O‘zbekiston suv tanqisligi yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirdi
Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng yaxshi ko‘rsatkich Tojikistonga berildi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaO‘zbekiston suv tanqisligi bo‘yicha global reytingda 3,63 ball bilan 34-o‘rinni egalladi. Bu haqda Water Stress by Country 2026 hisobotida keltirilgan.
Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Turkmaniston reytingda suv tanqisligi darajasi eng yuqori ko‘rsatkichga ega. U 3,74 ball bilan dunyo bo‘yicha 33-o‘rinni egalladi va suv tanqisligi yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirdi. Qirg‘iziston esa 3,28 ball bilan 42-o‘rinni egallagan. Qirg‘iziston va O‘zbekiston ham suv tanqisligi yuqori bo‘lgan toifaga kiradi.
Qozog‘iston 2,51 ball bilan 58-o‘rinni egallaydi va Tojikiston (2,34 ball bilan 62-o‘rin) singari o‘rtacha va yuqori suv tanqisligiga ega davlatlar qatoriga kiradi.
Suv tanqisligi kundalik hayotda turlicha namoyon bo‘ladi. Bu ayrim hududlarda suv yetishmasligi, sug‘orishda muammolar, maishiy ehtiyojlar, qishloq xo‘jaligi va sanoat o‘rtasida suv uchun raqobatning kuchayishi, shuningdek, ob-havo, qor zaxiralari va daryolardagi suv miqdoriga qaramlikning ortishiga olib keladi..
Quvayt, Kipr, Ummon, Qatar, Bahrayn va Livan global reytingda birinchi o‘rinda turadi. Ularning barchasi maksimal ball — 5 tadan 5 tani oldi va suv tanqisligi juda yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiradi. Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Isroil va Misr ham birinchi o‘ntalikdan joy olgan.
Reyting 0 dan 5 gacha bo‘lgan shkaladan foydalanadi. Ball 5 ga qanchalik yaqin bo‘lsa, suv resurslariga bosim shunchalik yuqori bo‘ladi. Suv tanqisligining juda yuqori bo‘lishi mamlakat mavjud qayta tiklanadigan suv resurslarining 80 foizdan ortig‘idan foydalanayotganini anglatadi. Yuqori daraja – 40 foizdan 80 foizgacha, o‘rta-yuqori – 20 foizdan 40 foizgacha, past-o‘rta – 10 foizdan 20 foizgacha, past –10 foizdan kam.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amudaryoning o‘rta va quyi oqimidagi suv miqdori 54–77 foizga kamaygani haqida yozgan edik. Olimlarning fikriga ko‘ra, asosiy sabab iqlim o‘zgarishi emas, balki inson faoliyatidir. Gap daryodan suv olish, sug‘oriladigan yerlarni kengaytirish, kanallar, suv omborlari, nasos stansiyalari va suvning tabiiy harakatini o‘zgartiradigan boshqa obyektlar qurish haqida ketmoqda.





