add

O‘zini o‘zi band qilish maqomi: uning foyda va zararlari

11.08.2025 | 19:00487218

O‘zini o‘zi band qilishning plyus va minuslari. Bunday insonlar qanday soliq va majburiy to‘lovlarni to‘lashi kerak bo‘ladi?

O‘zini o‘zi band qilish maqomi: uning foyda va zararlari
O‘zini o‘zi band qilish maqomi nimani anglatadi va bu kimlarga beriladi? O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar — o‘z ishini o‘zi topib, uni o‘zi bajarish orqali daromad ko‘radigan jismoniy shaxslardir. Mehnatga layoqatli yoshdagi har bir jismoniy shaxs, yakka tartibdagi tadbirkorlardan tashqari, o‘zini o‘zi band qilishi mumkin. O‘zini o‘zi band qiluvchilar yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari shart emas. Ular repetitorlar, enagalar, santexniklar, elektrchilar, sartaroshlar, kuryerlar, avtomobil yuvuvchilari, hunarmandlar, farroshlar, tikuvchilar, dasturchilar va yana ko‘plab boshqa kasb egalari bo‘lishlari mumkin. Ularning faoliyati «O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida nizom» bilan tartibga solinadi. 2025 yil holati bo‘yicha 104 turdagi faoliyat bilan o‘zini o‘zi band qilish belgilangan. Shaxs o‘z xohishga ko‘ra, ularning bir nechtasini birvarakayiga tanlashi mumkin. Mehnat shartnomasi bilan ishlash bilan bir vaqtda o‘zida o‘zini o‘zi band qilish ham mumkin. Muhimi, asosiy ishdagi faoliyat turi o‘zini o‘zi band qilish uchun ruxsat berilgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kirmagan bo‘lishi kerak. Masalan, kun bo‘yi mehnat shartnomasi asosida kotibalik bilan shug‘ullanish, kechasi o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida matn yozish bo‘yicha xizmatlarni (kopirayting) ko‘rsatish mumkin.   O‘z-o‘zini band qilish qaysi sohalarda eng ko‘p uchraydi? O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning 1,9 mln nafari (yillik o‘sish 104,3 foiz) maishiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida faoliyat olib bormoqda. Shuningdek:
  • Xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish sohasida — 417,8 ming (yilllik o‘sish 94,6 foiz).
  • Axborot-kommunikatsiya yo‘nalishidagi xizmatlarda — 119,7 ming (yilllik o‘sish 87 foiz).
  • Ijtimoiy yo‘nalishdagi xizmatlarda — 496,9 ming (yilllik o‘sish 55,9 foiz).
  • Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi xizmatlar — 1,1 mln (yilllik o‘sish 53,6 foiz).
  • Sanoat yo‘nalishidagi xizmatlar — 418,9 ming (yilllik o‘sish 49,6 foiz).
Shuningdek, yengil avtotransportda yo‘lovchi tashish (taksichilik) faoliyati bo‘yicha 707,3 ming nafar fuqaro ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, shundan 450,5 ming nafari 2024 yil hisobiga to‘g‘ri keladi. Band qilish2   Qaysi viloyatlarda o‘z-o‘zini band qilgan aholi soni ko‘p? 2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 4,4 mlndan ortiq o‘zini o‘zi band qilganlar ro‘yxatga olingan bo‘lib, shundan 42 foizini ayollar, 58 foizini esa erkaklar tashkil qilmoqda. Bu natija o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 76,5 foizga yuqorilagan. Hududlar kesimida o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar asosan Samarqand viloyati (508,1 ming), Toshkent viloyati (447,2 ming), Qashqadaryo viloyati (442,5 ming) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Qolgan viloyatlar raqamlar quyidagicha:
  • Namangan viloyati — 398,6 ming;
  • Farg‘ona viloyati — 397,8 ming;
  • Andijon viloyati — 394,9 ming;
  • Toshkent shahri — 392,7 ming;
  • Surxondaryo viloyati — 342,6 ming;
  • Buxoro viloyati — 255,8 ming;
  • Xorazm viloyati — 239,6 ming;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 211,2 ming;
  • Jizzax viloyati — 190,3 ming;
  • Navoiy viloyati — 173,2 ming;
  • Sirdaryo viloyati — 117,8 ming.
  O‘zini o‘zi band qilishning qanday foydalari bor?
  • Uydan ishlashning qonuniy imkoniyati. O‘zini o‘zi band qilganlar soliq tekshiruvlari, jarimalar va noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bo‘yicha ayblovlardan qo‘rqmasliklari mumkin.
  • Tasdiqlangan ish staji va pensiya.O‘zini o‘zi band qilganlarning ish staji ketaveradi, shuning uchun keksalikda kafolatlangan pensiya naqd deb hisoblash mumkin.
  • Rasmiy daromad. Iste’mol kreditlari, imtiyozli qarzlar olish, shuningdek, soliq imtiyozlarini qo‘llash mumkin.
  • Minimal soliq.Daromad solig‘i yoki boshqa yig‘imlar yo‘q. Bir yilda BHMning 1 baravari miqdorida ijtimoiy soliq to‘lash kifoya.
  • O‘ziga o‘zi xo‘jayin. O‘zini o‘zi band qiluvchilar uchun mehnat shartnomasi, rahbar va qat’iy ish jadvali yo‘q. Sevimli ish bilan xohlagan vaqtda shug‘ullanish va bundan qonuniy daromad olish mumkin.
  • Mijozlar bazasini kengaytirish. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yuridik shaxslardan pul o‘tkazish yo‘li bilan to‘lovlarni qabul qilish uchun bankda osongina hisob ochishlari mumkin. Bundan tashqari, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik mijozlarda ishonchni uyg‘otadi.
  • Minimal hujjatlar.O‘zini o‘zi band qilganlar yakka tartibdagi tadbirkorlar singari buxgalteriya hisobini yuritish, hisobot yuborish yoki soliq deklaratsiyasini topshirishlari shart emas. Daromad va xarajatlarni ixtiyoriy ravishda Soliq ilovasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borishlari mumkin.
  Qanday zararlari bor?
  • Sug‘urta va ijtimoiy badallarni majburiy emasligi: O‘zini o‘zi band qilganlar uchun sug‘urta va ijtimoiy badallar to‘lash ixtiyoriy, bu esa ba’zan xavfsizlik kafolatlarining yetishmasligiga olib keladi.
  • Davolanish va mehnat ta’tillari yo‘q:Kasal bo‘lib qolsa yoki ishlay olmasa, yo‘qotilgan daromad uchun kompensatsiya olinmaydi.
  • Xodim yollash taqiqi:O‘zini o‘zi band qilganlar ishchi yollay olmaydi; agar biznes rivojlansa, yakka tartibdagi tadbirkor (YATT) sifatida ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.
  • Faoliyatni uzoq muddat to‘xtatganda ish staji hisobga olinmaydi:Mehnat faoliyati to‘xtatilganda soliq organini ogohlantirish kerak va bu davr uchun ish staji yuritilmaydi.
  • Faoliyat turlari cheklangan:Faqat qonunda belgilangan ro‘yxatdagi faoliyat turlari bilan shug‘ullanish mumkin. Xususan, 2026 yildan faoliyat turlari kamayishi kutilmoqda.
  Qanday soliq va majburiy to‘lovlarni to‘lash kerak?
  • O‘zini o‘zi band qilish faoliyatidan olingan barcha daromadlar jismoniy shaxslar daromad solig‘iga (JSHDS) tortilmaydi: qancha topsa ham o‘zida qoladi. Bir yilda bir marta BHMning 1 baravari — 2025 yilning 1 avgustidan e’tiboran 412 ming so‘m— miqdorida ijtimoiy soliq to‘lashning o‘zi kifoya qiladi. To‘lovni har qanday to‘lov tizimi orqali amalga oshirish mumkin.
  • O‘zini o‘zi band qiluvchilar hech qanday sug‘urta va boshqa yig‘imlarni to‘lamaydilar. Muhim: o‘zini o‘zi band qilganlarning ruxsat berilgan faoliyat turlariрўйхатиdaги faoliyatdan olingan daromadlarigina JSHDS to‘lashdan ozod qilinadi. Agarda daromad boshqa faoliyat turidan olingan bo‘lsa, ulardan JSHDS to‘lash kerak bo‘ladi.
  Oylik daromad bo‘yicha qanday cheklovlar mavjud? O‘zini o‘zi band qilganlarda oylik yoki yillik daromad bo‘yicha hech qanday cheklovlar mavjud emas. O‘zini o‘zi band qiluvchi sifatida oyiga 10 mln so‘m ishlab topsangiz ham, hech kim faoliyatingizni to‘xtatib, YATT yoki MCHJ ochishga majburlamaydi.   O‘zini o‘zi band qilish maqomini qanday olish mumkin va bu uchun qanday to‘lov mavjud? O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatidan o‘tish uchun hech qanday to‘lov yo‘q. Ro‘yxatdan o‘tishni ikki xil yo‘l bilan amalga oshirish mumkin:
  • Tuman soliq inspeksiyasiga murojaat qilish orqali;
  • soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti yoki DSQning Soliq mobil ilovasi orqali.
Ro‘yxatdan cheklanmagan muddatga o‘tiladi. So‘rovnomalar to‘ldirilganidan keyin o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risida QR-kodli ma’lumotnoma beriladi. Shu yerning o‘zidan ijtimoiy soliqni ham to‘lash mumkin, buning uchun plastik kartochkasi hisob raqami va amal qilish muddatini kiritish kifoya.   Ish staji va pensiya qanday hisoblanadi?
  • Prezident қарорига ko‘ra, fuqarolar belgilangan 104 turdagi mehnat faoliyati bilan shug‘ullansa hamda o‘rnatilgan tartibda o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib, bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir barobari (412 ming so‘m)da ijtimoiy soliq to‘lovini to‘lasa, 1 yillik ish staji hisoblanadi.
  • Shunda 7 yil davomida har yili Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliq to‘lovini amalga oshirgan shaxs kelgusida pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi. Pensiya miqdori ish haqi va ish stajiga bog‘liq.
  • O‘zini o‘zi band qilganlar uchun pensiya miqdori yakka tartibdagi tadbirkorlarniki kabi hisoblanadi. Pensiya yoshiga yetgan vaqtda zarur ish staji mavjud bo‘lsa, pensiya minimal miqdorda — 1 mln 12 ming so‘mbo‘ladi.
  • Agarda ish staji yetarli bo‘lmasa, davlat har oyda 820 ming so‘m miqdorida nafaqa to‘laydi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 8 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda bitiruvchilarning ishga joylashishni hisob-kitob qilishdagi kamchiliklarni tanqid qilindi. Shuningdek, bundan buyon bitiruvchilarni ishga joylashda o‘zini o‘zi band qilganlik inobatga olinmasligi belgilandi. Mehrinoza Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid