Logo

«Lab va tishdek yaqin»: Si va Kimning tarixiy uchrashuvi ortida nimalar yashiringan?

Bugun 08:406 daqiqa

Pekin Shimoliy Koreyaning Moskva orbitasiga butkul kirib ketmasligini xohlamoqda.

«Lab va tishdek yaqin»: Si va Kimning tarixiy uchrashuvi ortida nimalar yashiringan?

Xitoy raisi Si Jinping 8-iyun kuni Pxenyanga bordi. Uzoq vaqtdan beri Shimoliy Koreyaning eng yaqin ittifoqchisi bo‘lib kelayotgan ushbu mamlakat yetakchisini kutib olish uchun oliy darajadagi davlat marosimlari uyushtirildi: bayroqlar, gullar, faxriy qorovul va katta olomon hozirlandi.

Kim Chen In va rafiqasi Li Sol Chju, Si Jinping va uning rafiqasi Pen Liyuanni Pxenyan xalqaro aeroportida kutib oldi. So‘ngra Xitoy rahbari poytaxtning bosh maydoniga kuzatib qo‘yildi. U yerda Si va Kimning ulkan portretlari ostida ikki xalq do‘stligiga bag‘ishlangan maxsus sahnalashtirilgan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Xitoyning «Sinxua» axborot agentligi xabariga ko‘ra, maydondagi bannerlardan biriga: «Yashasin Shimoliy Koreya va Xitoy o‘rtasidagi buzilmas do‘stlik hamda hamjihatlik!» deb yozilgan.

Si Jinpingning 2019 yildan beri Shimoliy Koreyaga amalga oshirgan ushbu ilk tashrifi o‘ziga xos davrga to‘g‘ri kelmoqda. Ayni paytda har ikki hukumat ocharchilik, yadroviy inqirozlar, diplomatik ziddiyatlar va global tartibning o‘zgarishlarini boshidan kechirgan o‘zaro munosabatlarini qayta mustahkamlashga intilmoqda.

Bu ikki davlat munosabatlari ko‘pincha qadimiy xitoy iborasi bilan ta’riflanadi: «Lab va tishdek yaqin». Ushbu metafora ilk bor 1950-yillarda Mao Szedun tomonidan tarixiy ittifoqchilarning o‘zaro yaqin aloqalarini ifodalash uchun ishlatilgan edi.

Quyida ushbu davlatlarning yaqin, ammo ba’zan ziddiyatli kechgan munosabatlari tarixiga qisqacha nazar tashlaymiz:

Inqilobiy rishtalar

Ikki davlat munosabatlarining ildizi zamonaviy Koreya va Xitoy davlatlari tashkil topishidan oldingi davrga borib taqaladi. 1948 yilda Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) tuzilguniga qadar, Shimoliy Koreyaning ko‘plab ilk yetakchilari, xususan, Kim Ir Sen Xitoy kommunistik harakati bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Bir yil o‘tib, 1949 yilning 6 oktabrida Shimoliy Koreya va yangi tashkil etilgan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida rasmiy diplomatik munosabatlar o‘rnatildi.

1950–1953 yillardagi Koreya urushi

Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasida boshlangan urush davrida Shimoliy Koreya kuchlari orqaga chekinishga majbur bo‘ldi. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqni jiddiy sinovdan o‘tkazdi.

Shunda Xitoy Yalu daryosi orqali Xalq ko‘ngillilari armiyasining kattagina qismini yo‘llab, ushbu mojaroga qo‘shildi. Xitoyning aralashuvi Shimoliy Koreyani batamom qulashdan saqlab qoldi.

 

Urushning insoniy yo‘qotishlari ulkan edi: Xitoy 180 mingdan 400 minggacha askaridan ayrildi, Koreya esa vayronaga aylanib, ikkiga bo‘linib ketdi. Biroq Pekin va Pxenyan nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, bu urush to shu kungacha ikki xalqning jamoaviy xotirasini shakllantirib kelayotgan mustahkam rishtalarni yaratdi.

1961 yil: Do‘stlik shartnomasi

1961 yilda Xitoy va Shimoliy Koreya o‘rtasida Do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Uning eng muhim bandiga ko‘ra, agar tomonlardan biri qurolli hujumga uchrasa, ikkinchisi unga zudlik bilan yordam berish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi. Ushbu shartnoma hanuzgacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan, zero bu Xitoyning boshqa davlat bilan tuzgan yagona rasmiy mudofaa pakti hisoblanadi.

1960–1970 yillar: Xitoy-Sovet ziddiyati va Madaniy inqilob

 Shunga qaramay, Pekin bu shartnomaga Pxenyan istagan ishini qilishi mumkin bo‘lgan «ochiq chek» sifatida qaramadi. O‘z navbatida, Pxenyan ham Pekinning har doim faqat xolis niyatda harakat qilishiga ishonavermasdi. Bunday yashirin taranglik o‘nlab yillar davomida, ayniqsa, Shimoliy Koreya Pekin va Moskva o‘rtasidagi ziddiyatda (Xitoy va Sovet Ittifoqining ajralishi davrida) biror tomonga yon bosishdan qochishga uringan paytlarda yaqqol sezilib turdi.

Xitoydagi Madaniy inqilob davrida munosabatlar yomonlashdi, ammo 1970-yillarda yana iliqlashdi. Keyinroq esa Xitoy Shimoliy Koreyaning Janub bilan mojaroni qayta boshlash umidlarini puchga chiqarib, Janubiy Koreyaga bostirib kirishda yordam berishdan bosh tortgach, o‘zaro aloqalar yana sovidi.

1990-yillar: Xitoyning «ochilishi» va Janubiy Koreya bilan munosabatlar

Xitoy o‘z iqtisodiyotini tashqi dunyoga ochgani va Shimoliy Koreya shubha bilan qaraydigan mamlakatlar bilan aloqalarni kengaytira boshlaganidan so‘ng, munosabatlardagi eng notinch davrlardan biri yuz berdi. Pekinning 1992 yilda Janubiy Koreya bilan diplomatik aloqalarni normallashtirish qarori esa Pxenyanni qattiq xavotirga soldi.

Xitoy asosiy tarmoqlar ustidan davlat nazoratini saqlab qolgan holda bozor islohotlarini joriy etdi. U global savdo va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar uchun o‘z eshiklarini ochgach, bu ikki qo‘shni davlatning rivojlanish yo‘llari tobora bir-biridan uzoqlashib bordi.

Pxenyanning asosiy homiysi bo‘lgan Sovet Ittifoqining parchalanishi Shimoliy Koreyaning tobora yakkalanib, Xitoyga qaram bo‘lib qolishiga olib keldi. Bu esa bir vaqtlar umumiy inqilobiy g‘oyalarga asoslangan munosabatlarda yangi keskinliklarni keltirib chiqardi.

2006 yil: Xitoy Shimoliy Koreyaning yadroviy sinovlarini qoraladi

Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturi munosabatlardagi yana bir keskinlik manbaiga aylandi. Xitoy Koreya yarimorolida yadro quroli bo‘lishiga qarshi ekanini bir necha bor ta’kidladi va Shimoliy Koreyaning yadroviy sinovlarini, jumladan, 2006 yildagi ilk sinovini ham qoraladi.

Bundan tashqari, Pekin Pxenyanning eng muhim iqtisodiy tayanchi bo‘lib qolayotganiga qaramay, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tomonidan Shimoliy Koreyaga qarshi kiritilgan bir necha turkum sanksiyalarga qarshi chiqmadi.

Qayta tiklangan iliqlik va barqaror savdo

Si va Kim o‘rtasidagi bugungi iliq munosabatlar so‘nggi yillarda qayta tiklangan aloqalarning mahsulidir. Xususan, Kim 2018 yildan beri bir necha bor Xitoyga tashrif buyurgan bo‘lsa, Si 2019 yilning iyun oyida Pxenyanga borgan edi.

Si Jinpingning xorijga safarlari tobora kamyob hodisaga aylanib borayotgan (so‘nggi yillarda aksariyat xorijiy yetakchilar Pekinga kelishga majbur bo‘lmoqda) bir paytda, uning ushbu tashrif bilan shaxsan Pxenyanga uchib borishi e’tiborga molikdir.

Ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalari juda barqaror. 2026 yilning dastlabki ikki oyida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22 foizga o‘sgani ham ularning iqtisodiy munosabatlari hamon naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini tasdiqlaydi.

Xitoy Shimoliy Koreyaning rasmiy savdo hamkori sifatida mutlaq ustunlikka ega. Shimoliy Koreya yonilg‘i, oziq-ovqat, texnika, avtomobillar, elektronika va iste’mol tovarlari bo‘yicha Xitoyga qaram. Xitoy kompaniyalari va portlari ham Shimoliy Koreya eksporti uchun asosiy darvoza bo‘lib qolmoqda. Eksport qilinadigan mahsulotlar qatoriga foydali qazilmalar, dengiz mahsulotlari, temir va po‘lat, soat qismlari, shuningdek, parik va sun’iy soch mahsulotlari kiradi. Bundan tashqari, BMTning bu daromad manbaini kesishga qaratilgan sanksiyalariga qaramay, Shimoliy Koreya chet eldagi ishchi kuchidan daromad ko‘rishda davom etmoqda.

Biroq, tahlilchilarning ta’kidlashicha, Xitoy Shimoliy Koreya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning tobora yaqinlashib borayotganidan xavotirda bo‘lishi mumkin. Sining ushbu uchrashuv uchun shaxsan Pxenyanga borishga qaror qilganining yana bir sababi ham aynan shu bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Shimoliy Koreya Rossiya bilan harbiy va siyosiy aloqalarini mustahkamlab borar ekan, Pekin Pxenyanga va butun dunyoga Shimoliy Koreyaning kelajagida Xitoy markaziy o‘rin tutishini eslatib qo‘yish uchun yetarli asoslarga ega.

Mazkur iqtisodiy munosabatlar Pekinga sezilarli ta’sir kuchini taqdim etadi. Biroq Kim bu Xitoyning diplomatik maqsadlarini murakkablashtirsa-da, o‘z xavfsizlik strategiyasini mustaqil olib borishga tayyor ekanini bir necha bor namoyish etgan.

Kelajakda nimalar kutmoqda?

Pxenyan bilan yaqin munosabatlar Koreya yarimoroli bo‘yicha kelajakdagi har qanday muhokamalarda Si Jinpingning pozitsiyasini kuchaytirishi mumkin. AQSH prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturi bo‘yicha keskinliklar qayta yuzaga chiqayotgan bir paytda ham, Kim bilan diplomatiyani tiklashga qiziqish bildirayotganini bir necha bor ta’kidlagan.

O‘tgan haftada Kim yadroviy materiallar ishlab chiqaruvchi yangi inshootni ochdi va mamlakatning yadroviy kuchlarini «jadal sur’atlarda» kengaytirishga va’da berdi. Bu esa yadro qurolidan voz kechish jarayoni har qachongidan ham uzoqroq ekanidan dalolat beradi.

Oxir-oqibat, Pekin o‘z chegarasi yaqinidagi mojarolarning oldini olishni, Koreya yarimorolida o‘z ta’sirini saqlab qolishni va Shimoliy Koreyaning Moskva orbitasiga butkul kirib ketmasligini ta’minlashni xohlaydi. Si Jinpingning ushbu tashrifi geosiyosiy vaziyatning o‘zgaruvchanligiga qaramay, Xitoy va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar Sharqiy Osiyodagi eng muhim va salmoqli sherikliklardan biri bo‘lib qolayotganini eslatib turadi. 

Teglar

Mavzuga oid

«Lab va tishdek yaqin»: Si va Kimning tarixiy uchrashuvi ortida nimalar yashiringan? | Vaqt.uz