Qirg‘iziston Markaziy Osiyodagi investitsiya taqsimotidan norozi
So‘nggi o‘n yilliklarda Markaziy Osiyoga kiritilgan investitsiyalarning katta qismi Qozog‘iston va O‘zbekistonga yo‘naltirilgan.
© Foto: sputnik.kgSo‘nggi 30 yil davomida Markaziy Osiyoga yo‘naltirilgan jami investitsiyalarning qariyb 95 foizi Qozog‘iston va O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelgan, Qirg‘iziston va Tojikiston esa bu jarayonlardan chetda qolib ketgan.
Bu haqda Qirg‘izistonning Germaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi Omurbek Tekebayev Jogorku Keneshning tegishli qo‘mitasi yig‘ilishida ma’lum qildi.
Yangi geosiyosiy imkoniyatlar
Uning ta’kidlashicha, geosiyosiy vaziyat o‘zgarishi Qirg‘iziston uchun yangi imkoniyatlar ham yaratgan. Xususan, Rossiya–Ukraina urushi boshlanganidan so‘ng Yevropa davlatlarining Qirg‘izistonga nisbatan ustuvor yo‘nalishlari sezilarli darajada o‘zgargan. Bu esa Qirg‘iziston va Germaniya o‘rtasidagi savdo aloqalarining keskin o‘sishiga olib kelgan.
Ma’lum qilinishicha, 2018 yilda ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi atigi 70–80 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich 429 milliondan 733 million dollargacha yetgan. Bu esa rasmiy ma’lumotlarga qarab 5 baravardan 10 baravargacha o‘sishni anglatadi.
Sanksiyalar va savdo
Elchi mazkur o‘sishni Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni aylanib o‘tish holatlari bilan bog‘ladi. Biroq so‘nggi paytlarda sanksiyalar siyosatidagi o‘zgarishlar fonida savdo hajmi yana pasayish tendensiyasini ko‘rsata boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11-fevral kuni Berlinda «C5+1» formatida Markaziy Osiyo davlatlari va Germaniya Tashqi ishlar vazirlari ilk bor uchrashdi. Unda Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

