
Nega O‘zbekiston Tolibon bilan hamkorlik qilmoqda? — The National Interest
31.07.2025 | 14:00401221
Xalqaro hamjamiyat ikkilanib turgan bir paytda, rasmiy Toshkent Afg‘onistondagi toliblar hukumatiga nisbatan pragmatik yondashuvni tanlab, xavfsizlik ehtiyojlari va iqtisodiy imkoniyatlar o‘rtasida muvozanat topishga intilmoqda, deb yozmoqda nashr.

Bu yondashuvning markazida Afg‘onistonga xavfsizlik uchun tahdid emas, balki Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo va undan naridagi hududlar bilan bog‘lovchi muhim ko‘prik sifatida qarash mavjud.
2025 yil 11 iyun kuni Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonning sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziy bilan uchrashdi. Bu uchrashuv, dunyo hamjamiyatining Tolibon boshchiligidagi Afg‘oniston bilan aloqalarni tiklash borasida hali-hanuz ikkilanayotgan bir paytda, Toshkentning janubiy qo‘shnisi bilan savdo va infratuzilma sohalarida barqaror va faol hamkorlikni davom ettirishga qat’iy sodiqligini namoyon etdi. Transchegaraviy sanoat zonalari, energetika yo‘laklari hamda yirik tranzit tashabbuslari orqali O‘zbekiston o‘zini mintaqaviy barqarorlik kafolatchisi, shu bilan birga Afg‘onistonning asosiy iqtisodiy va siyosiy hamkori sifatida mustahkamlashga intilmoqda.
2021 yil avgustida AQSH Afg‘onistondan chiqib ketganidan buyon O‘zbekiston Kobuldagi amaldagi hokimiyat bilan nafaqat aloqalarni saqlab qolishga, balki ularni yanada kengaytirishga tayyor bo‘lgan kam sonli davlatlardan biri sifatida ajralib turadi, deb yozmoqda The National Interest nashri.
Pragmatik burilish
Tolibon hokimiyatga qaytganidan beri Afg‘oniston ma’lum darajada ichki barqarorlikni tikladi. Amaldagi hukumat deyarli barcha viloyatlarni nazorat qilmoqda va transport, aloqa, sug‘orish hamda sanoat sohalarida infratuzilma loyihalarini boshlagan. Biroq bu sa’y-harakatlar og‘ir iqtisodiy inqiroz, keskin oziq-ovqat tanqisligi, iqlim o‘zgarishi tufayli yuzaga kelgan ofatlar hamda sun’iy narkotiklar ishlab chiqarishining xavotirli darajada oshishi kabi jiddiy muammolar fonida olib borilmoqda. Shu bilan birga, «Islom davlati – Xuroson» kabi terroristik guruhlarning davom etayotgan faoliyati ham mintaqa uchun sezilarli xavf tug‘dirmoqda.
O‘zbekiston uchun bu xavflar uzoqdagi tahdid emas. Afg‘onistondagi beqarorlik qochqinlar oqimi, radikallashuv, chegara orqali jangarilik va savdo yo‘llarining izdan chiqishi kabi holatlarga olib kelishi mumkin — bularning barchasi O‘zbekistonning milliy manfaatlariga bevosita xavf tug‘diradi. Bu holatni chuqur anglagan Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi hukumat tashqi siyosatini qayta ko‘rib chiqdi va Afg‘onistonning yana izolyatsiyaga tushib qolishining hamda beqarorlik o‘chog‘iga aylanishining oldini olish maqsadida doimiy muloqot, pragmatik hamkorlik va faol diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ydi.
2021 yil avgustidan beri O‘zbekiston Afg‘onistonga o‘n marta insonparvarlik yordamini yuborgan. Biroq bundan ham e’tiborga molik tashabbus bu — 2024 yil avgust oyida Termizda, Afg‘oniston chegarasiga yaqin joyda tashkil etilgan Ayritom Erkin Iqtisodiy Zonasi (Ayritom) hisoblanadi. Ushbu zona BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi (UNHCR)ning Global ta’minot tarmog‘iga integratsiyalashgan bo‘lib, 36 gektar maydonni egallagan. Hududda bojxona punkti, logistika infratuzilmasi, oliy ta’lim muassasalari, banklar, mehmonxonalar va zamonaviy shifoxona mavjud. Zona to‘liq ishga tushgach, yiliga 900 ming tonna yuk va 1,5 million tashrifchini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Kutilayotgan yillik savdo aylanmasi esa 1,2 milliard AQSH dollariga yetadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo hajmi barqaror o‘sib bormoqda. O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston hozirda O‘zbekistonning eksport bo‘yicha beshinchi yirik bozoriga aylangan. 2023 yilda ikki tomonlama savdo hajmi 866 mln dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 1,1 mlrd dollarga yetdi, shundan O‘zbekiston eksporti 1 mlrd dollardan oshdi. Kelgusi yillarda ushbu ko‘rsatkichni 3 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
2024 yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Afg‘oniston kapitali ishtirokidagi 550 ta korxona faoliyat yuritmoqda, shulardan 443 tasi afg‘on mulkiga ega. Hozirda oziq-ovqatni qayta ishlash, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi, turizm va to‘qimachilik sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Mintaqaviy bog‘liqlik bo‘yicha Strategik Dastur
O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha siyosati nafaqat gumanitar yordam va savdo aloqalarini rivojlantirishni, balki mintaqaviy bog‘liqlikni yangicha formatda shakllantirishga qaratilgan dadil strategik konsepsiyani ham o‘z ichiga oladi. Bu boradagi eng yirik va ramziy loyiha — Trans-Afg‘on temiryo‘l yo‘lagi bo‘lib, u O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokistonni bog‘lovchi temiryo‘l tarmog‘ini tashkil etadi. Mazkur yo‘l orqali Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘oniston hududi orqali Pokistonning Karachi va Gvadar portlariga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
So‘nggi yillarda ushbu temir yo‘l loyihasi bo‘yicha ishlar jadallashdi. 2023 yil may oyida Toshkent temir yo‘l qurilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha Loyihalar ofisini ochdi, uning filiallari Kobul va Islomobod shaharlarida tashkil etildi. 2023 yil iyul oyida yakuniy yo‘nalish — «Termiz–Naibobod–Logar–Xarlachi» bo‘yicha kelishuvga erishildi. Avgust oyida esa O‘zbekiston tomonidan qayta tiklangan Naibobod stansiyasiga ilk yuk vagonlari yetib bordi. Bu voqea mintaqaviy bog‘liqlik yo‘lida muhim tarixiy bosqich bo‘ldi.
O‘tgan yili O‘zbekiston Afg‘oniston va Birlashgan Arab Amirliklari bilan O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston temir yo‘li uchun texnik-iqtisodiy asos (feasibility study) tayyorlash bo‘yicha bitim imzoladi. Qurilish ishlari joriy yilda boshlanishi rejalashtirilgan. Temir yo‘lning umumiy uzunligi 475 mil (taxminan 765 km) bo‘lib, qiymati 4,8 mlrd dollardan 6 mlrd dollargacha baholanmoqda. Loyiha 5 yil ichida yakunlanishi kutilmoqda.
O‘zbekistonlik ekspertlar fikricha, ushbu temir yo‘l Hind okeani portlariga yuk tashish xarajatlarini 30–40 foizga kamaytirishi mumkin. Yillik yuk tashish hajmi esa 2030 yilga borib 22 mln tonnaga, 2040 yilgacha esa 34 mln tonnaga yetishi prognoz qilinmoqda. Bu yuklarning 20 foizdan ortig‘i Afg‘oniston orqali o‘tishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi savdo aloqalarini silliq va uzluksiz amalga oshirishga xizmat qiladi.
Yana bir strategik tashabbus bu — Surxon–Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi bo‘lib, u Afg‘onistonni mintaqaviy energiya tizimiga integratsiya qilish uchun mo‘ljallangan. Ushbu yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i 1000 MW quvvatga ega bo‘lib, Afg‘onistonning energiya tizimini O‘zbekiston va kengroq Markaziy Osiyo tarmog‘i bilan bog‘laydi. Shuningdek, bu loyiha CASA-1000 (Tojikiston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi energetika hamkorligi) tashabbusi bilan ham integratsiyalashuvi mumkin.
Loyihaning qiymati 186 mln dollar deb baholanmoqda va u 2025 yildan 2028 yilgacha bo‘lgan ikki bosqichda yakunlanishi rejalashtirilgan. Ushbu 500 kW kuchlanishdagi elektr uzatish liniyasi ishga tushgach, O‘zbekistonning Afg‘onistonga elektr energiyasi eksporti 70 foizga oshishi kutilmoqda. Bu orqali O‘zbekiston kuniga 24 mln kWh, yiliga esa 6 mlrd kWh elektr energiyasi yetkazib bera oladi. Loyiha umumiy uzunligi 152,6 mil (taxminan 245 km) bo‘lib, shundan 28 mili O‘zbekiston hududida allaqachon qurib bitkazilgan, qolgan 124,6 mili esa Afg‘oniston hududida qurilishi kerak. Ushbu elektr liniyasining quvvati nafaqat Afg‘onistonda elektr ta’minotini yaxshilaydi, balki Hayraton–Mozori Sharif temir yo‘l liniyasini elektrlashtirishga ham xizmat qiladi. Bu esa dizel yoqilg‘isida ishlaydigan poyezdlar o‘rniga elektr poyezdlaridan foydalanishga imkon yaratib, transport xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi.
Inson manfaatlariga yo‘g‘rilgan hamkorlik
Savdo va infratuzilma sohalaridagi loyihalar ko‘proq ommaviy e’tiborni tortayotgan bo‘lsa-da, O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan hamkorligi inson kapitalini rivojlantirishga ham alohida urg‘u bermoqda. 2018 yildan buyon faoliyat yuritayotgan Afg‘on fuqarolarini o‘qitish markazi (ECTAC) orqali 700 dan ortiq afg‘on talabasi, jumladan 200 nafar ayol, axborot texnologiyalari, agrobiznes, turizm, tikuvchilik va marketing yo‘nalishlarida ta’lim oldi. Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot Dasturining ko‘magida bu dastur 2025 yilgacha kengaytirilmoqda. Mazkur tashabbus Afg‘onistonning tiklanish jarayonlari uchun zarur bo‘lgan malakali kadrlar zaxirasini shakllantirishga qaratilgan.
Kelajakka nazar tashlar ekanmiz, ESTAS tajribasiga asoslanib, O‘zbekiston Termizda Afg‘on fuqarolari uchun qaytish va reintegratsiya markazi tashkil etish orqali ijobiy rol o‘ynashi mumkin. Bunday tashabbus o‘tgan oy Markaziy va Janubiy Osiyo bog‘liqligi bo‘yicha Termiz muloqotida muhokama qilingan edi. Mazkur taklif etilayotgan markaz AQSH, Yevropa Ittifoqi yoki boshqa G‘arb davlatlaridan deportatsiya qaroriga duch kelgan afg‘on fuqarolari uchun neytral va xavfsiz tranzit nuqtasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin. U xalqaro humanitar va huquqiy standartlarga asoslangan holda, logistik va huquqiy muammolarni hal etishga ko‘maklashadi hamda asosiy inson huquqlarini ta’minlashga qaratiladi. Bunday markaz mintaqada huquq asosidagi migratsiya diplomatiyasining namunasi bo‘lishi ehtimoliga ega.
Umuman olganda, O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha siyosati katta maqsadlarni o‘z ichiga oladi, biroq bu yo‘l xatarlardan xoli emas. Infratuzilma va taraqqiyotga oid keng ko‘lamli loyihalarning muvaffaqiyati nafaqat Toshkentning strategik qarashiga, balki Afg‘onistonning qo‘shni davlatlari bilan konstruktiv hamkorligiga hamda Tolibon hukumatining asosiy barqarorlikni ta’minlash qobiliyatiga bog‘liq. Eng puxta ishlab chiqilgan tashabbuslar ham agar mintaqaviy muloqot va o‘zaro ishonchni mustahkamlovchi choralar bo‘lmasa, muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkin.
Kobul esa, o‘z navbatida, barqarorlik, iqtisodiy hamkorlik va mintaqaviy totuvlikka sodiqligini izchil namoyon etishi zarur. Aks holda, hatto eng pragmatik mintaqaviy hamkorlarning ham hamkorlikka tayyorligi sinovdan o‘tishi mumkin. Shuningdek, Afg‘onistonning malakali diasporasi — olimlar, muhandislar va mutaxassislarning vatanga qaytishi ham nihoyatda muhim. Ularning bilim va tajribasi salohiyatni oshirish va uzoq muddatli qayta tiklash jarayoni uchun zarur omildir.
Katta davlatlar o‘rtasidagi raqobat va chuqur ildiz otgan xavfsizlik muammolari bilan yuzma-yuz kelayotgan mintaqada O‘zbekiston o‘zining ulanishga asoslangan, iqtisodiy pragmatizm va inson manfaatlarini ustuvor qo‘yuvchi diplomatiya modelini taklif qilmoqda. Bu model Afg‘onistonda davom etayotgan beqarorlik sharoitida o‘zini saqlab qola oladimi — buni vaqt ko‘rsatadi. Ammo ayni damda Toshkent boshqalar ikkilanayotgan bir vaziyatda yetakchilikni o‘z zimmasiga olishga qat’iy bel bog‘laganini ko‘rsatmoqda.





