
O‘zbekiston–AQSH kelishuvlari: Amerikadan keladigan paxta va samolyotlar
O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2025 yilning dastlabki 9 oyida 719 mln dollar oshdi. Kelgusi 10 yilda O‘zbekiston AQSH iqtisodiyotiga 100 mlrd dollar tikmoqchi. Vaqt.uz so‘nggi 5 yillikdagi kelishuvlar, savdo tarkibi va iqtisodiy aloqalariga oid ma’lumotlarni jamladi.

Shavkat Mirziyoyev 6 noyabr kuni AQSHga amaliy tashrif doirasida prezident Donald Tramp bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida ikki davlat yetakchilari O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-humanitar masalalarni ko‘rib chiqdilar. Shuningdek, «C5+1» formati doirasida Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
Donald Tramp sammit doirasidagi muzokaralarni yuqori baholab, Shavkat Mirziyoyevning AQSH hukumati vakillari, yirik korporatsiyalar hamda moliyaviy institutlar rahbarlari bilan uchrashuvlarini olqishladi. Uning ta’kidlashicha, «qo‘shma loyihalarni ilgari surishning institutsional mexanizmlarini yaratish va takomillashtirish» ikki davlat hamkorligida asosiy ustuvor yo‘nalish bo‘ladi.
Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida «AQSH va O‘zbekiston o‘rtasida misli ko‘rilmagan savdo-iqtisodiy kelishuv amalga oshirildi», — deb yozdi va Sh.Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «yaqin uch yil ichida O‘zbekiston Amerikaning muhim minerallar, aviatsiya, avtomobil butlovchi qismlari, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, energetika, kimyo va axborot texnologiyalari sohalariga qariyb 35 milliard dollar, kelgusi o‘n yilda esa 100 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritadi va xaridlarni amalga oshiradi».
Iqtisodiy tahlillar va islohotlar markazi 2024 yil hamda 2025 yilning dastlabki to‘qqiz oyi davomida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni o‘rgandi. Vaqt.uz ushbu ma’lumotlarni tahlil qilib, AQSH va O‘zbekistonning hamkorlikda imzolagan hujjatlari, kelishuvlari hamda iqtisodiy munosabatlarini jamladi.

Savdo-iqtisodiy munosabatlar
Review.uzʼning ma’lumotlariga ko‘ra, 2017–2024 yillar davomida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4,1 barobarga oshib, 215 million dollardan 881,7 million dollarga yetgan.
Eksport 9,9 barobarga o‘sib, 32,1 million dollardan 317,4 million dollarga, import esa 3,1 martaga ko‘payib, 182,9 million dollardan 564,3 million dollarga yetgan. Shu davr ichida AQSHning O‘zbekiston tashqi savdosidagi ulushi ham oshgan: umumiy tovar ayirboshlashda — 0,8 foizdan 1,3 foizga, eksportda — 0,3 foizdan 1,2 foizga, importda — 1,3 foizdan 1,4 foizga ko‘tarilgan.
2025 yilning 9 oyi yakuniga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 719,1 million dollarni tashkil etib, o‘sish 5,6 foiz darajasida qayd etilgan. Shu jumladan, O‘zbekistonning AQSHga eksporti — 317,4 million dollar, AQSHdan importi — 564,3 million dollar.
Savdo tarkibi
Eksport tarkibida eng katta ulush xizmatlarga to‘g‘ri keladi — 50,6 foiz. Bularga dasturiy ta’minot, moliya, axborot va transport xizmatlari kiradi. Keyingi o‘rinda neft mahsulotlari — 36,9 foiz (dizel yonilg‘isi, kerosin, neft vazelini va boshqalar).
Shuningdek, sanoat mahsulotlari — 4,1 foiz (alyuminiy profillari, to‘qimachilik mahsulotlari, mis buyumlar), mashina va uskunalar — 3,7 foiz, oziq-ovqat mahsulotlari — 2,2 foiz (quritilgan mevalar, ziravorlar).
Import tarkibida esa eng katta ulush mashina va uskunalarga to‘g‘ri keladi — 57,5 foiz (uchuvchi apparatlar, avtomobillar va ularning qismlari, hisoblash qurilmalari, dvigatellar, nasoslar va boshqalar). Shuningdek, xizmatlar — 22,2 foiz (moliyaviy, litsenziyaviy, lizing va transport xizmatlari).
Qolgan qismi kimyoviy moddalar — 6 foiz (dorilar, kosmetika mahsulotlari), tayyor mahsulotlar — 5,1 foiz (asbob-uskunalar, qog‘oz buyumlari), sanoat tovarlari — 4,3 foiz (plastmassa va elektr-texnika mahsulotlari), oziq-ovqat mahsulotlari — 2,6 foiz (parranda go‘shti va boshqalar).
AQSH O‘zbekistonga qancha pul tikdi?
2025 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Amerika kapitali ishtirokida 339 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Bu xorijiy sarmoyadorlar ishtirokidagi barcha korxonalarning taxminan 2 foizini tashkil etadi. Ulardan 89 tasi — qo‘shma, 250 tasi esa AQSH kapitali to‘liq egaligidagi kompaniyalardir.
So‘nggi 8 yilda AQSHdan jalb qilingan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 63 barobarga oshib, 2017 yildagi 8,6 million dollardan 2024 yilda 545,9 million dollarga yetgan. Umuman olganda, 2017–2024 yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotiga AQSHdan jalb etilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar va kreditlar umumiy hajmi 2,6 milliard dollardan oshgan.
Sarmoya yo‘nalgan sohalar
AQSH investitsiyalari asosan ishlab chiqarish va resurslarga asoslangan tarmoqlarga yo‘naltirilgan:
«Tog‘-kon va metallurgiya» — tabiiy gaz qazib chiqarish va metall ishlab chiqarish;
«Ishlab chiqarish sanoati» — avtomobilsozlik, ichimliklar, metall va to‘qimachilik mahsulotlari;
«Qurilish va xizmat ko‘rsatish» — ko‘chmas mulk, ta’lim, turizm;
«Qishloq xo‘jaligi» — qayta ishlash va agrosanoat loyihalari.
Ma’lumot uchun, Donald Tramp O‘zbekiston bilan imzolangan yangi bitimga ko‘ra, O‘zbekiston AQSH iqtisodiyotiga 10 yilda 100 milliard dollargacha sarmoya kiritishi rejalashtirilmoqda.
Huquqiy kelishuvlar
2024 yil sentyabrda «Strategik muhim minerallar sohasida anglashuv memorandumi» imzolangan bo‘lib, u geologik qidiruv ishlari, qazib olish va yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar zanjirini yaratishda hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Shu oyda «Bojxona hamkorligi va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi bitim» ham imzolandi. U axborot almashinuvi, noqonuniy narkotik aylanmasi, jinoiy daromadlarni legallashtirish, odam savdosi hamda transmilliy jinoiy guruhlarga qarshi choralarni o‘z ichiga oladi.
2024 yil avgustda AQSH O‘zbekistondan paxta importini qayta ko‘rib chiqishni boshladi. Shu munosabat bilan AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligi va AQSH Paxta Assotsiatsiyasi bilan uchrashuvda «GSM-102» dasturi doirasida O‘zbekistonga AQSH paxtasini yetkazib berish, kredit limitini oshirish va «Made from U.S. Cotton» tashabbusini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Sentyabr oyida esa «Uzbekistan Airways» va «Boeing» korporatsiyasi o‘rtasida «Boeing 787-9 Dreamliner» samolyotlarini sotib olish bo‘yicha kelishuv imzolandi. 22 ta «Boeing 787-9 Dreamliner» havo kemasini sotib olish bo‘yicha kelishuv qiymati 8 mlrd dollardan ortiqni tashkil qilgandi. Biroq Uzbekistan Airways ham, Boeing ham shartnoma narxini ochiqlamagan.
2025 yil 3 noyabrdagi Prezident farmoniga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan AQSH fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirishda «vizasiz rejim» joriy etiladi.
Imzolangan shartnomalar ro‘yxati
Geologiya vazirligi va «Denali Exploration Group» kompaniyasi o‘rtasida nodir yer elementlarini ishlab chiqarish bo‘yicha bitim;
«O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi» hamda «Re Element Technologies» kompaniyasi o‘rtasida nodir metallar sohasida hamkorlik bitimi;
«Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi» hamda «Flowserve» kompaniyasi o‘rtasida nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha kelishuv;
«Qishloq xo‘jaligi vazirligi» va «Valmont Industries Inc» kompaniyasi o‘rtasida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha bitim;
«Raqamli texnologiyalar vazirligi» va «Palo Alto Networks» kompaniyasi o‘rtasida sun’iy intellekt sohasida hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida kelishuv;
«Uzbekistan Airways» va «Boeing» kompaniyalari o‘rtasida samolyot yetkazib berish shartnomasi;
«Datacrop» va «Louis Dreyfus Company» kompaniyalari o‘rtasida soya dukkaklari va shrot yetkazib berish shartnomasi;
«O‘zsanoateksport» va «Cargill» kompaniyalari o‘rtasida paxta yetkazib berish bo‘yicha bitim.
Bundan tashqari, energetika, IT va logistika sohalarida ham bir qator loyihalar amalga oshirish haqida loyihalar kelishildi. Xususan, Vashingtondagi tashrif doirasida O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay xalqaro to‘lov tizimlarini joriy etish rejasi amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi.
Teglar






