add

O‘zbekistonliklar pullarini qaysi banklarga ko‘proq ishonyapti?

Kecha 22:123 daqiqa

2025-yilda aholi omonatlarining kafolatlangan chegarasi 200 mln so‘mgacha pasaytirildi. Banklarda omonatlar bo‘yicha maksimal foiz stavkasi ham 27 foizdan 23 foizga tushirildi. Shunga qaramay, yil davomida aholi omonatlari 31 foizga o‘sib, 160,4 trln so‘mga yetdi. O‘zbekistonliklar pullarini ko‘proq qaysi banklarga ishonayotgani haqida Vaqt.uz’da o‘qing.

O‘zbekistonliklar pullarini qaysi banklarga ko‘proq ishonyapti?

Markaziy bank 2025 yil yakunida O‘zbekiston banklarida kredit va depozitlar bo‘yicha qanday vaziyat shakllangani haqida ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, banklardagi umumiy kreditlar qoldig‘i 604 trln so‘mga yetgan, jami depozitlar esa 417,2 trln so‘mdan oshgan. 2025 yil davomida kreditlar 13,3 foizga, depozitlar esa 35,2 foizga o‘sgan.

Aholi omonatlari esa yil davomida 31 foizga ko‘payib, 160,4 trln so‘mga yetdi. Bu borada «Kapitalbank» hamon o‘zbekistonliklar pullarini eng ko‘p ishonayotgan bank sifatida yetakchilikni saqlab qolmoqda — 26,1 trln so‘m. Bankda aholi omonatlari o‘tgan yili 4 trln so‘mga oshgan.

rasm

«Milliy bank» 16,7 trln so‘m bilan ikkinchi o‘rinda. 2025 yilda bankda aholi omonatlari 4,1 trln so‘mga ko‘paygan.

«Agrobank» esa 2025 yil davomida aholi omonatlarini 6,5 trln so‘mga oshirib, 15,9 trln so‘mga yetkazdi. O‘tgan yilda aynan shu bank omonat jalb qilishda eng faol bank bo‘ldi.

Biroq bu yerda «Agrobank»ning davlat banki ekani va budjet xodimlarining katta qismi aynan shu bank orqali maosh olishi muhim rol o‘ynagan.

Hozirda aholi pullarining 74,7 trln so‘mi davlat banklarida, 85,7 trln so‘mi esa xususiy banklarda saqlanmoqda.


Nega banklarda aholi omonatlari shunchalik ko‘paydi?

O‘tgan yil boshida O‘zbekiston banklarida omonatlar bo‘yicha maksimal foiz stavkasi 23 foizgacha cheklangan bo‘lsa-da, inflatsiyaning pasayishi bankka pul qo‘yishni jozibaliligicha qoldirdi.

2025 yilda inflatsiya 7,3 foizgacha pasayib, 2017 yildan beri eng past ko‘rsatkichni qayd etdi. Ilgarigi yillarda inflatsiya hisob-kitob metodologiyasiga nisbatan savollar bo‘lganini inobatga olsak, buni mamlakat tarixidagi eng past inflatsiya deb atash mumkin.

1-dekabr holatiga ko‘ra, aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari mos ravishda 11,5 foiz va 10,5 foizgacha pasaygan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, noyabr oyida aholi omonatlarining real foiz stavkasi 8,5 foizgacha ko‘tarilib, rekord darajani yangiladi. Avvalgi eng yuqori ko‘rsatkich 2024 yil oktabrida kuzatilgan — 8,3 foiz.

Real foiz stavkasi o‘sishi ortidan bank omonatlari yil davomida jozibadorligini saqlab qoldi va sezilarli o‘sishni qayd etdi.


2026 yilda omonat ochish foydali bo‘ladimi?

Joriy yilda ham O‘zbekistonda inflatsiya ko‘rsatkichi pasayishda davom etishi kutilmoqda. Hukumat idoralari yil oxirida inflatsiya 6,5 foiz atrofida bo‘lishini prognoz qilyapti.

Bu esa omonat ochishga qo‘shimcha cheklovlar kiritilmasa, 2026 yilda ham omonatlarning real foiz stavkasi o‘sishda davom etishini anglatadi.

Foiz stavkalari hozirgi darajalarga yaqin saqlanib qolsa, inflatsiya va inflyatsion kutilmalarning pasayishi real foiz stavkasining o‘sishiga xizmat qiladi. 2027–2028 yillarda inflatsiya 5 foizgacha tushishi kutilmoqda.

Rivojlanmagan fond bozori va ko‘chmas mulk bozoridagi mo‘’tadillik fonida omonat ochish to‘g‘ri investitsion qaror bo‘lishi mumkin.

Masalan, 2025 yilda O‘zbekistonda ikkilamchi bozorda uy-joy narxlari 8 foizga oshdi. Bu ko‘rsatkich omonatlar bo‘yicha daromaddan ancha past.

Shu bilan birga, omonatlarning kafolatlangani ham ularga investorlarni jalb qilmoqda. Qonunchilikka ko‘ra, banklarda 200 mln so‘mgacha bo‘lgan omonatlar davlat tomonidan kafolatlanadi.

Bu kafolat har bir bankka nisbatan alohida qo‘llanadi. Shu tariqa omonatchilar bir nechta bankka pul joylashtirish orqali umumiy kafolat hajmini oshirish imkoniyatiga ega.

2025 yilgacha banklardagi omonatlar to‘liq qismi davlat tomonidan kafolatlanar edi.

Omonatlarga muqobil investitsiya vositasi sifatida oltin narxining 2026 yilda ham o‘sishi kutilmoqda. Bu investorlar uchun jozibali variantlardan biri bo‘lib qolmoqda. Oltinga O‘zbekistonda qanday sarmoya kiritish mumkinligi haqida alohida maqolada o‘qish mumkin.

Oltin qisqa muddatdan ko‘ra, uzoq muddatli investitsiya uchun ishonchliroq vosita hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid