San’atkorlar "bechora"mi?

Bugun 20:274 daqiqa

To‘yda dollar, soliqda nol: San’atkorlar uchun “imtiyozli hayot” tugaydimi?




U, shuningdek, mualliflik huquqlari masalasini ham ko‘tardi. Uning aytishicha, o‘zining qo‘shiqlari yillar davomida turli tadbirlarda, to‘ylarda ijro etilib kelinmoqda, biroq buning uchun deyarli hech qanday haq olinmagan.

«Avval qo‘shiqlarim uchun haqni yig‘ib beringlar, keyin soliq haqida gapiringlar», — dedi Yulduz Usmonova.

U yakunda mas’ullarga murojaat qilib, san’atni qo‘llab-quvvatlash, mualliflik huquqlarini himoya qilish va soliq siyosatini soha xususiyatlaridan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi.

Taklif qilinayotgan loyihaga qarshi san’at vakillari ko‘p bo‘lishiga qaramay, bu tartibni qo‘llab-quvvatlovchilar ham topilmoqda.

Xonanda Davron Ergashev san’atkorlar xalqning aksariyat qismidan ko‘p daromad qilishini ta’kidlab, soliq to‘lashga ijobiy qarashini bildirib o‘tdi.

Soliq to‘lashga rozi bo‘lib, shart qo‘yayotgan san’atkorlar ham yo‘q emas albatta.

“Bir san’atkor fuqaro sifatida shu mamlakat yo‘llarida yuryapmiz, maza qilib yashayapmiz, hayotimdan mamnunman. Bular uchun topgan pulimning bir qismini to‘lashim kerak bo‘lsa, bosh ustiga. Lekin keyin meni hech kim bezovta qilmasin, soliq to‘lovchi sifatida mustaqil inson bo‘lay. Kimdir yuqoridan aytdi, falon joyga bor, deyishmasin. Nega men birovning to‘yiga bepul borishim kerak? Pulini bersin — borib qo‘shiq aytaman, solig‘ini ham to‘layman», — deya ta’kidladi xonanda.

Uning qayd etishicha, xonandalar daromadidan soliq olish tizimi ishga tushgach, “O‘zbekkonsert” tashkiloti va litsenziya tizimi tugatilishi kerak.

“Xo‘p, bizga soliq belgilanyapti. “O‘zbekkonsert” nima bo‘ladi? San’atkorlar mustaqil ijodkor sifatida bu tashkilot bilan aloqa qilmasligining iloji bormi? “O‘zbekkonsert”dan qutulishimiz mumkinmi? Bir musiqachi sifatida “O‘zbekkonsert”ning menga keragini his qilmayman, hech qanday. Faqat ba’zan xizmatlarga taklif etishadi. Lekin u bizga xalaqit qilishi mumkin, o‘sha paytda borolmasak, qanaqadir muammo kelib chiqishi mumkin. Buni hammamiz juda yaxshi bilamiz, bunday muammolarni ochiq aytish kerak”, — deydi u.

“Bu gaplarimni “O‘zbekkonsert”dagilar noto‘g‘ri tushunar, bu ularning muammosi. Men har doim rost gapiradigan insonman. Mayli, biz soliq to‘laylik, lekin “O‘zbekkonsert” bilan hamkorlik qilmaylik. Bu tashkilot tomonidan o‘z haq-huquqimni himoya qilingan, deb hisoblamayman. To‘g‘ri, ular hozirgi paytda meni hech qanday majburiy bir ishga jalb etishmadi. Oldin esa bor edi, qaysidir to‘yga bormasangiz, litsenziyadan mahrum qilishardi. Hatto jinoiy javobgarlikka tortilgan paytlarim ham bo‘lgan. Hozirgi vaqtda “O‘zbekkonsert” biz bilan yaxshi munosabat qiladi. Lekin ushbu tashkilotga nisbatan menda psixologik travma qolgan”, — deya qo‘shimcha qildi Jahongir Otajonov.

San’atkorlar sahnada “Odamlar bizga erishadi, bizni tinglaydi, kiyimimizni ko‘radi, hayot tarzimizni targ‘ib qiladi” deb faxrlanadi. Lekin soliq to‘lashga kelganda “Biz ijodkormiz, bizga og‘ir” deyishmoqda.

Endi eng qiziq tomoni, agar bu tartib joriy etilsa soliq qancha bo‘ladi?

San’at vakillari tomonidan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash tartibi qolganlarnikidek 12 foiz ko‘rinishida bo‘lmaydi. Hukumat bu uchun ham tizim taklif qilmoqda.

Hamma san’atkor ham bir xil daromad topmaydi. Shunday ekan yangi tizimda reyting guruhlari bejiz kiritilmagan.

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabrdan 2029-yil 1-yanvarga qadar «bir xizmat – bir to‘lov» miqdorlari hududlarga qarab farq qiladi va san’atkorlar reyting toifalariga bo‘linadi.

I reyting guruhi san’atkorlar qishloq joylarda bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1 barobari — 412 ming so‘m soliq to‘lasa, shahar joylarda BHMning 3 barobari miqdorida — 1 mln 236 ming so‘m budjetga to‘lov qiladi. Bu chet el valutasida 100 dollarga ham bormaydi.

III reyting guruhi vakillari esa qishloq joylarda BHMning 0,25 barobarida, 103 ming so‘m miqdorida soliq to‘lashi kerak bo‘ladi.

Bunda to‘lovlar bepul asosda xizmat ko‘rsatilgan taqdirda ham undiriladi. Biroq, Madaniyat vazirligi tomonidan davlat tadbirlariga bepul jalb qilingan hollar bundan mustasno.

Taklif qilinayotgan tizimda hududlardagi iqtisodiy holat va san’at vakillarining reytingi, bu orqali topadigan daromadi inobatga olingan.

Hamma kabi 12 foizli daromad solig‘i 2029-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi. Ungacha san’at vakillarida moslashish uchun bir necha yil vaqt bo‘ladi.

Soliq — bu shunchaki qonuniy majburiyat emas. Bu sivilizatsiyalashgan jamiyatda yashash uchun to‘lanadigan ijtimoiy ijara haqi va fuqaro bilan davlat o‘rtasidagi ijtimoiy shartnomadir. Har bir inson xavfsiz ko‘chalar, sifatli ta’lim va zamonaviy infratuzilmadan foydalanar ekan, bu ne’matlarning davomiyligi uchun o‘z hissasini qo‘shishi adolatning asosiy mezoni hisoblanadi. Soliqdan qochish esa jamiyatning umumiy hamyoniga nisbatan befarqlikdir. Lekin bu ikki tomonlama majburiyat: fuqarolar to‘lasa, davlat ham yig‘ilgan pullarni shaffof va samarali sarflashi kerak.

Yulduzlik — daxlsizlik emas. San’atkor ham oddiy fuqaro. Qisqa qilib: qonun oldida hamma teng.

Teglar

Feruza Najmiddinova

Feruza NajmiddinovaMaqolalar soni: 11

Barchasi

Mavzuga oid

San’atkorlar "bechora"mi? | Vaqt.uz