
Qirg‘iziston parlamenti tarixda ilk bor o‘zini o‘zi tarqatib yuboradi
25.09.2025 | 15:0041424
Qirg‘iziston Jogorku Keneshning Konstitutsiya va huquq masalalari qo‘mitasi parlamentning o‘zini o‘zi tarqatish tashabbusini ko‘rib chiqib, hujjatni muvofiqlashtiruvchi kengashga yubordi.

Qirg‘iziston parlamenti — Jogorku Kenesh — o‘zini o‘zi tarqatish masalasini muhokama qilishda yangi bosqichga o‘tdi. Konstitutsiya va huquq masalalari qo‘mitasi tashabbusni ko‘rib chiqib, uni muvofiqlashtiruvchi kengashga taqdim etdi.
Mazkur masala yuzasidan ma’ruza qilgan deputat Ulan Primov ikki yil ketma-ket yirik saylovlar o‘tkazilishi siyosiy barqarorlikka xavf solishi mumkinligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, 2026 yil noyabrida parlament saylovlari, 2027 yil yanvarda esa prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tishi belgilangan.
Primovning ta’kidlashicha, bu kabi yirik siyosiy jarayonlar ortiqcha moliyaviy, inson va texnik resurslarni talab qiladi. Bu esa saylov tizimida xatolar yoki qonunbuzarliklarga olib kelishi mumkin.
«Davlatda barcha hokimiyat tarmoqlari to‘liq kuch bilan ishlashi shart. Ikki yirik saylov kompaniyasini ketma-ket tashkil etish ortiqcha yuk bo‘ladi», — dedi u.Qo‘mitadagi muhokamalardan so‘ng hujjat muvofiqlashtiruvchi kengashga yuborildi. Unda parlamentning o‘zini tarqatishiga doir qaror qabul qilish muddati belgilanishi kutilmoqda. Bu jarayon Qirg‘izistonda siyosiy jarayonlarni tezlashtirishi hamda yangi saylovlarga zamin yaratishi mumkin. Muddatidan oldingi saylovlar esa Konstitutsiyada belgilanganidek, 40–65 kun ichida o‘tkazilishi lozim. Avvalroq Qirg‘izistonning sobiq ombudsmani va huquq himoyachisi Tursunbek Akun Jogorku Kenesh deputatlariga ochiq maktub yo‘llab, o‘z mandatini oxirigacha bajarishga chaqirgan. U parlamentning o‘zini o‘zi tarqatishi demokratik qadriyatlar va xalq ishonchiga zarar yetkazishi mumkinligini aytgan.
«Bu holda siz parlament sifatida o‘zingizni yo‘qotgan va manqurtlar sifatida tarixda qolish xavfiga duch kelasiz», — deya ta’kidlagan Tursunbek Akun.





