Logo

Pashinyan Moskvani mag‘lub etdi, ammo «o‘yin» hali tugamadi

Bugun 08:406 daqiqa

Hukmron partiyaning g‘alabasi Armanistonning g‘arbga yuzlanish siyosatini mustahkamladi, biroq asosiy savol ochiq qolmoqda: Yerevan va Kreml o‘rtasidagi munosabatlarning kelajagi qanday kechadi?

Pashinyan Moskvani mag‘lub etdi, ammo «o‘yin» hali tugamadi

Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashuv hamda Moskva bilan munosabatlarning sovishi fonida Armanistondagi parlament saylovlari amalda o‘ziga xos referendum vazifasini o‘tadi. Unda tanlov aniq bo‘ldi: shu yo‘nalishda davom etish yoki ortga qaytish.

Aholining aksariyati birinchi yo‘lni tanladi. Bosh vazir Nikol Pashinyanning «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi 49,81 foiz ovoz to‘pladi. Bu esa koalitsiya bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmasdan turib ham, mustaqil hukumat shakllantirish uchun yetarlidir. Mazkur g‘alaba Pashinyanga tanlangan siyosiy kursni davom ettirishga, xususan, Anqara va Boku bilan munosabatlarni yaxshilashga hamda Yevropa Ittifoqi bilan savdo aloqalarini kengaytirishga to‘la imkon beradi.

«Armaniston xalqi tinchlik, mintaqaviy farovonlik va hamkorlik uchun ovoz berdi. Umid qilamanki, buni Turkiya hamda Ozarboyjon ham ijobiy qabul qiladi», — deya bayonot berdi Pashinyan dastlabki natijalar e’lon qilinganidan so‘ng.

1

Biroq bu g‘alabaning o‘ziga yarasha jiddiy bir to‘sig‘i ham mavjud. Gap shundaki, «Fuqarolik shartnomasi» asosiy qonunni o‘zgartirish uchun zarur bo‘ladigan konstitutsiyaviy ko‘pchilik ovozga ega emas. Bu esa Ozarboyjon bilan tinchlik bitimini imzolash jarayonini qiyinlashtiradi, chunki Boku Armaniston Konstitutsiyasidan hududiy da’volar bilan bog‘liq bandlarni olib tashlashni qat’iy talab qilmoqda.

2025 yilning mart oyida Ozarboyjon tashqi ishlar vaziri Jeyxun Bayramov bu haqda ochiq-oydin ma’lum qilgan edi: Armanistonning asosiy qonunida bunday bandlarning saqlanib qolishi tinchlik shartnomasini tuzishni «imkonsiz» qiladi.

Konstitutsiyani o‘zgartirish uchun Pashinyanga parlamentdagi jami ovozlarning kamida uchdan ikki qismi kerak bo‘ladi. Bunga esa faqat muxolifat bilan kelishuv orqaligina erishish mumkin. «Fuqarolik shartnomasi»ning asosiy raqobatchilari hisoblangan rossiyalik tadbirkor Samvel Karapetyanning «Kuchli Armaniston» bloki (23,29 foiz) hamda sobiq prezident Robert Kocharyanning «Armaniston» bloki (9,94 foiz) parlamentda sezilarli o‘rinlarni egalladi.

Shunga qaramay, siyosatshunos Grant Mikaelyanning ta’kidlashicha, hukmron partiyaning bu g‘alabasi unga baribir juda keng vakolatlar beradi:

«Bosh vazir qo‘lga kiritgan mandatlar soni konstitutsiyaviy o‘zgarishlardan tashqari qariyb barcha qarorlarni qabul qilish uchun yetarlidir. Endi muxolifat parlamentda hukumat tashabbuslariga to‘siq bo‘la olmaydi», — dedi ekspert TRT nashriga bergan intervyusida.

Endi Rossiya bilan munosabatlar qanday bo‘ladi?

Saylovlardan so‘ng eng asosiy savol shu bo‘ldiki, Pashinyan Moskva bilan aloqalarni tiklay oladimi? Bosh vazirning o‘zi ovoz berishdan bir necha kun avval Rossiya bilan munosabatlarda hech qanday keskinlik ko‘rmayotganini aytgan edi.

«Bu — sun’iy keskinlik. Rossiya bilan munosabatlarimiz institutsional xususiyatga ega va o‘zaro hurmatga asoslangan», — deya ta’kidladi bosh vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Armanistondagi ayrim kuchlar ikki davlat munosabatlariga raxna solishga urinmoqda.

«Bizning Rossiya prezidenti bilan juda yaqin munosabatlarimiz borligi sababli ham bunday keskinlik yuzaga келмаяпти», — dedi u.

2

Biroq hozircha Moskvadan bunga butunlay qarama-qarshi signallar kelmoqda. 8-iyun oqshomiga qadar Vladimir Putin Pashinyanni g‘alaba bilan tabriklamadi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov buni rasmiyatchilik bilan izohladi — go‘yoki Moskva natijalarning rasman e’lon qilinishini kutmoqda. Ammo Yevropa Ittifoqi yetakchilari, AQSH davlat kotibi Marko Rubio va hatto Eron prezidentidan kelib tushgan tabriklar fonida Putinning sukut saqlashini faqat bir xil ma’noda tushunish mumkin.

Kiyevdan ham amaldagi bosh vazir nomiga tabriklar yo‘llandi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Pashinyanning g‘alabasini «Armaniston suvereniteti, mustaqilligi va o‘zingiz tanlagan yo‘lda yashash huquqigining g‘alabasi» deb atadi.

Biroq Yerevan haqiqatan ham o‘zi tanlagan yo‘ldan keta oladimi yoki yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Armaniston Rossiyaning iqtisodiy tizimiga chuqur integratsiyalashganicha qolmoqda va bu — Pashinyanning har qanday geosiyosiy manevrlari uchun asosiy to‘siqdir.

3

Kavkazorti respublikasi o‘zi iste’mol qiladigan gazning qariyb 80–85 foizini «Gazprom»dan ming kub metri uchun 177,5 dollarlik imtiyozli narxda oladi. Taqqoslash uchun: qo‘shni Gruziya shuncha hajmdagi gaz uchun taxminan 260 dollar to‘laydi, Yevropa Ittifoqida esa bu narx 400 dollargacha yetadi.

Bundan tashqari, Rossiya Armanistonning Metsamordagi yagona atom elektr stansiyasini nazorat qiladi — u mamlakatdagi jami elektr energiyasining 40 foizigacha bo‘lgan qismini ishlab chiqaradi. Stansiya Rossiya yoqilg‘isida ishlaydi va unga «Rosatom» tuzilmalari xizmat ko‘rsatadi.

Yerevan savdo sohasida ham Rossiya bilan qattiq bog‘langan. Rossiya Federatsiyasi import va eksportning qariyb 30 foizini ta’minlagan holda, Armanistonning eng yirik savdo sherigi bo‘lib qolmoqda. Ayrim sohalarda esa, masalan, Armanistonning «Jermuk» mineral suvini yetkazib berishda Rossiya bozoriga qaramlik 90 foizgacha yetadi.

Aynan mana shu iqtisodiy reallik Pashinyanning «muvozanatli tashqi siyosat» haqidagi bayonotlarini amalda murakkablashtiradi: Moskvaning qo‘lidagi bosim o‘tkazish dastaklari siyosiy bo‘lishdan ko‘ra, ko‘proq tuzilmaviy xususiyatga ega.

Pashinyan yarashishga urinib ko‘radimi?

Pashinyan o‘z mamlakatining Moskvaga боғлиқлигини juda yaxshi anglab turibdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi «tanlov masalasi» hozircha «kun tartibida yo‘q». Saylovlardan so‘ng u muvozanatli tashqi siyosat olib borishga va Putinga qo‘ng‘iroq qilishga va’da berdi. Siyosatchilar so‘nggi bor 1-iyun kuni muloqot qilgan edi: o‘shanda Rossiya yetakchisi Pashinyanga qo‘ng‘iroq qilib, uni tug‘ilgan kuni bilan tabriklagan.

«Hukumatimizning maqsadi — fuqarolar, jumladan, YOII (Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi) va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida tanlov qila olishi uchun Armanistonga haqiqiy muqobil yo‘llarni yaratishdir», — deya qo‘shimcha qildi bosh vazir. Shu bilan birga, u Yerevan hozircha Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga tayyor emasligini ham ta’kidladi.

4

Ammo shunga qaramay, Pashinyan ochiqchasiga Yevropaga moyil siyosat olib bormoqda: 24-may kuni bosh vazir Armaniston va Yevropa Ittifoqi ikki yil ichida viza tartibini bekor qilishini, parlament saylovlari kuni esa Yevropa Ittifoqi arman fermerlari uchun o‘z bozorlarini bojsiz tarzda ochayotganini ma’lum qildi.

Kreml esa Yevropa Ittifoqi haqida hatto o‘ylab ko‘rish ham kerak emasligini turli yo‘llar bilan uqtirmoqda. Armanistondagi saylovlar arafasida Vladimir Putin Yerevanning g‘arbga yuzlanish siyosatini amalda Ukraina ssenariysiga qiyosladi.

«Men bu haqda avval ham aytib o‘tganman. Ukrainadagi inqiroz ham qachonlardir mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishga urinishlaridan boshlangan edi», — dedi u.

Siyosatshunos Grant Mikaelyanning fikricha, saylovlardan keyin Moskva va Yerevan munosabatlarida vaqtinchalik iliqlashuv kuzatilishi mumkin:

«Pashinyan vaziyatni barqarorlashtirishga urinib ko‘radi. Ammo uzoq muddatli istiqbolda nimadir o‘zgarishi dargumon. Chunki bu endi alohida siyosatchilar o‘rtasidagi mojaro emas, balki buyuk davlatlarning mintaqa ustida olib borayotgan geosiyosiy raqobati natijasidir. Qarama-qarshilik tizimli tus olib ulgurgan va undan qochib qutulib bo‘lmaydi», — deya xulosa qildi ekspert.

Armanistondagi rossiyaparast kuchlarning taqdiri qanday kechadi?

Saylov natijalari Moskva uchun yoqimsiz signal bo‘ldi. Keng ko‘lamli bosim va hukumatning keskin tanqid qilinishiga qaramay, muxolifat (asosan rossiyaparast nomzodlar Samvel Karapetyan va Robert Kocharyan) Pashinyanni hokimiyatdan chetlata olmadi. Shunday bo‘lsa-da, siyosiy maydonda «Moskva partiyasi» batamom yo‘q bo‘lib ketdi, deyishga hali erta.

Kocharyanning «Armaniston» va Karapetyanning «Kuchli Armaniston» bloklari parlamentda jami 39 ta mandatni qo‘lga kiritdi (Pashinyan partiyasiga esa 61 ta o‘rin tegdi). Shu o‘rinda muhim bir jihatni ta’kidlash joiz: «Kuchli Armaniston» rasman o‘zini rossiyaparast tuzilma sifatida ko‘rsatmaydi, bu tamg‘ani unga raqiblari yopishtirgan. Hozirda Armanistonda uy qamog‘ida saqlanayotgan Samvel Karapetyan intervyularidan birida Yerevan Yevropa Ittifoqi bilan ham, Moskva bilan ham munosabatlarni birdek rivojlantirishi kerakligini aytgan edi.

Undan farqli o‘laroq, Robert Kocharyan — ochiqchasiga rossiyaparast nomzod. Saylovoldi roliklarida u Rossiya bilan aloqalarni uzish Armaniston uchun «shunchaki falokat bo‘lishini» bir necha bor ta’kidlab, mamlakat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 98 foizi aynan Rossiyaga eksport qilinishini aytgan edi.

«Bu masalada o‘yin qilish uchun kuchlar o‘ta tengsiz. Iqtisodiyotingni boqayotgan, rivojlanishingga imkon berayotgan omil ustida o‘yin qilish — shunchaki uzoqni ko‘ra olmaslik emas, balki ahmoqlikdir», — dedi Kocharyan 1-iyun kungi intervyusida.

Bundan tashqari, arman jamiyatining salmoqli qismi hanuzgacha Rossiya bilan strategik sheriklikni saqlab qolish tarafdori. Aynan mana shu qatlam muxolifat tayanishni ko‘zlayotgan asosiy elektorat hisoblanadi.

Biroq muxolifatning parlamentda hukumatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarshilik ko‘rsatish imkoniyatlari o‘ta cheklangan.

Teglar

Mavzuga oid