Prezident do‘stining mahkumligi: Japarov va Tashiyev tandemi qanday boshlangan edi va nega darz ketdi?
Tashiyevga 4 yil berildi. Lekin o‘zi ishdan rozi emas.
Japarovning ishongan tog‘i Qamchibek Tashiyev probatsiya nazorati qo‘llangan holda 4 yilga ozodlikdan mahrum qilindi va ikki do‘stning tandemiga darz ketdi. Sobiq harbiy asir, impulsiv va xarizmatik siyosatchi, ko‘plab bahsli bayonotlar muallifi hamda janjallar, mitinglar uyushtirishga ustasi farang, qolaversa poytaxtdagi hukumat binosi bo‘lmish Oq uyga bostirib kirishga qodir bo‘lgan va bugun ham yana sudga tortilgan Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq «boshi» Qamchibek Tashiyev bunday iqtidorga qanday kelgandi? Ushbu materialimizda Japarov va Tashiyevning hokimiyatga kelguniga qadar bosib o‘tgan yo‘llari, ularning qamoqda o‘tirgan vaqtlari va boshqa siyosiy voqeliklarga to‘xtalamiz.
«75lar xati»
Joriy yilning 9-fevral kuni internetda prezident Sadir Japarov va o‘sha paytdagi Jogorku Kenesh spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li nomiga mamlakatda muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish so‘rovi bitilgan jamoaviy murojaat paydo bo‘lgandi. Xatni 75 nafar turli jamoat va siyosat arboblari imzolagan. Oradan hech qancha o‘tmay, 10-fevral kuniyoq Qamchibek Tashiyev MXDQ raisi lavozimidan mahrum bo‘ldi. Japarov uning iste’fosini izohlar ekan, jamiyatda tarqoqlik va bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shunday qarorga kelganini aytgan edi. Aprel oyida Tashiyev va bir qator taniqli siyosatchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani yuzaga chiqdi.
2-iyul kuni Bishkekning Birinchi may tuman sudi ana shu shov-shuvli jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqardi. Ish figurantlari orasida sobiq yuqori lavozimli amaldorlar va siyosatchilar bor edi. Sud muhokamasi yopiq tartibda o‘tgan bo‘lsa-da, hukm ommaviy ravishda e’lon qilindi. Ularning bari “hokimiyatni zo‘rlik bilan egallash” bo‘yicha aybdor deb topildi va mol-mulki musodara qilingan holda to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etildi. Ammo boshqalar qatori Tashiyev ham mansab mavqeini suiiste’mol qilmagani aytilib, oqlandi. Tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi uch yil muddatga probatsiya nazoratiga almashtirildi. Agar ushbu uch yil davomida mahkumlar qonunni yoki probatsiya shartlarini buzsa, ularga haqiqiy qamoq jazosi xavf soladi. Shu tariqa, ular jazoni koloniyada o‘tamaydigan bo‘ldi. Tabiiyki Tashiyev ishdan rozi emas va yuqori instansiyaga shikoyat qilish istagida.
Tashiyev qanday tanildi?
O‘zi bu tandem qanday boshlangandi? Tashiyev 2000 yilda birinchi marta parlamentga nomzodini qo‘ydi, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchragandi. U faqat 2005 yilgi inqilobdan so‘ng sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev hokimiyat tepasiga kelganida parlament a’zosi bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. Bakiyev davrida Tashiyev yoqilg‘i-energetika kompleksi raisi etib tayinlandi va konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritishda faol ishtirok etdi. Biroq, oxir-oqibat, Tashiyev mamlakat asosiy qonunining yakuniy versiyasidan qoniqmadi: televizorda Bakiyev yangi konstitutsiyani imzolaganida, Tashiyev davlat madhiyasi sadolari ostida ׅ«Uyat!» deb baqirdi va keyinchalik intervyu berib, «hech qachon parlamentga nomzodini qo‘ymasligi»ni aytdi.

Uning siyosatdan ko‘ngli qolishi uzoqqa cho‘zilmadi. 2007 yilda Tashiyev Bakiyevni qo‘llab-quvvatlagan o‘zining «Ota-Yurt» partiyasini tuzdi. Shu tufayli siyosatchi bir yil o‘tib favqulodda vaziyatlar vaziri bo‘ldi. Xavfsizlik Kengashiga qo‘shilgach, general-mayor unvoniga loyiq ko‘rildi.
Ammo uning prezident bilan yaxshi munosabatlari 2009 yilda tugadi: bosh vazir Doniyor Usenov Tashiyevni Favqulodda vaziyatlar vazirligining naqd pul zaxiralarini o‘zlashtirishda aybladi va uni janjal ortidan ishdan bo‘shatdi. Bunga javoban Tashiyev hukumat yig‘ilishidan namoyishkorona chiqib ketdi va Usenovni iste’foga chiqarish uchun jon jahdi bilan tirishishini aytdi.
2020 yil oktabr oyida Sadir Japarov Qirg‘izistonda hokimiyat tepasiga kelgach, uzoq yillik do‘sti Qamchibek Tashiyevni mamlakat xavfsizlik qo‘mitasiga rais qilib qo‘ygandi. Dastlabki olti oy davomida Tashiyev bir nechta shov-shuvli korrupsiya holatlari bo‘yicha tergov ishlarini yakunlashga muvaffaq bo‘ldi va o‘nlab qirg‘iz va tojik fuqarolarining hayotiga zomin bo‘lgan chegara mojarosining markazida qoldi. Uning ismi ommaviy axborot vositalarida va u taqdim etadigan yangiliklarda tez-tez tilga olinishi jihatidan mamlakatning yuqori lavozimli xavfsizlik xodimi prezident bilan raqobatlasha boshladi.
Sof naslli qirg‘iz
2010 yilgi inqilob va Bakiyevlar oilasining Qirg‘izistondan qochib ketishidan so‘ng, Tashiyev Roza Otunbayeva boshchiligidagi muvaqqat hukumatni qo‘llab-quvvatladi. O‘sha yil oxirida Tashiyevning «Ota-Yurt» partiyasi parlament saylovlarida g‘alaba qozondi va mamlakat janubidagi saylovchilarning qo‘llab-quvvatlashiga sazovor bo‘ldi. 2011 yilda Tashiyev prezidentlikka nomzodini qo‘ydi, ammo sotsial-demokrat Almazbek Atambayevga yutqazdi. Bir yil o‘tgach, Tashiyev o‘zini yana bir janjal markaziga qo‘ydi: jurnalistlar bilan suhbatda u Qirg‘izistonni ׅ«sof qonli qirg‘izlar» boshqarishi kerakligini iddao qildi:
«Hech kim xafa bo‘lmasin, men buni ochiqchasiga aytaman: men hukumat rahbari davlatga ishtiyoqli sof qonli qirg‘iz bo‘lishi kerak, deb hisoblayman. Biz har doim boshqalarga ergashganmiz: yahudiylar, tatarlar, ruslar. Babanov hokimiyatga keldi va endi biz kurdlar bilan o‘ynayapmiz».
Bu so‘zlar siyosatchini millatchilikda ayblashga undadi, ammo o‘zining radikal fikrlaydigan vatandoshlari orasida mashhurligini oshirdi. Ayrim siyosatchilar Tashiyevning bu bayonotini jinsi, irqi, millati yoki yoshidan qat’i nazar, barcha fuqarolarining tengligini e’lon qiladigan zamonaviy jamiyatda «juda mas’uliyatsiz va qabul qilib bo‘lmaydigan holat» deya baholadi. 2012 yilda Tashiyev va uning partiyadoshi Sadir Japarov Qirg‘izistonning Qumtor oltin konini o‘zlashtirayotgan Kanadaning «Centerra» oltin qazib olish kompaniyasi bilan tuzgan kelishuvining adolatsizligidan xavotir bildirdi. Muxolifat konni milliylashtirishni yoqlab chiqdi, natijada Oq uy oldida ommaviy miting bo‘lib o‘tdi va Tashiyev, Japarov va keyinchalik parlament spikeri bo‘lgan Talant Mamutov ma’muriy binoning panjarasidan oshib o‘tishga urindi.
2013 yilda Issiqko‘l viloyatida Qumtor konining egalariga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu norozilik namoyishlaridan birida viloyat hokimi Emilbek Kaptagayev garovga olindi. Davlat Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Japarovni «norozilik namoyishi tashkilotchisi» deb atadi va unga qarshi o‘ldirish bilan tahdid qilish, garovga olish, bezorilik va hukumat amaldoriga nisbatan zo‘ravonlik ayblovlari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Japarov tartibsizliklar va amaldorning qo‘lga olinishiga aloqadorligini rad etdi va tergov boshlanishidan oldin Qirg‘izistonni tark etdi.
Muxolifat hokimiyatni qo‘lga kirita olmadi, ularga qarshi jinoiy ayblovlar qo‘zg‘atildi va ular parlamentdagi o‘rinlaridan mahrum qilindi. Ammo o‘shandan beri Qumtorning kanadalik egalariga qarshi kurash Japarov va Tashiyev uchun prinsipial masalaga aylandi. 2012 yilda «Ota-Yurt» partiyasi o‘z kuchini noto‘g‘ri hisoblagan, chunki Atambayev boshchiligidagi Sotsial-demokratlar allaqachon o‘z mavqeini mustahkamlashga muvaffaq bo‘lgandi. Bunday narsalar siyosatda jazosiz qolmaydi. Tashiyev, Japarov va Mamutovga qarshi uzoq sud jarayoni bo‘lib o‘tdi. Ularga shunday jazolar berildiki, darhol ozod qilindi, ammo ularda hali ham jinoiy yozuvlar bor edi: ulardan siyosatdan ketish so‘raldi.
Bir qancha ekspertlar o‘shanda Tashiyev «xotirjamroq bo‘lish kerakligini» tushunganini aytdi, ammo Japarov norozilik namoyishlarini davom ettirdi, bu esa yana bir jinoiy ish — Issiqko‘l viloyati hokimini garovga olish bilan bog‘liq holatga olib keldi.
Ham do‘st, ham janjallashishni biladigan siyosatchi
Ko‘pchilik Tashiyevning millatchi va populist siyosatchi ekanini aytadi, ammo ayrimlarning aytishicha, uning qiziqarli xususiyati bor: u boshqa siyosatchilar bilan qanday janjallashishni ham, do‘stlashishni ham biladi.

2017 yilda Sadir Japarov viloyat hokimini garovga olgani uchun 11,5 yilga qamoqqa tashlandi, ammo Issiqko‘lning sobiq hokimi Kaptagayev Japarovni aybdor deb hisoblamasligini ta’kidladi. Bir yil o‘tgach, Bishkekda uning ozod qilinishi uchun norozilik bildirgan Japarov tarafdorlariga bezorilik va mulkni qasddan yo‘q qilish ayblovlari bilan qamoq jazosi va shartli jazo tayinlandi. Ushbu voqeadan ikki kun o‘tgach, Markaziy saylov komissiyasi Tashiyevni saylovoldi poygasidan chetlashtirdi. Shundan so‘ng, Tashiyev hech qanday lavozimni egallamadi.

Tashiyev Qirg‘iziston aholisining aksariyati eshitishni istagan narsani aytardi va u olomon oldida o‘zini juda xotirjam his qilardi. U qachon qattiqqo‘l, qachon yumshoq bo‘lish, qachon kimnidir quchoqlash kerakligini bilardi. U saylovchilarini tushunardi. Ha, u o‘zining qo‘pol bayonotlari uchun tanqid qilingan, ammo odamlarga bu juda yoqardi.
Japarovning muddati va mamlakatda hokimiyat almashinuvi
2017 yilda oldingi to‘rt yil davomida chet elda yashagan Sadir Japarov prezidentlikka nomzodini qo‘yish niyatini e’lon qildi. Xavfsizlik kuchlari uni qirg‘iz-qozoq chegarasini kesib o‘tayotganda hibsga oldi, bu esa Bishkekda politsiya bilan to‘qnashuvlarga olib kelgan norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi.
Tashiyevning o‘zi prezidentlik poygasida ishtirok etishni xohlagan, ammo oxir-oqibat hukumatparast nomzod Sooronbay Jeenbekovni qo‘llab-quvvatlagan.
Tashiyev Japarovning ozod qilinishi masalasini doimiy ravishda ko‘tarib kelgan. 2020 yil oktabr oyi uning reabilitatsiyasi uchun qulay payt bo‘ldi. O‘sha paytda Tashiyev parlamentga nomzodini qo‘ygan va Japarov o‘n yil oldin asos solgan «Mekenchil» partiyasiga rahbarlik qilgan. Partiyaning saylovoldi plakatlarida Tashiyevning portreti bilan birga Japarovning portreti ham bor edi.
2020 yil oktabr oyidagi ommaviy namoyishlar va tartibsizliklar ortidan Japarov tarafdorlari tomonidan qamoqdan chiqarilgan. Hokimiyat almashgandan so‘ng, Japarov barcha ayblovlar va sudlanganlikdan ozod qilindi, prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi va davlat rahbarining vakolatlarini sezilarli darajada kengaytirgan yangi konstitutsiyani qabul qildi.
2012 yilda Japarov, Tashiyev va Mamutov oshib o‘tgan Oq uy yaqinidagi devor demontaj qilindi . Mamutov parlament spikeri, Tashiyev esa chegara xizmatini nazorat qilish huquqiga ega bo‘lgan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari bo‘ldi. Tashiyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari bo‘lganidan so‘ng, u bahsli chegara hududlaridagi tojik yerlarini qirg‘iz yerlariga almashtirish bo‘yicha bir nechta bayonotlar berdi. Biroq, bu bayonotlar darhol Tojikiston rasmiylari tomonidan rad etildi. Chegara zonasida qonli mojaro boshlanib, o‘nlab qirg‘iz va tojik fuqarolari halok bo‘lganidan so‘ng, bir nechta ommaviy axborot vositalari chegara mojarosining avj olishining sabablaridan biri sifatida Tashiyevning asossiz da’volarini keltirdi.
«Sxemalar» o‘yini: Tashiyev nepotizmi
Qirg‘iziston Davlat soliq xizmatining «Sxemalar» dasturi mamlakat neft sohasidagi milliardlab o‘g‘riliklar bo‘yicha tahlil natijalariga ko‘ra, «Qirg‘izneftgaz» shubhali vositachilik o‘yinlari va xomashyoni asossiz hisobdan chiqarish sxemalari tufayli 45,7 million dollardan ortiq mablag‘ yo‘qotgan. 2021–2025 yillar davomidagi hisob-fakturalar va kompaniya ma’lumotlari o‘rganilganda uchta asosiy sxema aniqlangan.
Ushbu sxemalar orqali davlat neftidan kelgan foyda Tashiyevning qarindoshlari va yaqinlari bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslarning qo‘lida to‘plangani aytilyapti. Besh yil davomida «Qirg‘izneftgaz» qariyb 879 ming tonna neft qazib olgan. Hisobotlarda 29 ming tonnaga yaqin xomashyo ishlab chiqarishdagi yo‘qotish sifatida o‘chirilgan. Biroq korxona mutaxassislarining ko‘rsatmasiga ko‘ra, real yo‘qotishlar qazib olingan hajmning 1 foizidan (taxminan 9 ming tonna) oshmasligi kerak. Oqibatda rasmiy hisobdan 20 ming tonna xomashyo «g‘oyib bo‘lgan», bu esa o‘rtacha narxlarda taxminan 6,4 million dollarga teng.
Keyin nima bo‘ladi?
Yaqin yaqingacha Japarov va Tashiyev tandemi o‘sishda davom etayotgandi, ammo «75lar xati» bu tandemni ishdan chiqardi. Ishdan olingan paytda Tashiyev davolanish uchun xorijda edi. Kimdir ikki do‘st endi dushmanga aylanganini aytgan bo‘lsa, ayrimlar buni o‘zaro yashirin kelishuv dedi. Sal o‘tmay Tashiyev qaytib keldi va tergov boshlandi. Tabiatan bahsli masalalarni tinch va ziddiyatlarsiz hal qilishni ma’qul ko‘rishini aytgan Japarov unga sog‘lig‘iga e’tibor berishini aytib, u bilan do‘st bo‘lib qolishini gapirib chiqdi. Hamma «oqsoqollar va ko‘ksoqollar»ni tozalab, hukumatni tartibga keltirishini urg‘ular ekan, Japarov qandaydir ma’noda bunga erishdi ham.

Tahlilchilar Japarov aynan mamlakatdagi to‘s-to‘polon ortidan prezident bo‘lgani, bu orqali yetarli xulosalar chiqargani sabab endi xuddi shu voqea o‘z hayotida takrorlanishi mumkinligidan xavotirga tushib, «tozalash» qilganini aytyapti. Vaziyat qanday kechishi mumkin? So‘nggi yillarda davlat rahbari faqat mitinglar, ichki nizolar sabab almashayotgan Qirg‘izistonda yana bir hokimiyat to‘ntarilishi bo‘lishi mumkinmi? Fikringizni yozib qoldiring, voqealar rivojini «Vaqt.uz» bilan kuzating.





