Aloqa vositalarini o‘chirish – inson huquqlarining ochiq buzilishi bo‘lib, hech qachon oqlab bo‘lmaydi», – deydi «Access Now»ning hududiy siyosat direktori Marva Fatafta.

Uning aytishicha, internet o‘chirilishlari turli mamlakatlarda «yangi odatiy holat»ga aylanib bormoqda. «Access Now» ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda 52 mamlakatda 313 ta internet blekauti qayd etilgan – bu 2016-yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich. O‘tgan yili esa blekautlardan eng ko‘p Myanma, Hindiston, Pokiston, Rossiya va Eron fuqarolari jabr chekkan.

Abdurahmon Boruman nomidagi inson huquqlarini himoya qilish markazi ijrochi direktori Roya Boruman Erondagi axborot bo‘shlig‘i «hukumatga o‘z narativini tarqatish imkonini beradi», deydi. Uning aytishicha, bu jarayonda namoyishchilar zo‘ravonlik tarafdori yoki xorijiy agent sifatida ko‘rsatiladi, qurbonlar va ishonchli manbalar esa sukutga mahkum etiladi.

Teglar

Mavzuga oid