
Maktab qurish hokimiyat uchun boshog‘riqmi?
12.07.2025 | 10:2042665
O‘zbekistonda aholi soni keskin oshgani holda, davlat tomonidan yetarli miqdorda maktablar qurilmayapti. Siyosatshunos Hamid Sodiq buni siyosiy qaror qabul qiluvchilarning ustuvor yo‘nalishlarida ta’limga jiddiy e’tibor berilmayotgani bilan izohladi.

Tadbirkor Hasanxo‘ja Muhammadsodiq siyosatshunos Hamid Sodiq bilan suhbatda maktablar yetishmasligi muammosiga to‘xtalib o‘tdi. 1990 yilda aholi soni 19–20 million atrofida bo‘lib, 7–8 mingta maktab mavjud bo‘lgan. bugungi kunga kelib aholi soni qariyb 37 millionga yetgan, biroq davlat maktablari soni 10 mingta atrofida qolmoqda.
«Tafovut shu darajada oshib ketdiki, bugun 10 mingta maktab 17–18 mingta maktab vazifasini bajaryapti. Ba’zi maktablarda ikki, boshqalarida uch smenali darslar bo‘ladi. Tabiiyki, o‘sha maktabda bitta ustoz ertalabdan kechgacha to‘liq ishlaydi. Bu holat demografik o‘zgarishga davlat vaqtida reaksiya qilmaganining oqibatlari bo‘lishi mumkin. Aholi soni o‘syaptimi, unga parallel ravishda maktablar, shifoxonalar qurilishi kerak», dedi tadbirkor.Islohot o‘tkazilgani yarq etib ko‘zga ko‘rinishi kerak. Bu hamma siyosatga tegishli kamchilik. Deylik, ko‘zga ko‘rinadigan bino, qandaydir sitilar qurib tashlash omma uchun islohot bo‘lib tuyulishi mumkin. Lekin uning tagidagi kanalizatsiya masalasi bor. Uzoq muddatli foyda beradigan narsa bo‘lgani uchun iloji boricha unga e’tibor qaratmaslikka harakat qilinadi. Hokimiyatlar uchun maktab qurish juda ham katta muammo. Chunki maktablar faqat pul talab qiladi va hokimlar uning foydasini ko‘ra olmaydi. Bitta maktab quradigan bo‘lsangiz, ular uchun g‘irt boshog‘riq. U yerga bolani olib kelishingiz, pul, o‘qituvchi bilan ta’minlashingiz, huquqbuzarligiga qarashingiz kerak.
«Xullas, turgan-bitgani muammo. Ular uchun yer maktabdan ko‘ra uy qurish uchun sotib yuborilgani yaxshi. Qurganlar obodonlashtirishi bilan o‘zlari shug‘ullanadi, keyin pul ham berishi mumkin. Lekin maktab turgan-bitgani boshog‘riq. Ya’ni «kalta qo‘llar sindromi»da tushib qolgan soha hisoblanadi», dedi siyosatshunos.Uning ta’kidlashicha, davlatni maktab qurishga majbur qilish parlamentarizmning vazifasi bo‘lishi kerak. Agar parlament ishlamasa, davlat maktab qurishni ustuvor maqsad sifatida belgilmaydi. Saylangan deputatlar hokimiyatni ta’lim sohasiga moliyaviy resurslar ajratishga majbur qilishi lozim. 2024 yilda mamlakatda 6,4 million bola ta’lim olayotgan bo‘lsa-da, jami 5 million o‘quvchi o‘rniga ega maktablar faoliyat yuritmoqda. Bu esa 1,2 million bola uchun joy yetishmasligini anglatadi. Davlat standartlariga ko‘ra sinfdagi o‘quvchilar soni 35 nafardan oshmasligi kerak. Ammo qariyb 2 mingta maktabda bu me’yor buzilmoqda.





