
O‘zbekiston hayot sifati bo‘yicha jahonda 108-o‘rinda
15.05.2025 | 12:3526352
CEOWORLD biznes-jurnali tomonidan 2025 yil uchun e’lon qilingan global reytingda O‘zbekiston hayot sifati bo‘yicha 108-o‘rinni egalladi. Tadqiqot 196 davlatda yashash darajasiga ta’sir etuvchi turli mezonlar asosida o‘tkazilgan.

Mazkur ko‘rsatkich O‘zbekistonning hozirgi ijtimoiy va iqtisodiy muhitini xalqaro standartlar nuqtai nazaridan baholash imkonini beradi.
Reyting natijalariga ko‘ra, Shveysariya 97,9 ball bilan birinchi o‘rinni egallagan. Undan keyin Norvegiya va Islandiya joylashdi. AQSH 21-o‘rin, Turkiya 48-o‘rin, Rossiya esa 59-o‘rinni egallagan. Qo‘shni davlatlardan Qozog‘iston 70-o‘rin, Turkmaniston 96-o‘rin va Qirg‘iziston 119-o‘rin bilan ro‘yxatdan joy olgan. Urush holatida bo‘lgan Ukraina esa 102-o‘rinda qayd etilgan.
Tadqiqotda mamlakatlar hayot sifati, ta’lim tizimi, siyosiy barqarorlik, inson huquqlari, atrof-muhitga munosabat, fuqarolik tengligi, daromad darajasi va hayotdan umumiy qoniqish kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholangan.
O‘zbekistonning 108-o‘rindan joy olishi mamlakatning hayot sifatiga oid sohalarda hali ham muayyan muammolar mavjudligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ushbu natija kelgusidagi islohotlar uchun manzilli yo‘nalish sifatida xizmat qilishi mumkin.





